Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ruminiya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Avtomobil yoʻllarida tranzit tashish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ruminiya Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
savdo va iqtisodiy munosabatlarni oʻzaro manfaatli rivojlantirishga koʻmaklashish istagini bildirib, oʻz hududlaridagi tranzit avtomobil yoʻllarini yaxshilash va tartibga solib turish maqsadida, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatdorlik asosida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Qoʻllanish sohasi
Qoʻllanish sohasi
1. Ushbu Bitim qoidalari ikkala davlatdan birining hududida roʻyxatdan oʻtgan naqliyot vositalari bilan ikkinchi davlat hududi orqali tranzit yuk tashilayotganda amal qiladi.
2. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzlari qatnashadigan xalqaro avtomobil yoʻllarida yuk yoki yoʻlovchi tashish sohasidagi boshqa ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama bitimlarda belgilangan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitimda:
“yuk tashuvchi” atamasi asosiy joyi Oʻzbekiston Respublikasi yoki Ruminiyada boʻlgan va naqliyot vositasi roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatda amal qiluvchi milliy qonunchilikka muvofiq boshqalar yoki oʻz hisobidan xalqaro yuk yoki yoʻlovchi tashishni amalga oshirishga ruxsat etilgan har qanday jismoniy yoki huquqiy shaxsni bildiradi.
“naqliyot vositasi” atamasi mexanik shatakka oluvchi avtonaqliyot vositalarining har qanday turini, shuningdek, har qanday yuk tashuvchi tarkibni, tirkama yoki yarim tirkamali shatakchini bildiradi, bunda yuk tashuvchi va shatakchi mashinalar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak. Tirkama yoki yarim tirkama oʻsha davlatda roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki oʻtkazilmagan boʻlishi mumkin.
3-modda
Qoʻllanish sohasi
Qoʻllanish sohasi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan naqliyot vositalari bilan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududidan tranzit holda yuk bilan yoki yuksiz oʻtish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Ruxsatnoma, avtomobil yoʻllaridan foydalanganlik uchun tarif toʻlangach, cheklanmagan miqdorda beriladi.
Zarur boʻlganda Ahdlashuvchi Tomonlar maʼlum miqdordagi ruxsatnomalarni hamjihatlik asosida bunday tariflarni toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etilgan holda berishi mumkin.
2. Tranzit yuk tashish vaqtida Ahdlashuvchi Tomonlardan birining yuk tashuvchisiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida yuk ortishga ruxsat etilmaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining yuk tashuvchisiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan ikki punkt oraligʻida yuk tashishga ruxsat etilmaydi.
4-modda
Naqliyot vositalarining ogʻirligi va oʻlchamlari
Naqliyot vositalarining ogʻirligi va oʻlchamlari
Naqliyot vositasining ogʻirligi, oʻlchamlari yoki oʻqqa tushadigan ogʻirligi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hududida yoʻl qoʻyilgan maksimal limitlardan ortiq boʻlsa, naqliyot vositasi uchun shu Ahdlashuvchi Tomonning mutasaddi organlaridan maxsus ruxsatnoma olinadi. Agar bunday ruxsatnoma naqliyot vositasining belgilangan yoʻnalish boʻyicha harakatini cheklab qoʻysa, yuk tashish faqat ana shu yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladi.
5-modda
Hujjatlarni tekshirish
Hujjatlarni tekshirish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari, oʻzaro kelishgan holda, ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq yuk tashishni tekshirish usulini belgilaydilar.
2. Xalqaro yuk tashishda lozim boʻlgan hujjatlar tegishli naqliyot vositalarida boʻlishi va har bir Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlari talabiga koʻra koʻrsatilishi shart.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida tranzit yuk tashishni amalga oshirayotgan naqliyot vositalari haydovchilari yonida milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomalari, ushbu naqliyot vositalari uchun milliy hujjatlar va xalqaro meʼyorlar talablariga muvofiq boshqa hujjatlar boʻlishi shart.
6-modda
Bojxona qoidalari
Bojxona qoidalari
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan naqliyot vositalari hamda ushbu Bitimda koʻrsatilgan yuk tashishlarda foydalaniladigan tirkama yoki yarim tirkamalar ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududi boʻylab oʻtishiga vaqtinchalik ruxsat etiladi va orqaga olib chiqish sharti bilan bojxona yigʻimlaridan ozod etiladi.
Yuqorida koʻrsatilgan rejim mazkur naqliyot vositalari bilan olib kelinadigan va olib chiqib ketiladigan ehtiyot qismlarga, naqliyot vositasining qoʻshimcha jihozlari va naqliyot yuk tashish uchun lozim boʻlgan meʼyordagi uskunalarga ham taalluqli.
2. Ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan koʻzda tutilgan va naqliyot vositalariga oʻrnatilgan meʼyoriy yoqilgʻi idishlarida joylashgan naqliyot vositalarini boshqarishda va zarur boʻlganida sovutishda ishlatiladigan yonilgʻi va moylash ashyolari yuk olib kelganligi uchun olinadigan bojxona yigʻimlaridan ozod etiladi va ularni olib kirishda cheklash va taqiqlash choralari koʻrilmaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga vaqtinchalik kirishiga ruxsat etilgan naqliyot vositasini taʼmirlash uchun olib kiriladigan ehtiyot qismlari bojxona yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladi va olib kirishda cheklash va taqiqlash choralari koʻrilmaydi.
Almashtirilgan yoki ishlatilmagan ehtiyot qismlar qaytarib olib chiqib ketiladi yoki bojxona organlari kuzatuvida yoʻq qilinadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki ikkinchisining davlat chegarasini kesib oʻtayotganda bojxona, chegara, sanitariya va fitosanitariya nazoratiga nisbatan ushbu Ahdlashuvchi Tomon hududida amal qiluvchi milliy qonunchilik va ikkala davlat ham ishtirok etadigan xalqaro bitimlarning qoidalari qoʻllanadi.
7-modda
Vakolatli organlar
Vakolatli organlar
Quyidagilar ushbu Bitim qoidalarini bajarish uchun naqliyot masalalari boʻyicha vakil qilingan mutasaddi organlar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida: “Oʻzavtoyoʻl” davlat- aksionerlik konserni,
Ruminiyada: Naqliyot vazirligi.
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli mutasaddi organ nomidagi har qanday oʻzgarish haqida bir-birlarini xabardor qiladilar.
8-modda
Aralash komissiya
Aralash komissiya
1. Ushbu Bitim qoidalarini koʻrib chiqish va amalga oshirish maqsadida har qaysi Ahdlashuvchi Tomonning mutasaddi organlari vakillaridan tashkil topgan aralash komissiya tuziladi.
2. Aralash komissiya, zarur boʻlganida, mutasaddi organlardan birining iltimosiga binoan, navbati bilan har qaysi Ahdlashuvchi Tomonning davlat hududida yigʻiladi.
9-modda
Yigʻimlar va toʻlovlar
Yigʻimlar va toʻlovlar
1. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻzaro manfaatdorlik asosida yuk tashishni amalga oshirayotgan naqliyot vositalari, ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlari hududlarida amalda boʻlgan qonun va qarorlarga asosan, naqliyot vositalarida harakatlanganlik va ularga egalik uchun va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida yuk tashish uchun olinadigan har qanday maxsus yigʻimlarni toʻlashdan ozod etiladi.
2. Ushbu Bitim qoʻllanishidan kelib chiqadigan barcha toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida toʻlovlar toʻgʻrisida Bitim tuzilsa, shu Bitim qoidalari tatbiq etiladi.
3. Naqliyot vositalaridan xalqaro yoʻllarda foydalanish natijasida olinadigan daromad va naqliyot vositalaridan foydalanishda zarur boʻlgan koʻchirib boʻladigan mol-mulkka, yuk tashishga rahbarlik qiluvchi organ joylashgan davlatda soliq solinadi.
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida ikki tomonlama soliq solishni bartaraf etish toʻgʻrisida Konvensiya tuzilsa, shu Konvensiya qoidalari tatbiq etiladi.
10-modda
Milliy qonunlarni qoʻllash
Milliy qonunlarni qoʻllash
Ushbu Bitim qoidalari yoki ikkala davlat ham qoʻshilgan yoki tomonlari boʻlib hisoblanuvchi xalqaro konvensiyalar va shartnomalarda qayd etilmagan holatlarda Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining hududida amal qiluvchi milliy qonunlar qoʻllanadi.
11-modda
Sanksiyalar
Sanksiyalar
1. Yuk tashuvchilar yoki naqliyot vositasi ekipaji tomonidan Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hududida qonunlarga, ushbu Bitim qoidalariga, yuk tashishga ruxsat beriladigan shartlarga rioya qilinmagan holatlarida naqliyot vositasini roʻyxatga olgan davlatning mutasaddi organlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon mutasaddi organlari talabiga binoan quyidagi choralarni koʻradi:
a) qoida buzgan yuk tashuvchiga ogohlantirish eʼlon qiladi yoki,
b) qoida buzilgan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida yuk tashuvchining yuk tashish huquqini vaqtincha toʻxtatadi yoki bekor qiladi.
2. Belgilangan choralarni koʻrgan mutasaddi organ ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon mutasaddi organlarini bu haqda xabardor qiladi.
3. Ushbu modda qoidalari qoida buzilgan davlatning sud yoki maʼmuriy organlari tomonidan qoʻllanishi mumkin boʻlgan harakatlarni mustasno qilmaydi.
12-modda
Bahslarni hal etish
Bahslarni hal etish
Ushbu Bitimni izohlash va qoʻllash boʻyicha har qanday bahslar ikkala Ahdlashuvchi Tomon mutasaddi organlari oʻrtasida bevosita muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
Agar bu mutasaddi organlar bir kelishuvga erisha olmasalar, bahs diplomatik yoʻl bilan hal etiladi.
13-modda
Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va unga oʻzgartishlar kiritish
Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va unga oʻzgartishlar kiritish
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlarida xalqaro shartnomalarni kuchga kiritish borasida koʻzda tutilgan protseduralarning bajarilganligi toʻgʻrisida oʻzaro nota almashingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimga kiritiladigan har qanday oʻzgartish Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar orqali hal etiladi va ushbu moddaning 1-bandi qoidalarida koʻrsatilgan protseduraga muvofiq kuchga kiradi.
3. Ushbu Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi hamda Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida 90 kun oldin uni denonsatsiya qilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabar bermasa, uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Mazkur Bitim 1996-yil 6-iyunda, Buxarest shahrida, ikki nusxada, oʻzbek, rumin va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimni talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)