OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYOSATINING
Qarori
Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-sonli “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. YUSUPOV
Toshkent sh.,
2015-yil 20-mart,
214/8-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-martdagi 214/8-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-sonli “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-sonli “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalarini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Doktorlik dissertatsiyasini rasmiylashtirishda quyidagi umumiy talablarga rioya qilinishi lozim:
Keyingi tahrirga qarang.
matn tahririy jihatdan ravon, xatosiz va uni rasmiylashtirishga qoʻyiladigan talablarga muvofiq hamda mantiqiy bogʻliqlikda boʻlishi;
dissertatsiyaning tarkibiy qismlari bir-biri bilan oʻzaro bogʻliqlik va aloqadorlikda hamda tushunarli ravishda mantiqiy izchillikda yoritilishi;
har bir bobda ishning mazmun-mohiyati tadqiqotning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda tizimli ravishda ochib berilishi;
har bir bobning oxirida tadqiq qilingan muammolar boʻyicha xulosa va takliflar berilishi;
bayon qilingan xulosa dissertatsiya tadqiqotining mantiqiy hosilasi sifatida ishonchli manbalar asosida aniq va qisqa ifodalanishi, chuqur fikr-mulohazalar, yetarli ilmiy dalillar asosida isbotlangan boʻlishi va dissertatsiyaga kiritilishi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferatida tadqiqotning maqsadi va vazifalaridan kelib chiqqan holda ishning ilmiy yangiligi, amaliy natijalari va ilmiy natijalarining amaliyotga joriy etilganligi hamda ishning mohiyati ochib berilganligi, shuningdek xulosalari bayon etilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Doktorlik dissertatsiyasini rasmiylashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
1-§. Doktorlik dissertatsiyasiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
3. Dissertatsiyani rasmiylashtirish katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchining tanlovi boʻyicha oʻzbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan kelishgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Dissertatsiyaning titul varagʻi mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Dissertatsiya quyidagi tarkibiy qismlardan iborat boʻlishi lozim:
mundarija;
kirish (doktorlik dissertatsiyasi annotatsiyasi);
Keyingi tahrirga qarang.
asosiy qism;
xulosa;
foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati;
shartli belgilar va atamalar roʻyxati (mavjud boʻlsa);
ilovalar (mavjud boʻlsa).
6. Dissertatsiyaning mundarijasida boblar va paragraflarning nomlanishi hamda ularning beti koʻrsatiladi.
7. Dissertatsiyaning kirish qismi tadqiqotning mohiyati toʻgʻrisida qisqa, lekin yaxlit tasavvur hosil qilishga imkon berishi kerak. Mazkur qismda dissertatsiya tadqiqoti mohiyatini tavsiflaydigan asosiy maʼlumotlar puxta tahrir qilingan, qisqa, aniq va ravon boʻlishi kerak.
8. Dissertatsiyaning kirish qismida quyidagilar yoritib berilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati;
tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yoʻnalishlariga bogʻliqligi;
dissertatsiyaning mavzusi boʻyicha xorijiy ilmiy-tadqiqotlar sharhi;
muammoning oʻrganilganlik darajasi;
dissertatsiya mavzusining dissertatsiya bajarilayotgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bogʻliqligi;
tadqiqotning maqsadi;
tadqiqotning vazifalari;
tadqiqotning obyekti;
tadqiqotning predmeti;
tadqiqotning usullari;
tadqiqotining ilmiy yangiligi;
tadqiqotning amaliy natijasi;
tadqiqot natijalarining ishonchliligi;
tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati;
tadqiqot natijalarining joriy qilinishi;
tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi;
tadqiqot natijalarining eʼlon qilinishi;
dissertatsiyaning hajmi va tuzilishi.
9. Dissertatsiyaning asosiy qismida ishning mazmun-mohiyati bayon qilinadi. Asosiy qism — boblar va paragraflardan tashkil topadi.
10. Dissertatsiyaning asosiy qismi kamida toʻrtta bobdan iborat boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Dissertatsiya xulosasida dissertatsiya tadqiqoti boʻyicha umumlashtirilgan xulosa, fikr, taklif hamda tavsiyalar qisqa va aniq keltiriladi. Xulosa tahririy jihatdan puxta, qisqa, aniq va ravshan ifodalanib, bandlangan (raqamlangan) holda rasmiylashtiriladi.
12. Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati dissertatsiya matnida havola qilingan barcha ilmiy va boshqa nashrlar roʻyxatidan iborat boʻlishi kerak.
13. Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati quyidagi uch qismdan iborat boʻladi:
normativ-huquqiy hujjatlar va metodologik ahamiyatga molik nashrlar;
monografiya, ilmiy maqola, patent, ilmiy toʻplamlar;
foydalanilgan boshqa adabiyotlar.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati alifbo, sistematik yoki matnda havola qilinishi ketma-ketligi tarzida keltiriladi.
Dissertatsiyada foydalanilmagan va havola qilinmagan adabiyotlarni roʻyxatga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Dissertatsiyada foydalangan materiallar manbai, uning muallifi va nomi toʻliq koʻrsatilishi lozim. Dissertatsiyada ilmiy ish yozishda ishtirok etgan hammualliflarning gʻoya yoki ishlanmalaridan foydalanilgan taqdirda, ular dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatida qayd etilishi shart.
15. Dissertatsiyaning shartli belgilar va atamalar roʻyxati qismida dissertatsiya matnida nisbatan koʻp uchraydigan maxsus belgilar va qisqartma soʻzlarga izoh berilishi kerak.
16. Dissertatsiyaning ilovalari dissertatsiyaning asosiy matni bilan birga bitta jildga jamlangan yoki alohida jild shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Ilovalarga dissertatsiya matnini toʻldiradigan va tasvirlaydigan yordamchi materiallar kiritilishi mumkin.
Ilovalarning ketma-ketligi dissertatsiya matnida ularga havola qilish tartibiga mos kelishi kerak.
2-§. Doktorlik dissertatsiyasi matnining rasmiylashtirilishiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
17. Dissertatsiya matni 200 sahifadan oshmasligi kerak. Ijtimoiy-gumanitar fanlar yoʻnalishidagi dissertatsiya hajmi koʻpi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin. Mundarija, foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati, shartli belgilar va atamalar roʻyxati hamda ilovalar koʻrsatilgan hajmga kiritilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Dissertatsiya matni A4 formatdagi qogʻoz varagʻining bir tomonida joylashishi va qoida tariqasida, standart varaq 1,5 qator oraligʻida (“polutorniy”) yozilishi lozim. Har bir bet: yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Matnni kompyuter vositasida bosib chiqarishda “Times New Roman” 14 oʻlchamli shriftda “Misrosoft Word” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
19. Betlar titul varagʻidan boshlab oxirgi varaqgacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki oʻng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varagʻiga 1 raqami qoʻyilmaydi.
20. Dissertatsiyaning mundarijasi, kirish qismi, har bir bobi, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.
21. Dissertatsiya tarkibiy qismlarining bosh sarlavhalari (“Mundarija”, “Kirish”, “Xulosa”, “Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati” va boshqalar) bosh harflarda yoziladi.
22. Boblar rim raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega boʻladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega boʻladi.
Boblar va paragraflar sarlavhalarining yuqori va pastki qismidan 12 oʻlchamli (“pt”) oraliq qoldirilishi kerak.
23. Dissertatsiya matnida foydalanilgan adabiyotlardan olingan materialga havola qilinganda, uning foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidagi tartib raqami va shu adabiyotga iqtibos material joylashgan bet qavs ichida, dissertatsiya matnining oʻzida alohida koʻrsatiladi (masalan: [1; 25 — 26-b.]).
Keyingi tahrirga qarang.
24. Surat, fotosurat, grafik, chizma, diagramma va shu kabilar “rasm” soʻzi bilan ifodalanib, ular varaqda koʻrish uchun qulay tarzda joylashtirilishi kerak.
25. Rasmlar ular joylashgan boblar tartib raqami koʻrsatilgan holda, izchil ketma-ketlikda, rasmning pastida oʻrta qismida raqamlanadi (masalan: “1.1-rasm.”), ilovalarda keltirilgan rasmlar bundan mustasno.
Har bir rasm nomlanishi kerak. Rasmning nomi uning ostiga yoziladi.
Zarur hollarda rasmga izoh berilishi mumkin va u ham rasmning ostiga qoʻyiladi.
26. Raqamli materiallar jadval koʻrinishida rasmiylashtirilishi mumkin. Jadvallar ular joylashgan boblar tartib raqami koʻrsatilgan holda, izchil ketma-ketlikda, jadvalning tepa oʻng burchak qismida raqamlanadi (masalan: “1.1-jadval.”).
Keyingi tahrirga qarang.
Har bir jadval nomlanishi kerak. Jadvalning nomi uning ustiga yoziladi.
27. Dissertatsiya matnida beriladigan formulalar (tenglamalar) “Misrosoft Word” matn redaktorining “Formula” funksiyasi yordamida aniq yozilgan boʻlishi shart. Katta va kichik harflar, yuqori va pastki indekslar formulada aniq berilishi kerak.
Formula uchun belgilarning oʻlchami quyidagicha ifodalanishi tavsiya etiladi:
katta harflar va raqamlar 5-6 mm;
kichik harflar 3 mm dan kam boʻlmagan;
daraja koʻrsatkichlari va indekslari 2 mm dan kam boʻlmagan hajmda.
Formula va tegishli material “LaTeX” formatida berilishi mumkin.
Belgilarning maʼnolari bevosita formula ostida ularning formuladagi ketma-ketligi boʻyicha beriladi. Har bir belgining maʼnosi yangi qatordan berilishi lozim. Berilgan maʼnolarning birinchi qatori “bunda” degan soʻz bilan ikki nuqtasiz boshlanadi.
Formulalar matndan alohida boʻsh qatorlar bilan ajratib yoziladi. Har bir formulaning yuqori va pastki tomonlaridan 12 oʻlchamli (“pt”) oraliq qoldirilishi kerak.
Agar tenglama bitta qatorga sigʻmasa, sigʻmagan qism tenglik belgisi “=” yoki qoʻshish “+”, ayirish “–”, koʻpaytirish “x” va boʻlish “:” belgilaridan keyin koʻchirilishi kerak.
Har bir formula u joylashgan bob tartib raqami koʻrsatilgan holda, izchil ketma-ketlikda, formulaning oʻng tomonida qavs ichida raqamlanadi (masalan: “(1.1)”).
28. Dissertatsiya matnida koʻrsatilgan rasm, jadval yoki formulaga havola qilinganda, qavs ichida tegishli rasm, jadval yoki formulaning raqami (belgisi) keltirilib, “qarang” degan soʻz qoʻllaniladi (masalan: (“1.3-jadvalga qarang”).
29. Dissertatsiya matnida beriladigan izohlar izchil ketma-ketlikda raqamlanadi (masalan: “Izoh 1.:”).
30. Dissertatsiya matnida koʻrsatilgan shaxslarning F.I.O. hamda tashkilot va mahsulotlarning nomlari va boshqa atoqli otlar oʻzgartirilib yozilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Dissertatsiyaning ilovalari alohida betlarda rasmiylashtirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi va “ilova” degan soʻz bilan ifodalanadi (masalan: “1-ilova”). Ilova tegishli sarlavhaga ega boʻladi.
Ilovalar dissertatsiyadan alohida jildda rasmiylashtirilganda, jildning titul varagʻida dissertatsiya mavzusining nomi va uning ostida bosh harflar bilan “Ilovalar” degan soʻz yoziladi.
3-bob. Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferatini rasmiylashtirish
Keyingi tahrirga qarang.
1-§. Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferatiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
32. Dissertatsiya avtoreferati risola koʻrinishida tayyorlanib, uning muqovasi mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi. Bunda asosiy muqovasi oq-yaltiroq qogʻozda va ichki muqovalari (oʻzbek, rus va ingliz tillarida alohida) oq qogʻozda rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Dissertatsiya avtoreferati asosiy muqovasining orqa tomonida dissertatsiya avtoreferatining mundarijasi koʻrsatiladi.
34. Ichki muqovalarning orqa tomoni mazkur Qoidalarning 3-ilovasiga muvofiq shaklda, tegishlicha rus va ingliz tillariga tarjima qilingan holda rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Dissertatsiya avtoreferati quyidagi tarkibiy qismlardan iborat boʻlishi lozim:
kirish (doktorlik dissertatsiyasi annotatsiyasi);
Keyingi tahrirga qarang.
dissertatsiyaning asosiy mazmuni;
xulosa;
eʼlon qilingan ishlar roʻyxati.
36. Dissertatsiya avtoreferatining kirish qismi dissertatsiyaning kirish qismi bilan aynan bir xil boʻlishi lozim.
37. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni qismida dissertatsiyaning mohiyati qisqacha bayon qilinib, tadqiqot maqsadiga erishilganligi va vazifalarining bajarilganligi koʻrsatib berilishi kerak.
38. Xulosa qismida dissertatsiya tadqiqoti boʻyicha xulosalar, taklif va tavsiyalar hamda amaliyotga joriy etilishi mumkin boʻlgan natijalar keltiriladi.
39. Eʼlon qilingan ishlar roʻyxatida dissertatsiya mavzusi boʻyicha chop etilgan ilmiy ishlar roʻyxati koʻrsatiladi. Ular quyidagi xronologik tartibda keltirilib izchil ketma-ketlikda raqamlanadi:
monografiya;
patent;
ilmiy maqola;
ilmiy toʻplamlar va boshqa nashr ishlari.
40. Nashr qilingan ilmiy ishlar roʻyxati quyidagi ikki boʻlimdan iborat boʻlishi lozim:
birinchi boʻlimda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan doktorlik dissertatsiyalarining asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan roʻyxatdagi ilmiy nashrlarda chiqarilgan ilmiy ishlar va olingan patentlar koʻrsatiladi. Bunda koʻrsatilgan har bir ilmiy ishning fan tarmogʻi shifri va chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʻyxatidagi tartib raqami qavs ichida yozib qoʻyiladi (masalan: 01.00.00; № 15);
Keyingi tahrirga qarang.
ikkinchi boʻlimda — boshqa ilmiy nashrlar.
41. Zarur hollarda, avtoreferatda muhim boʻlgan rasm, jadval hamda formulalar va shu kabilar koʻrsatilishi mumkin. Ular butun avtoreferat boʻyicha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi.
2-§. Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati matnining rasmiylashtirilishiga qoʻyiladigan talablar
Keyingi tahrirga qarang.
42. Dissertatsiya avtoreferati xalqaro ekspertizadan oʻtkazish va ilmiy yutuqlarni targʻib qilish maqsadida oʻzbek, rus va ingliz tillarida 4,5 bosma taboq, xususan, oʻzbek, rus va ingliz tillarida har biri bir yarim bosma taboq hajmda tayyorlanadi. Ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi dissertatsiya avtoreferatining hajmi koʻpi bilan 30 foizga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
43. Dissertatsiya avtoreferati quyidagi texnik talablarga muvofiq tayyorlanadi va risola shaklida chop etiladi:
matni A4 formatdagi qogʻoz varagʻining bir tomonida joylashtiriladi;
standart varaq 1 qator oraligʻida (“odinarniy”) yozilishi lozim. Har bir bet: yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1 sm ga teng va bir xilda boʻladi;
risolaning oʻlchami 21,5 x 14,5 sm boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Betlar asosiy muqovadan boshlab oxirgi varaqgacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki oʻng burchagida “5” raqamidan boshlab yoziladi. Asosiy muqova va uning orqa tomoni hamda ichki muqovalar va ularning orqa tomonlariga tegishli betning raqami qoʻyilmaydi.
45. Dissertatsiya avtoreferati tarkibiy qismlarining bosh sarlavhalari (“Mundarija”, “Kirish (Doktorlik dissertatsiyasi annotatsiyasi)”, “Dissertatsiyaning asosiy mazmuni”, “Xulosa”, “Eʼlon qilingan ishlar roʻyxati”) bosh harflarda yoziladi. Ularning tagidan 12 oʻlchamli (“pt”) oraliq qoldirilishi kerak.
46. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Kelishilgan:
Madaniyat va sport ishlari vaziri v. v. b B. AXMEDOV
2015-yil 16-mart
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. VAHABOV
2015-yil 16-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 16-mart
Xalq taʼlimi vaziri U. INOYATOV
2015-yil 17-mart
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Sh. TESHAYEV
2015-yil 17-mart
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2015-yil 17-mart
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2015-yil 18-mart
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi raisi Sh. SALIXOV
2015-yil 18-mart
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijro apparati rahbari O. PARPIYEV
2015-yil 18-mart
Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Doktorlik dissertatsiyasi titul varagʻining
SHAKLI
Keyingi tahrirga qarang.
Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati muqovasining
SHAKLI
Keyingi tahrirga qarang.
Doktorlik dissertatsiyasi va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalariga
3-ILOVA
3-ILOVA
Doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati muqovasi orqa tomonining
SHAKLI
Izoh: mazkur Shakl “Times New Roman” matn redaktorining 11 oʻlchamli shriftda rasmiylashtiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.