Qashqadaryo viloyati Muborak tumani hokimining
Qarori
Tumanda qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash ishlarini tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining 2021-yil 22-maydagi VI-23-2-4-0-K/21-sonli “Qashqadaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tumanda qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash (zakladka) ishlarini tashkil qilish, ichki isteʼmol bozorida bu turdagi mahsulotlarning narx-navolarini barqarorligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 105-sonli “2011 — 2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlari saqlashning moddiy texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 141-modda), 2013-yil 8-avgustdagi “2013/2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish (zakladka) ishlarini tashkil qilish boʻyicha amalga oshiriladigan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 01-03-5-32-sonli hamda 2013-yil 22-avgustdagi “Respublika hududlarida 2013/2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarish (zakladka) ishlarini tizimli tashkil qilish hisobiga aholi ehtiyojini va ichki isteʼmol bozorida oziq-ovqat xavfsizligini hamda narx-navolarni barqaror saqlanishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 01-03/1-455-sonli majlis bayoni va viloyat hokimining 2013-yil 16-noyabrdagi “Viloyatda 2013/2014-yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash ishlarini tashkil qilishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi X-338/11-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tumanda qish-bahor mavsumida asosiy qishloq xoʻjalik mahsulotlarini tashkilotlar kesimida zaxiraga gʻamlash topshirigʻi 1-ilovaga* muvofiq davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan taʼminlansin va tadbirkorlik subyektlariga tavsiya etilsin.
3. Tumanda qish-bahor mavsumida aholi taʼminotida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash maqsadida 1800 tonna asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash (zakladka) hajmlari va turlari boʻyicha belgilangan topshiriqlar 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash (zakladka) ishlarini tashkil etish boʻyicha 3-ilovaga* muvofiq tuman ishchi guruhi tarkibi tasdiqlansin.
5. Tuman ishchi guruhi mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda:
3 kun muddatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini tashkilotlar kesimida aniqlab, bu ishga jalb qilingan tayyorlovchi korxonalar roʻyxati, manzili hamda mahsulotlar saqlanadigan omborlar va sovutish kameralari sigʻimlari koʻrsatilgan manzilli roʻyxatini tasdiqlab, tuman hokimligiga taqdim etish;
bir hafta muddatda belgilangan miqdorda meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish boʻyicha fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari bilan tayyorlovchi korxonalar oʻrtasida shartnomalar tuzishni tashkil etish va talabga qarab avans mablagʻlari ajratishni yoʻlga qoʻyish;
3 kun muddatda asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining zaxiraga qoʻyish grafigini ishlab chiqib, tuman hokimligiga taqdim etish va ijrosi yuzasidan kunlik monitoring oʻrnatish;
har 10 kunda qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash topshirigʻini tashkilot va korxonalar kesimida bajarilishini muhokama qilib borsinlar va tahliliy maʼlumotlarni tuman hokimligiga taqdim etilishini taʼminlash;
Qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash topshirigʻini tuman tashkilotlari boʻyicha bajarilishini taʼminlash yuzasidan nazorat mexanizmini oʻrnatish uchun 4, 5, 6-ilovalarga* muvofiq shakllarda tahliliy maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda tuman hokimligiga va Iqtisodiyot boʻlimiga taqdim etib borilishini taʼminlash vazifalari yuklatilsin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
6. Tuman tijorat banklari (O. Toʻxtayev, X. Toʻraqulov, U. Quyliyev, F. Salomov, Oʻ. Toʻrayev) 1 hafta muddatda tayyorlovchi korxonalarning kreditga boʻlgan ehtiyojini oʻrganib chiqib, kredit ajratish muddatlari koʻrsatilgan holda chora-tadbirlarni tayyorlab tuman hokimligiga tasdiqlash uchun taqdim etish;
tayyorlovchi korxonalar tomonidan kredit va naqd pul mablagʻlariga taqdim etilgan buyurtmalar va ularning ijrosi yuzasidan har 10 kunda tahliliy maʼlumotlarni tuman hokimligi va Iqtisodiyot boʻlimiga kiritib borish;
zaxira tadbirlariga jalb qilingan tayyorlovchi korxonalar bilan mahsulot yetishtiruvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha maqsadli kredit resurslari va naqd pul mablagʻlarini oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlash tavsiya etilsin.
7. Tuman Iqtisodiyot boʻlimi (A. Toʻxtayev)ga tumanda qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zaxiraga gʻamlash topshirigʻining amaldagi ijrosi yuzasidan tahliliy maʼlumotlarni har 10 kunda, tuman hokimligiga hamda Iqtisodiyot boshqarmasiga taqdim etib borsin.
8. Tuman tibbiyot birlashmasi (D. Shaymardonov) va tuman Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi (O. Boyniyozov) tasarrufidagi muassasalarida qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini arzon narxlarda zaxiraga gʻamlash boʻyicha barcha zaruriy choralarni koʻrsinlar.
9. Tuman hokimining 2013-yil 10-sentabrdagi X-562/09-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
10. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari R. Polvonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim P. ALLAQULOV
Muborak sh.,
2014-yil 12-yanvar,
X-32/01-son