O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT MULKINI XORIJIY INVESTORLARGA SOTISh BO‘YIChA TENDER SAVDOLARI O‘TKAZUVChI DAVLAT KOMISSIYASINING ROLI VA MAS’ULIYATINI OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 21-iyuldagi PQ-423-son “Ba’zi respublika komissiyalari va kengashlari tarkiblari hamda ularning faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasi tomonidan kimyo, neftgaz, mashinasozlik va iqtisodiyot boshqa tarmoqlarining 90 dan ortiq korxonalari aksiyalari, aktivlari va mol-mulki sotildi, ulardan eng yiriklari “Olmaliq maishiy kimyo zavodi” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Andijonkabel” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Suvmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati va boshqalardir.
Shu bilan birga ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar xorijiy investorlarni jalb qilgan holda xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan korxonalar va obyektlarni xususiylashtirishning zarur sur’atlarini, xorijiy investitsiyalar oqimini, eng avvalo to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ta’minlamayapti. Xorijiy investorlarni jalb qilgan holda korxonalar va obyektlarni xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishni ta’minlovchi aniq ishlovchi mexanizm yaratilmagan. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning samaradorligi ustidan monitoring yetarli darajada olib borilmayapti.
Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasining roli va mas’uliyatini oshirish, korxonalarni xususiylashtirish, eng avvalo yakka tartibdagi loyihalar bo‘yicha amalga oshiriladigan iqtisodiyot tarmoqlari bazaviy tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish, aksiyadorlik jamiyatlaridagi aksiyalar davlat paketlarining bir qismini va to‘liq xorijiy investorlarga sotish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari, Davlat mulki qo‘mitasi, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari tomonidan xususiylashtirilgan korxonalarning davlat aktivlarini yakka tartibdagi loyihalar bo‘yicha sotish, xususiylashtirilayotgan korxonalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb hisoblansin.
2. Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) yangi tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
3. Quyidagilar Davlat komissiyasining iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilishning hozirgi bosqichidagi eng muhim vazifalari hisoblansin:
davlat korxonalarini xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan Hukumat qarorlarining so‘zsiz bajarilishini tashkil etish, respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini yanada rivojlantirish va oshirish;
sansalorlik, byurokratizm va obyektlarni xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish hamda aksiyalar paketlarini va korxonalarni to‘liq tanlov (tender) savdolari g‘oliblariga sotishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish muddatlari cho‘zib yuborilishi hollarini bartaraf etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida Davlat komissiyasi qarorlari qabul qilingan xususiylashtirilgan korxonalar va obyektlarning faoliyati ustidan monitoring tashkil etish.
4. Davlat komissiyasi bir oy muddatda xorijiy sarmoya ishtirokida davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarning samaradorligini tanqidiy o‘rganib chiqsin, bunda:
yakka tartibdagi loyihalar bo‘yicha xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini o‘tkazish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaraliligiga, korxonalarni sotishga tayyorlash va sotish jarayonlariga yirik va mashhur xorijiy moliyaviy maslahatchilarni, baholash va auditorlik kompaniyalarini jalb qilishga;
aniq takliflari va investitsiya majburiyatlari bo‘lgan strategik investorlar mavjud bo‘lganda tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va korxonalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish yuzasidan berilgan vakolatlarni amalga oshirish, amaliyotda bo‘lmagan qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilishni nazarda tutgan holda obyektlar va aksiyalarni to‘lovning aralash shakllarini qo‘llab sotish amaliyotini kengaytirishga, xorijiy investitsiyalar oqib kelishi uchun barcha to‘siqlarni bartaraf etishga asosiy e’tiborni qaratsin.
5. Davlat komissiyasiga past rentabelli, iqtisodiy nochor va zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarning davlat aktivlarini investorlar tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini qisqa muddatlarda (1-2 yil mobaynida) tubdan yaxshilashni ta’minlovchi investitsiya majburiyatlari o‘z zimmasiga olinishi va biznes-rejalar taqdim etilishi sharti bilan juda past narxlarda sotish huquqi berilsin.
6. Davlat komissiyasi raisi (R.S. Azimov), idoralararo ishchi guruhlar rahbarlari (K.N. To‘laganov, M.Z. Usmonov, E.M. G‘aniyev, H.S. Karomatov) Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-apreldagi 185-son qaroriga muvofiq xorijiy investorlarga sotish mo‘ljallangan obyektlar bo‘yicha xususiylashtirish dasturi bajarilishini ta’minlovchi ish rejasini ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Idoralararo ishchi guruhlar, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ko‘rsatib o‘tilgan ish rejasining muddatlar, sotuv hajmi hamda davlat korxonalari va obyektlarni xususiylashtirish jarayonlariga xorijiy investorlarni jalb qilish yuzasidan bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari to‘g‘risida ogohlantirilsin.
Mazkur bandning bajarilishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining 2003-yilning 9 oyi va umuman yil yakunlari bo‘yicha majlislarida axborot berilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-iyundagi 309-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 6-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom quyidagi mazmundagi xatboshlari bilan to‘ldirilsin:
“davlat korxonalarini xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan Hukumat qarorlarining so‘zsiz bajarilishini tashkil etish, respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni, ayniqsa to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi rolini yanada rivojlantirish va oshirish;
sansalorlik, byurokratizm va obyektlarni xorijiy investorlar ishtirokida xususiylashtirish hamda aksiyalar paketlarini va korxonalarni to‘liq tanlov (tender) savdolari g‘oliblariga sotishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish muddatlari cho‘zib yuborilishi hollarini bartaraf etish;
iqtisodiyot tarmoqlarida Davlat komissiyasi qarorlari qabul qilingan xususiylashtirilgan korxonalar va obyektlarning faoliyati ustidan monitoring tashkil etish”.
8. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini xususiylashtirishda xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 18-noyabrdagi 477-son qarori 3-bandining birinchi xatboshi va qarorga 4-ilova;
Vazirlar Mahkamasining “2000-2001-yillarda xorijiy investorlarni jalb qilgan holda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1999-yil 26-noyabrdagi 511-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 11-son, 69-modda) 4-ilova 2-bandining “b” kichik bandi;
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar kompleksini tashkil etish to‘g‘risida” 2002-yil 22-oktabrdagi 364-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 10-son, 61-modda) 1-ilova III bo‘limining uchinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R. S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 21-avgust,
362-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y.,15-16-son, 133-modda)