Qashqadaryo viloyati xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining
Qarori
Tuman mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yildagi mahalliy budjeti toʻgʻrisida
Mazkur qaror Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining 2014-yil 12-dekabrdagi 129/39-04-sonli “Tuman mahalliy budjetining 2014-yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2015-yilgi budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2015-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2013-yil 28-dekabrdagi IV/38-124-sonli “Viloyat mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yilgi budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-son qaror (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 690-modda)lariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-son va xalq deputatlari viloyat Kengashining 2013-yil 28-dekabrdagi IV/38-124-sonli “Viloyat mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yilgi budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2013-yil tuman mahalliy budjetining kutilayotgan ijrosi boʻyicha Qarshi tuman hokimligi moliya boʻlimi (X. Turdiyev)ning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2014-yil tuman mahalliy budjetining daromadlari, yuqori budjetdan beriladigan maqsadli subvensiyalar hamda daromadlar bilan birga jami 72621893 ming soʻm va xarajatlari 72621893 ming soʻm miqdorida tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiyalari, tuman hokimligi moliya boʻlimi budjetga toʻlovlarning toʻliq toʻlanishi, nazarda tutilgan xarajatlar miqdorining budjetdan oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishi hamda davlat mablagʻlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
5. Xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiya tuman hokimligi moliya boʻlimi bilan tumanning 2014-yil budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalariga axborot kiritib borsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari N. Temirov zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror tuman “Naxshab” gazetasida rasman eʼlon qilinsin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi Z. AZIZOVA
Beshkent sh.,
2014-yil 7-fevral,
105/4-29-son