Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Huquqiy axborot almashish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashni istab,
huquq sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga intilib,
ikkala davlatning qonunlari toʻgʻrisida oʻzaro xabardor qilishni yaxshilashga oid munosabatlarni rivojlantirish zarurligini anglab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ochiq eʼlon qilinadigan Meʼyoriy-huquqiy hujjatlar roʻyxatida (ushbu Bitimga ilova) belgilab qoʻyilgan masalalar boʻyicha huquqiy hujjatlarni ikki tomonlama axboriy almashish zarurligini eʼtirof etadilar.
Yuqorida koʻrsatilgan roʻyxat Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
2-modda
Har bir Tomon soʻralayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborotni ikkinchi Tomonga taqdim etish majburiyatini oladi.
Hamkorlik qilish davomida Tomonlardan biridan olinadigan axborot uni bergan Tomonning roziligiga koʻra uchinchi Tomonga berilishi mumkin.
Hamkorlik davomida olingan axborotdan Tomonlarning manfaatlariga zarar yetkazish uchun foydalanish mumkin emas.
3-modda
Tomonlar, milliy axborot resurslaridan foydalangan holda, huquqiy axborotni almashish uchun oʻz etalon maʼlumotlar bazasini tashkil etadilar.
4-modda
Tomonlar, huquqiy axborotni almashish tizimini tashkil etishga oid kelishib olingan chora-tadbirlarni amalga oshira borib, muvofiq ravishda quyidagilarni belgilaydilar:
subyektlar roʻyxati — axborotdan foydalanuvchilar;
axborotning huquqiy rejimi: axborotning ochiqlik darajasini, hujjatlashtirish, foydalanishga ruxsat berish, saqlash, tarqatish va muhofaza qilish tartibini aniqlaydigan meʼyoriy belgilangan qoidalar.
5-modda
Tomonlar adliya vazirliklarini tizimni tashkil etish va huquqiy axborot almashish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiruvchilar etib belgilaydilar.
6-modda
Tomonlar birgalikda foydalanish uchun belgilangan huquqiy axborotning milliy resurslaridan (etalon maʼlumotlar bazasidan) foydalanishga ruxsat berishni taʼminlaydilar, ularni nazorat qilinadigan ahvolda saqlaydilar hamda axborot maʼlumotlarining toʻliqligini, ishonchliligini va oʻz vaqtida berilishini kafolatlaydilar.
7-modda
Huquqiy axborot, mumkin qadar, rus tilida beriladi. Axborot va materiallarni shoshilinch ravishda berish uchun elektron, faksimil va boshqa xil aloqa vositalaridan foydalanish mumkin.
8-modda
Tomonlar maʼlumotlar bazalarini almashishda bir-birlariga meʼyoriy-huquqiy hujjatlar tasnifotlari berilishi zarur deb hisoblaydilar.
Huquqiy axborot almashish Tomonlarning qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalarga oid huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi va toʻldirilishi mumkin.
Barcha oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan protokollar tarzida rasmiylashtiriladi.
11-modda
Tomonlar oʻrtasidagi bahs va anglashilmovchiliklar ikki tomonlama muzokara va maslahatlashishlar yoʻli bilan hal etiladi.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma bildirishnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonning yozma bildirishnomasini olgan kundan boshlab olti oy oʻtguncha amal qiladi.
Toshkent shahrida 1998-yil17-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida huquqiy axborot almashish toʻgʻrisida 1998-yil 17-dekabrdagi Bitimga
ILOVA
ILOVA
Davlatlararo almashinadigan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Davlat tuzilishi asoslari.
2. Davlat xavfsizligi.
3. Mudofaa.
4. Davlat xizmati.
5. Tashqi siyosat, xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar.
6. Maʼmuriy qonunchilik.
7. Adliya. Sud. Prokuratura.
8. Jamoat tartibini saqlash.
9. Jinoiy qonunchilik.
10. Jinoiy-protsessual qonunchilik.
11. Jinoiy-ijro etish qonunchiligi, axloq tuzatish-mehnat qonunchiligi.
12. Fuqaro va oila huquqi.
13. Fuqaro-protsessual va xoʻjalik qonunchiligi.
14. Mehnat va aholining bandligi.
15. Ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy taʼminot.
16. Moliya va kredit.
17. Korxonalar va tadbirkorlik faoliyati.
18. Sanoat.
19. Qurilish va arxitektura majmualari.
20. Qishloq xoʻjaligi.
21. Savdo.
22. Transport va aloqa.
23. Uy-joy-kommunal xoʻjaligi va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish.
24. Maorif, ilm-fan, madaniyat.
25. Sogʻliqni saqlash.
26. Yer, yer osti qazilma boyliklari, suvlari toʻgʻrisidagi, havo hududlari haqidagi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, tabiiy boyliklar toʻgʻrisidagi qonunlar.
27. Atrof-muhitni muhofaza qilish.
28. Geodeziya, xaritachilik, gidrometeorologiya.
29. Bojxona ishi.