Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Jinoiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 1-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi respublika sudlari tomonidan jinoiy jazo choralarini qoʻllash boʻyicha asosan qonuniylik taʼminlanganligini taʼkidlaydi.
Ogʻir jinoyatlar sodir etganlar, retsidivistlar, jinoiy guruhlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan jazo tayinlashda qonun kuchidan toʻla foydalanish, javobgarlikning muharrirligini taʼminlash jinoyatchilik darajasining, ayniqsa oʻta ogʻir va boshqa turdagi xavfli jinoyatlarning kamayishiga olib keldi. Shuning bilan birgalikda, keyingi vaqtlarda koʻp hollarda sudlanganlarga nisbatan asossiz ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmoqda.
Ijtimoiy xavflilik darajasi katta boʻlmagan jinoyatlar sodir etgan, jamiyatdan ajratilmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin boʻlgan shaxslar, ayniqsa ayollar va voyaga etmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllash holatlari kuzatilmoqda. Bunday holat qonunda belgilangan odillik prinsipining buzilishiga olib kelmoqda.
Ayrim sudyalarning qatʼiyatsizligi dastlabki tergov jarayonida hibsda saqlangan shaxslarga, qoida tariqasida, ozodlikdan mahrum qilish jazosining tayinlanishiga sabab boʻlmoqda. Sudyalar koʻpincha qonunga xilof ravishda aybdorlarga nisbatan jarima, qamoq, axloq tuzatish ishlari kabi jazo turlarini qoʻllash, ularni shartli hukm qilish masalalarini muhokama qilmayaptilar. Zararning ixtiyoriy ravishda qoplanganligi jazoni yengillashtiruvchi holat hisoblanishi haqidagi qonun talabi har doim ham aybdorlarga tushuntirilmayapti.
Koʻpgina sudyalar jazo tayinlashda Jinoyat kodeksining odillik va insonparvarlik kabi muhim prinsiplariga rasman yondashmoqdalar.
Jinoiy ishlarni sud muhokamasiga tayinlashda Jinoyat-protsessual kodeksining 396-moddasi talablariga xilof ravishda ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot choralarining toʻgʻri tanlanganligi masalasini muhokama qilmaslik oqibatida shaxslarning yetarli asoslarsiz hibsda saqlanib kelganliklari yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holatdir. Ayblanuvchi (sudlanuvchi)larga nisbatan ehtiyot choralarini tanlashda ularni jamiyatdan ajratmagan holda oʻz majburiyatlariga rioya qilishlarini taʼminlovchi samarali usullardan biri hisoblangan garov ehtiyot chorasi toʻgʻrisidagi qonun talabi tergov organlari va sudlar tomonidan bajarilmayapti.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi jazo choralarining toʻgʻri qoʻllanishi yuzasidan nazoratni susaytirganlar. Ular ishlarni apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida koʻrishda qonun buzilishlarini bartaraf qilish oʻrniga, koʻp hollarda oʻzlari ham kamchiliklarga yoʻl qoʻymoqdalar.
(muqaddimaning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
Koʻrsatilgan va boshqa jiddiy kamchiliklar asosan sudlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 19-iyuldagi “Jinoiy jazo choralarini tayinlash amaliyoti haqida”gi 16-sonli qarorining yetarli darajada bajarilmasligi oqibatidir.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf qilish, jinoiy jazo choralarini qoʻllashda alohida yondashish prinsipini amalga oshirish maqsadida, Plenum qaror qiladi:
1. Jinoiy jazo choralarini qoʻllashda qonun talablariga soʻzsiz rioya etilishi odil sudlovning eng muhim vazifalaridan biri ekanligi va faqat odilona jazo qoʻllashgina inson huquqlari boʻyicha demokratik institutlarni rivojlantirishning kafolati boʻlib xizmat qilishi uqtirilsin.
2. Sudlar respublikada barqaror vaziyatni buzmoqchi boʻlganlar, ekstremistlar, shuningdek jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi oʻta ogʻir jinoyat sodir qilganlar va boshqa xavfli retsidivistlar, jinoiy guruhlarning tashkilotchilari va faol ishtirokchilariga nisbatan jazo tayinlashda qonun kuchidan toʻla foydalanishi kerak.
Shuning bilan birgalikda, jamiyatdan ajratilmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin boʻlgan shaxslarga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni tayinlash holatlarini bartaraf etish uchun sudlov asosiga insonparvarlik va odillik prinsiplari qoʻyilmogʻi lozim.
3. Shaxsni ozodlikdan mahrum qilish masalasi jazoni yengillashtiruvchi va ogʻirlashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olgan holda sud hukmida har tomonlama va batafsil asoslantirilmogʻi lozim. Jinoyat qonuni sanksiyasida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo turlari ham nazarda tutilgan boʻlsa, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qanday holatlarni inobatga olgan holda qoʻllanilganligi hukmda albatta koʻrsatilishi shart. Bu talablar ayollar va voyaga etmaganlarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga jazo tayinlashda yanada koʻproq eʼtibor berishni taqozo qiladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli qarori tahririda)
4. Sudlar jazo tayinlashda aybdorlarga nisbatan dastlabki tergov jarayonida hibsda saqlash tariqasidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilganligi holatiga bogʻlanib qolmasliklari zarur.
Jinoiy ishlarni sud muhokamasiga tayinlashda, Jinoyat-protsessual kodeksining 396-moddasi talabiga koʻra, har bir jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchilarga nisbatan ehtiyot choralarining toʻgʻri tanlanganligini aniqlash majburiyati ogʻishmay bajarilishi shart.
Ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash asossiz qoʻllanilgan har bir holat yuzasidan sudlar tegishli munosabat bildirishlari zarur.
5. Jinoyat-protsessual kodeksining 249-moddasida belgilangan va ehtiyot chorasining bir turi hisoblangan garov, yaʼni pul mablagʻi yoki qimmatbaho buyumlarning tergov organi yoki sudning depozit hisob raqamiga topshirilishi ayblanuvchi (sudlanuvchi)larni jamiyatdan ajratmagan holda oʻz majburiyatlariga rioya qilishlarini taʼminlovchi samarali usul ekanligi dastlabki tergov organlari va sudlarga tushuntirilsin. Shunga koʻra, ishlarning tergov qilinishi va sudda koʻrilishi chogʻida tergov organi va sud ayblanuvchi(sudlanuvchi), uning qarindoshlari, boshqa fuqarolar yoki yuridik shaxslarga garovga qoʻyish huquqlarini tushuntirishga majburdir.
Garovni ehtiyot chorasi tariqasida qoʻllashni qabul qilishni rad etish haqidagi tergov organi va sudning xulosasi, jarayonning har qanday bosqichida tegishli qaror yoki ajrim chiqarish yoʻli bilan asoslantirilgan boʻlishi kerak.
6. Jarima, qamoq, axloq tuzatish ishlari va boshqa turdagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jinoiy jazo choralarini qoʻllash sudlanganlarni axloqan tuzatishning samarali usuli ekanligiga eʼtibor qaratilsin.
Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar aybdor shaxslarga yoki ularning vakillariga moddiy zararning ixtiyoriy ravishda qoplanishi jazoni yengillashtiruvchi alohida holat hisoblanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qoʻllamaslikka asos boʻla olishini tushuntirishga majburdirlar.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining faoliyati eng avvalo odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylik taʼminlanganligini, shu jumladan jinoiy jazo choralarining asosli tayinlanganligini nazorat qilishga qaratilmogʻi kerak. Bu yoʻnalishdagi ishlar doimo tahlil qilib borilishi, aniqlangan xatolar tezlikda bartaraf qilinishi zarur.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qarori tahririda)
8. Konstitutsiyaning 82-moddasiga binoan qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etish uchun tayyorlangan Jinoyat kodeksining baʼzi normalarini liberallashtirishga yoʻnaltirilgan Oliy sudning takliflari maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi U. MINGBOYEV
Plenum kotibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi A. MUHAMMADIYEV
Toshkent sh.,
1999-yil 14-may,
11-son