Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Ularning hududlariaro va tashqarisida havo qatnovini oʻrnatish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati, (bundan buyon matnda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
1944-yilning yettinchi dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning aʼzolari boʻlgani holda, va
Oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsadida Bitim tuzish istagida,
Quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Atamalar
1. Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning yettinchi dekabrida Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va unga ushbu Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq kiritilgan har qanday ilovani hamda har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar uchun qay darajada kuchga ega ekanligiga qarab, Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq Ilovalarga va Konvensiyaga kiritilgan har qanday tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Fuqaro Aviatsiyasi Bosh direktorini, Koreya Respublikasiga nisbatan esa Transport Vazirini yoki har ikkala Tomonga nisbatan yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar bajaradigan ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan shartlashilgan havo yoʻllaridan foydalanish uchun bir Ahdlashuvchi Tomonning ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomonga yozma ravishda tayinlagan va ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning parvozga doir ruxsatnomasi berilgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d) “hudud” atamasi Davlatga nisbatan Konvensiyaning 2-moddasida koʻrsatib oʻtilgan mazmunni anglatadi;
e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 96-moddasida tegishli ravishda uqtirib oʻtilgan mazmunni anglatadi;
f) “hajm” atamasi havo kemasiga nisbatan shu havo kemasining yoʻnalishda yoki yoʻnalishning bir qismidagi yuk olish qobiliyatini anglatadi;
g) “hajm” atamasi shartlashilgan yoʻllarga nisbatan ishlatilganda havo kemasining shunday yoʻllarda foydalaniladigan hajmi shu havo kemasi parvozlarining berilgan maʼlum bir vaqt mobaynida koʻp martalab parvozlari va yoʻnalish yoki yoʻnalishning maʼlum bir qismiga boʻlgan nisbatini anglatadi;
h) “yoʻlovchilarni tashish” atamasi yoʻlovchilar, yuk va pochtani tashishni anglatadi; va
i) “Ilova” atamasi ushbu Bitim Ilovasini yoki ushbu Bitim 17-moddasi qoidalariga muvofiq kiritilgan tuzatishni anglatadi. Ilova ushbu Bitimning tarkibiy qismini tashkil qiladi va ushbu Bitimga asos sifatida murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi.
2-modda
Huquqlar berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uning tayinlangan aviakorxonasi Ilovada koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro havo qatnovini oʻrnatish va parvozlarni amalga oshirish uchun ushbu Bitimda koʻrsatib oʻtilgan huquqlarni beradi. Bunday qatnovlar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda “shartlashilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi.
2. Ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadda qoʻnish;
c) Ilovada koʻrsatib oʻtilgan qoidalarga muvofiq belgilangan yoʻnalishdagi har qanday manzilda borish yoki undan kelish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yuk va pochtani olish yoki tushirish;
3. Ushbu modda 2-bandining hech qaysi qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan havo kemasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga borish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk yoki pochta olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
3-modda
Aviakorxonani tayinlash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma tarzda xabardor etgan holda ikkita aviakorxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olganidan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlari ushbu moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonalarga parvozlar uchun darhol tegishli ruxsatnoma beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalaridan bunday maʼmurlar xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri aviakorxonaga ustun egalik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat qilish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonalarni tayinlash xabarnomasini qabul qilishni inkor etish, ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etish yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanayotganida bajarishi zarur deb hisoblaydigan shartlar ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Ushbu Bitimning 1 va 2-moddalari qoidalariga muvofiq tarzda tayinlangan hamda ruxsatnoma berilgan aviakorxonalar ushbu Bitim 9-moddasiga asosan hajm muvofiqlashtirilgan va ushbu Bitim 10-moddasi qoidalari asosida tegishli qatnovlarga nisbatan kuchga ega boʻlgan tariflar oʻrnatilgan hollarda istalgan vaqtda havo yoʻllaridan foydalanishni boshlashi mumkin.
4-modda
Parvozga doir huquqlarni bekor qilish yoki amalda toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan parvozga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning 2-moddasida uqtirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan ushbu shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi:
a) aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish ushbu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga qarashli ekanligiga komil ishonchda boʻlmagan har qanday holda; yoxud
b) oʻsha aviakorxonalar huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga rioya etmayotgan holda; yoxud
c) aviakorxonalar ushbu Bitim qoidalariga qandaydir oʻzgacha tarzda rioya qilmayotgan har qanday holda.
2. Agar huquqlarni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandi shartlari bajarilishini talab qilish qonun va qoidalarning bundan buyon yana buzilishi oldini olish uchun zarur ogohlantirish deb topilmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday huquqdan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvdan soʻnggina foydalanishi mumkin.
5-modda
Bojxona bojlari va boshqa shu singari yigʻimlar
1. Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasiga qarashli xalqaro havo qatnovini amalga oshirayotgan havo kemasi, shuningdek shu havo kemasidagi doimiy moslamalar, ehtiyot qismlar, yoqilgʻi zaxiralari va moylash mahsulotlari va bort zaxiralari (oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ham oʻz ichiga oladi) har bir Ahdlashuvchi Tomonning amalda boʻlgan qonun va qoidalariga muvofiq ravishda barcha bojxona bojlari, nazorat yigʻimlari va shuning singari soliqlardan ozod qilinadi, basharti, oʻsha moslama va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kelgan vaqtdan toki qaytib ketgunga qadar havo kemasi ichida qolsa.
2. Koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlarni mustasno etganda har bir Ahdlashuvchi Tomonining amalda boʻlgan qonun va qoidalari asosida xuddi shunday bojlar, soliqlar va yigʻimlardan quyidagilar ham ozod qilinadi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida uning tegishli maʼmurlari belgilagan meʼyorlar chegarasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo qatnovini amalga oshirayotgan havo kemasi ichida foydalanish uchun olgan havo kemasi zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon hududiga xalqaro havo qatnovida foydalaniladigan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi havo kemasining texnika xizmati koʻrsatish yoki uni taʼmirlash uchun keltirilgan ehtiyot qismlari, dvigatelni ham oʻz ichiga oladi;
c) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo qatnovida foydalanadigan havo kemasida ishlatilishi uchun moʻljallangan yoqilgʻi, moylash mahsulotlari va texnikaviy ehtiyot qismlar, hatto bu zaxiralar havo kemasiga olingan Ahdlashuvchi Tomonning hududi ustida parvoz davomida ishlatilgan taqdirda ham.
Ushbu bandning (a), (b) va (s) tagbandlarida koʻrsatib oʻtilgan mahsulotlar bojxona tekshiruvi yoki nazoratida tutib turish uchun talab qilinishi mumkin.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan havo kemasidagi doimiy moslamalar, shuningdek materiallar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻsha Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmurlarining roziligi bilan havo kemasidan tushirilishi mumkin. Bunday hollarda ular qaytib olib chiqib ketilgunga yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa joyga koʻchirilgunga qadar uqtirib oʻtilgan maʼmurlar nazorati ostiga olinishi mumkin.
6-modda
Qonunlar va Qoidalarning qoʻllanilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining xalqaro havo navigatsiyasini amalga oshirayotgan havo kemasini yoki oʻsha havo kemasining oʻsha hudud ustidan parvozlarini havo kemasining oʻz hududiga uchib kelishi yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalariga nisbatan ham qoʻllaniladi va oʻsha havo kemalarining birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga kirib kelishi, undan chiqib ketishi va unda boʻlib turish davrida qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga yoʻlovchilar, ekipaj, yuk yoki pochta kelishi, unda boʻlib turishi, hamda undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari, misol uchun mamlakat hududiga kirish yoki undan chiqish, immigratsiya va muhojirlik, shuningdek bojxona, valyuta, tibbiy va karantin qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli havo kemasining birinchi Ahdlashuvchi Tomon hudud doirasida boʻlib turishi vaqtida undagi yoʻlovchilar, ekipaj, yuk va pochtaga nisbatan ham qoʻllanadi.
7-modda
Aviakorxona vakillik idoralarining ochilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tayinlangan aviakorxonalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻz vakillik idoralarini ochish huquqiga ega boʻladi. Oʻsha vakillik idoralari tijorat, ishlab chiqaruvchi va texnik xodimlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Vakillik idoralar, vakillar va xodimlar ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida amalda boʻlgan qonun va qoidalarga muvofiq taʼsis etiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida bevosita yoki vakillar orqali aviatashuvlarni sotish bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladi. Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalarning mahalliy valyutaga ham, boshqa mamlakatlarning erkin almashlanadigan valyutalariga ham ana shunday tashuvlarni sotishga va har qanday odamning bunday tashuvlarni sotib olishga boʻlgan huquqini chegaralamaydi.
8-modda
Guvohnoma va ruxsatnomalarni tan olish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan yoki haqiqiy deb topgan havo kemasining parvozga yaroqli ekanligi haqidagi guvohnomalar, vakolatlar va ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi guvohnomalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu hujjatlar amalda boʻlgan vaqtida haqiqiy deb eʼtirof etadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon parvozlarni amalga oshirish maqsadida oʻzining hududi ustidan parvozlar vaqtida oʻz fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki har qanday boshqa Davlat bergan vakolat shahodatnomalari va ruxsatnomalarni haqiqiy deb eʼtirof etishni rad qilish huquqini saqlab qoladi.
9-modda
Hajm qoidalari
1 Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasidagi shartlashilgan yoʻllarda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha parvozlarni amalga oshirishda haqqoniy va teng imkoniyatlarga ega boʻladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tayinlangan aviakorxonalari shartlashilgan yoʻllardan foydalanayotganda xuddi shu yoʻnalish yoki uning bir qismida undan keyin parvozlarni amalga oshirayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari parvozlariga ziyon yetkazmaslik uchun uning manfaatlarini ham nazarda tutishi lozim.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonalari tomonidan belgilangan har qanday yoʻnalishda foydalanishda belgilangan tashuv hajmi ikkinchi bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonalari tomonidan belgilangan hajm bilan birgalikda oʻsha yoʻnalishning havo transporti tashuviga boʻlgan ehtiyojlarga muvofiq kelishi lozim.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomonlar shartlashilgan yoʻllarda parvozlarni amalga oshiruvchi tayinlangan aviakorxonalarining tashuv hajmi belgilangan yoʻnalishlardagi tashuvga boʻlgan ehtiyojlarga muvofiq kelishi va har bir aviakorxona oʻzini tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududida tayyoraga chiqarilgan yoki tushirilgan yoʻlovchilar, yuk va pochta tashishga boʻlgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli hajm taʼminlanishini oʻz oldiga birinchi darajali oqilona vazifa qilib qoʻyishi lozim. Ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududida belgilangan yoʻnalishdagi manzillarda aviakorxonalarni tayinlamagan Davlatlar hududiga borish yoki kelish uchun olingan yoki tushirilgan yoʻlovchilar tashish qoʻshimcha masala boʻlib hisoblanadi va bunday tashuv ikkala Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlari oʻrtasida muhokama qilinadi. Bunday aviakorxonalarning belgilangan yoʻnalishlardagi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan manzillari va uchinchi mamlakatlar manzillari oʻrtasida yoʻlovchi tashishga boʻlgan huquqidan xalqaro havo transporti tartibli taraqqiyotining manfaatlarida shunday usulda foydalanish lozimki, bunda hajm:
(a) aviakorxonalarni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki undan tashqariga tashiladigan yoʻlovchilarga boʻlgan ehtiyojga;
(b) shartlashilgan yoʻllar oʻtadigan oʻlkaning tashuvga boʻlgan ehtiyojlari, bunda oʻsha oʻlkani oʻz ichiga qamrab oladigan mahalliy hamda nohiyaviy havo qatnovlari ham inobatga olinadi;
(s) aviakorxonaning tranzit tashuvlari ehtiyojlariga;
muvofiq kelishi lozim.
10-modda
Tariflar
1. Quyidagi bandlar mazmuni yoʻlida “tarif” atamasi yoʻlovchi va yuk tashish uchun sarflanadigan qiymatlarni va oʻsha qiymatlar qoʻllaniladigan sharoitlarni anglatadi, u vakillik va qoʻshimcha xizmatlar uchun toʻlanadigan qiymatlarni va qoidalarni oʻz ichiga oladi, biroq pochtani tashish uchun toʻlanadigan haq va qoidalar bundan mustasno.
2. Har qanday shartlashilgan yoʻllarda qoʻllaniladigan tariflar barcha tegishli omillarni hisobga olgan holda, jumladan foydalanuvchining parvoz qiymatidagi manfaatlari, foydaning oqilona miqdoriga, qatnovlarning qulaylik va tezlik singari tavsiflari, shuningdek boshqa aviakorxonalarning belgilangan yoʻnalishning har qanday qismi uchun oʻrnatgan tarif mezonlariga asoslanib, oqilona meʼyorlarda belgilanadi.
3. Tariflar quyidagi qoidalarga muvofiq ravishda oʻrnatilishi lozim:
(a) Ushbu modda 2-bandida uqtirilgan tariflar va unga bogʻliq boʻlgan vakillik vositachilik qiymati mumkin qadar har bir yoʻnalish va uning qismlariga tegishli holda manfaatdor aviakorxonalar oʻrtasida kelishilishi lozim va bunday kelishuvga imkon darajasida Xalqaro Havo Transporti Uyushmasi qiymatlarni qayd qiluvchi tashkiloti orqali erishilishi lozim.
(b) Shunday yoʻl bilan kelishilgan tariflar ikkala Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlariga tegishli Ahdlashuvchi Tomonlarning qonunlari va amaliyot talablariga binoan uning amalda joriy qilinishidan eng kamida (60) kun avval tasdiq uchun taqdim etilishi lozim. Alohida hollarda ushbu muddat uqtirib oʻtilgan maʼmurlar kelishuviga binoan qisqartirilishi mumkin.
(c) Bu tasdiq soddaroq usulda ham berilishi mumkin. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysi biri tasdiqqa tarif taqdimi toʻgʻrisidagi ushbu 3-moddaning (b)-bandidagi muddatga muvofiq taqdim qilingan kundan boshlab (30) kun ichida bu tariflarga rozi emasliklari toʻgʻrisidagi bildirishni yubormasalar, bu tariflar oʻz-oʻzidan tasdiqlangan hisoblanadi. 3-modda (b)-bandida koʻrsatib oʻtilganidek, agarda tasdiqqa taqdim qilish muddati qisqartirilsa Aviatsiya Maʼmurlari oʻzaro kelishuviga muvofiq norozilikni bildirish toʻgʻrisidagi (30) kunlik muddat yanada qisqartirilishi lozim.
(d) Agarda tarif borasida 3-moddaning (a)-bandiga muvofiq yoki agar 3-modda (s)-bandiga muvofiq keltirilgan qoʻllaniladigan muddat ichida bir qarorga kelinmasa, bir Tomon Aviatsiya maʼmurlari ikkinchi Tomon Aviatsiya Maʼmurlariga 3-modda (s)-bandi qoidalariga muvofiq biron-bir tarif boʻyicha oʻzining noroziligi toʻgʻrisidagi xabarnomani yuborgan taqdirda ikki Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlari oʻzaro kelishuvga muvofiq tariflarni belgilashga harakat qilishadi.
(e) Agarda Aviatsiya Maʼmurlari 3-moddaning (b)-bandiga muvofiq ularga taqdim etilgan birorta tarif yuzasidan bir qarorga kela olmasalar yoki 3-moddaning (b)-bandiga muvofiq ularga taqdim etilgan birorta tarifni belgilay olmasalar bu bahs ushbu Bitim 15-moddasi qoidalariga binoan hal etiladi.
(f) Ushbu modda qoidalariga binoan joriy etilgan tarif yangi tarif oʻrnatilgunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi. Har qanday holda ham tarifning amal muddati oʻz amal muddatini yakunlagan kundan boshlab ushbu bandga binoan 12 oylik vaqtdan ortiq boʻlgan muddatga uzaytirilmaydi.
11-modda
Toʻgʻri tranzit
Har bir Ahdlashuvchi Tomon hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan yoʻlovchilar, ularning yuki va yuklar bojxona va muhojirlik xizmati tomonidan faqat yuzaki koʻzdan kechiriladi xolos. Toʻgʻri tranzit orqali olib oʻtiladigan yoʻlovchi yuklari va yuklar barcha xil soliq va yigʻimlardan, shu jumladan bojxona bojlaridan ozod qilinadi.
12-modda
Daromadlarni oʻtkazish
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida yoʻlovchilar, pochta va yuk tashishdan topgan pul mablagʻlarining xarajatlardan ortgan qismini valyuta almashtirishning amalda mavjud boʻlgan qoidalari asosida oʻtkazish huquqini beradi.
13-modda
Davriy maʼlumotlar qoidalari
Bir Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlariga ularning iltimosiga binoan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari shartlashilgan yoʻllardagi hajmini qayta koʻzdan kechirib chiqish uchun oqilona talab qilinishi mumkin boʻlgan davriy yoki boshqa hisobot maʼlumotlarni berishi lozim. Bunday hisobotlar shartlashilgan yoʻllarda oʻsha aviakorxonalar tomonidan tashilgan yoʻlovchilar va oʻsha yoʻlovchilarning chiqish va tushish manzillari bilan bogʻliq boʻlgan barcha axborotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
14-modda
Maslahatlashuv
Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning istagi shundan iboratki, Ahdlashuvchi Tomonlarning Aviatsiya Maʼmurlari oʻrtasida ushbu Bitimni toʻla bajarish uchun daxldor boʻlgan masalalarda ochiq hamkorlikdagi aksariyat maslahatlashuvlar oʻtkazilib turadi.
15-modda
Nizolarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelib chiqqan har qanday nizo birinchi navbatda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida bevosita muzokaralar orqali hal etilishi lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, oʻrtadagi nizoni hal etishni bir necha kishi yoki tashkilotga topshirishga oʻzaro kelishishlari mumkin; agar ular bunday yoʻsinda murosaga kela olmasalar bu nizo Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat, jami uch hakamdan tashkil topadigan hayʼatga topshirilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik vosita orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning nizoni hakamlikda hal etish toʻgʻrisidagi talabini olganidan keyin (60) oltmish kun ichida bittadan hakam tayinlaydi, uchinchi hakam esa, yuqoridagi ikki hakam maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran (60) oltmish kun ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida hakamlardan bittasini tayinlay olmasa yoxud uchinchi hakam belgilangan muddat ichida tayinlanmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti Kengashi Prezidentidan vaziyatga qarab hakamni yoki hakamlarni tayinlashni iltimos qilishi mumkin. Bu holatda, uchinchi hakam uchinchi mamlakatning fuqarosi boʻlib, hakamlar hayʼatining prezidenti sifatida ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq vaqtinchalik tavsiyanomani oʻz ichiga olgan holda chiqarilgan har qanday qarorni bajarish majburiyatini zimmaga oladilar.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki har qanday Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq chiqarilgan qarorlarni bajara olmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimga asosan bergan huquqning amal qilishini cheklab qoʻyishi yoki bekor qilishi mumkin.
16-modda
Xavfsizlik
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir bir-birlariga nisbatan zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunga doir oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy yoʻnalishlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasiga qarshi noqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi Konvensiya va 1988-yilning 24-fevralida imzolangan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasiga xizmat qiluvchi Tayyoragohlarda sodir etiladigan Qoʻporuvchilik noqonuniy xatti-harakatlariga qarshi kurash haqidagi Bayonnoma qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishini oldini olishda bir-birlariga koʻmak beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga maqbul keladigan darajada Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti tomonidan belgilangan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi boʻyicha Konvensiyaga Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi tartiblariga muvofiq ish koʻradilar; ular oʻzlari qayd etgan havo kemalarining boshqaruvchilaridan yoki asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining boshqaruvchilari va xalqaro tayyoragohlarning boshqaruvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida uqtirilgan qoidalarga rioya etilishi maqsadida zarur talablarni qoʻyishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchi yuki, yuklar va roʻyxatdagi mulkni ortish va tushirish vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan qarab chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalari xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
17-modda
Oʻzgartirishlar kiritish
1. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri ushbu Bitimning qaysidir bir shartini oʻzgartirish lozim deb hisoblasa u xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisida soʻrov kiritishi mumkin. Bunday maslahatlashuv muzokaralar oʻtkazish orqali yoki yozishmalar yordamida amalga oshirilishi mumkin va talab tushgan kundan boshlab (60) oltmish kun ichida boshlanishi lozim. Kelishilgan taklif diplomatik vositalar orqali notalar almashish yoʻli bilan tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning Ilovasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bevosita kelishilishi mumkin va Diplomatik Notalar almashilish yoʻli bilan tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi.
3. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokchi boʻlgan havo qatnoviga taalluqli yanada umumiyroq koʻp tomonlama konvensiya yoki bitim imzolangani taqdirda ushbu Bitim ana shu konvensiya yoki bitimning qoidalariga muvofiqlashtirib oʻzgartiriladi.
18-modda
Bitim amal qilish muddatini toʻxtatish
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amalda toʻxtatish istagida ekanligidan yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda xabarnoma yuborilgandan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgan davridan boshlab (12) oydan keyin, basharti bu muddat ichida bu xabarnoma orqaga qaytarib olinmasa, ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkiloti xabarnoma olganidan keyin oʻn toʻrt (14) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan hisoblanadi.
19-modda
Roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har qanday oʻzgartirish Fuqaro Aviatsiyasi Xalqaro Tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
20-modda
Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim u imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolatga ega boʻlgan muxtor vakillar mazkur Bitimni imzoladilar.
1964-yilning 6-iyunida oʻzbek, koreys va ingliz tillarida asl nusxada tuzildi, har uch tildagi matn bir xil kuchga ega. Talqin qilishda hamfikrlik boʻlmasa, ingliz tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)
ILOVA
|
I-JADVAL |
| |
| Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tayinlangan aviakorxonasi har ikki tomonga qatnashda foydalanadigan yoʻnalishlar: | ||
| Boshlanish manzillar: | Toshkent; | |
| Oraliq manzillar keyinroq kelishiladi; | ||
| Belgilangan manzillar: | Seul; | |
| Tashqaridagi manzillar keyinroq kelishiladi. | ||
|
II-JADVAL |
| |
| Koreya Respublikasi Hukumati tayinlangan aviakorxonasi har ikki tomonga qatnashda foydalanadigan yoʻnalishlar: | ||
| Boshlanish manzillar: | Seul; | |
| Oraliq manzillar keyinroq kelishiladi; | ||
| Belgilangan manzillar: | Toshkent; | |
| Tashqaridagi manzillar keyinroq kelishiladi. | ||
IZOHLAR:
1. Yuqoridagi jadvallarda belgilangan yoʻnalishlarda har qanday yoki bir necha oraliq va/yoki tashqaridagi manzillar har qaysi yoki barcha parvozlarda Ahdlashuvchi Tomonlar istalgan birining aviakorxonalari tomonidan tushirib qoldirilishi mumkin, basharti, shartlashilgan qatnovlar tegishli mamlakatning yoʻnalishdagi boshlanish manzillaridan boshlansa.
2. Hajm, Ilovada belgilangandan tashqari qoʻshimcha boshlanish manzillari va belgilangan manzillar, oraliq manzillar, tashqaridagi manzillar va havo qatnovi yoʻlovchilarni tashish huquqlari har ikki Ahdlashuvchi Tomonning Aviatsiya Maʼmurlari oʻrtasida kelishiladi.