Jizzax viloyati xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining
Qarori
Jizzax shahar hududidagi aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son, 448-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlar toʻplami, 2012-y., 41-42-son, 483-modda) ijrosini taʼminlash, shuningdek geografik obyektlarni nomlash sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan xalq deputatlari shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Jizzax shahrida aholi punktlarining tarkibiy qismlari (mahallalar, shoxkoʻchalar, koʻchalar, maydonlar, bogʻlar va xiyobonlar)ga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish boʻyicha fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning iltimosnomalariga asosan shahar hokimi kiritgan taklifi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Shahar statistika boʻlimi (A. Murunov), shahar yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi (T. Yaxʼyayev), shahar davlat arxitektura va qurilish boʻlimi (S. Togʻayev)larga tegishli mutasaddi davlat organlari bilan birgalikda amaldagi tartibda nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan aholi punktlarining tarkibiy qismlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va elektron bazasini shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirish kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilsin.
3. Shahar ichki ishlari boʻlimi (B. Boliyev) nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan hududlarda aholining fuqarolik pasportlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish ishlarining tashkiliy ravishda amalga oshirilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilasin.
4. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha shahar komissiyasiga (A. Sultonov) nom berilgan va nomlari oʻzgartirilgan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga ularning nomlari qayd etilgan metall koʻrsatkichlar oʻrnatish vazifasi topshirilsin.
5. Belgilansinki, geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni moliyalashtirish mahalliy budjet mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasiga va qaror ijrosini taʼminlash Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha shahar komissiyasi zammasiga yuklatilsin.
Xalq deputatlari shahar Kengashining raisi A. QOBILOV
Jizzax sh.,
2014-yil 27-oktabr,
126-28-4-son