Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2014 — 2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2014-2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasiga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarini) jalb etish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2014-yil uchun oldindan kelishilgan hamda donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlab chiqilayotgan begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalari roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq;
2014 — 2016-yillar uchun donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlab chiqilayotgan begʻaraz texnik koʻmak (grantlar) loyihalari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq;
Donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari tomonidan moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish uchun taklif etilayotgan begʻaraz texnik koʻmak (grantlar)ning ustuvor loyihalari yigʻma roʻyxati 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 — 3- ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Loyihalarning belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida va har tomonlama ishlab chiqilishi, sifatli va samarali amalga oshirilishi, ularni amalga oshirishning boshlanishini taʼminlash uchun zarur tayyorgarlik tadbirlari olib borilishi, shuningdek begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlaridan (grantlardan) qatʼiy maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ushbu qarorga 1, 2 va 3-ilovalarga kiritilgan begʻaraz texnik koʻmak (grantlar)ning boshqa oluvchilari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, xalqaro moliyaviy institutlardagi Oʻzbekiston Respublikasidan boshqaruvchilar idoralari manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ushbu qarorning 1-ilovasiga kiritilgan loyihalar boʻyicha hujjatlarning uzil-kesil kelishilishi, maʼqullanishi va rasmiylashtirilishiga oid zarur tartib-qoidalar bajarilishini taʼminlasinlar;
ushbu qarorning 2-ilovasiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish bilan bogʻliq barcha masalalarni hal etish yuzasidan donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan ishlarni faollashtirsinlar;
ushbu qarorning 3-ilovasiga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarni) jalb etish masalalarini donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari bilan puxta ishlab chiqsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishgan holda, zaruriyat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2013 — 2015-yillarda Oʻzbekiston Respublikasiga donor mamlakatlar, xalqaro va xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini (grantlarini) jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 29-martdagi 90-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 11-iyul,
190-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 29-son, 359-modda)