Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimining
Qarori
Oqoltin tumanida 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2006-yil 5-yanvardagi PF-3706-sonli Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 11-yanvardagi 4-sonli qarorining ijrosini taʼminlash, tumanda ish bilan band boʻlmagan aholini uyda mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish ishlarini bajarishga jalb etish uchun ish beruvchilarga real ragʻbatlar yaratish, kasanachilarning qonun hujjatlarida belgilangan ijtimoiy va mehnat kafolatlarini yanada yaxshilash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tumanda 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish Dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Tumanda korxonalar bilan uyda mahsulotlar ishlab chiqaradigan va xizmatlar koʻrsatadigan fuqarolar oʻrtasida kooperatsiyani muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha ishchi komissiya tuzilsin va uning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman ishchi komissiya raisi (S. Qayumov)ga:
belgilangan rejani qatʼiy bajarilishini nazorat qilish;
har oy yakuni bilan Dastur ijrosi boʻyicha ishchi guruh yigʻilishlarini oʻtkazib, korxonalar kesimida tahlil olib borish;
kasanachilarning doimiy ish bilan taʼminlanishi bilan bogʻliq boʻlgan muammolarni, yaʼni xomashyo, ishlab chiqarish jihozlari bilan taʼminlanishi, oylik ish haqlarining oyma-oy berilishini nazoratga olish topshirilsin.
4. 2013-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman Dasturiga kiritilgan korxona, tashkilot va xoʻjalik rahbarlariga:
dasturda belgilangan reja topshiriqlarning bajarilishi boʻyicha shaxsan javobgar ekanliklari uqtirilsin;
har oy yakuni bilan kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har bir yaratilgan kasanachi ish oʻrni, ishga qabul qilingan kasanachi bilan tuzilgan shartnoma nusxasi, ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqlardan koʻchirma, kasanachiga toʻlangan ish haqi vedomosti nusxasi, kasanachiga yetkazib berilgan xomashyo va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tuman ishchi guruhiga taqdim qilish topshirilsin.
5. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (B. Yoʻldoshev)ga:
kasanachilik uy mehnati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlash;
qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan monitoring natijalarini 2-nusxada tuman hokimligiga taqdim qilib borish vazifasi yuklatilsin.
6. Tuman Statistika boʻlimi boshligʻi (Sh. Suyunov)ga tuman hokimligiga korxonalarning kasanachilik mehnati bilan band boʻlgan xodimlari soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishni taʼminlasin.
7. “Oqoltin ovozi” gazetasiga: (A. Pardayev) mazkur qarorni xalq oʻrtasida keng targʻib qilish va keng xalq ommasiga yetkazib borish maqsadida gazeta sahifalarida keng yoritib borish vazifasi yuklatilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilish nazoratini tuman hokimligi bosh mutaxassisi S. Qayumov zimmasiga yuklatilsin.
Xokim v. b. Sh. UMMATOV
Sardoba sh.,
2013-yil 31-yanvar,
391-son