Samarqand viloyati Urgut tumani hokimining
Qarori
Tuman aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-sonli “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 49-son, 632-modda) hamda shu asosida viloyat hokimining 2013-yil 7-dekabrdagi 266-q-sonli qarorlari ijrosini tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-sonli “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda shu asosida viloyat hokimining 2013-yil 7-dekabrdagi 266-q-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda viloyat hokimining mazkur qarorlari bilan quyidagilar respublika mintaqalarida aholining qattiq maishiy chiqindilarini tashib ketish boʻyicha sanitariya jihatidan tozalashni tashkil qilishning asosiy vazifalari etib belgilanganligi:
shaharlar va aholi punktlarining tashqi qiyofasiga boʻlgan zamonaviy shaharsozlik talablarini hisobga olgan holda, qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish va ularni sanitariya qoidalari va normalariga qatʼiy muvofiq holda joylashtirish ishlarining tashkil etilishini taʼminlash;
barcha bosqichlarda, shu jumladan poligonlarda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash, sortlarga ajratish, tashish, poligonlarda koʻmib tashlashda sanitariya jihatidan tozalash obyektlaridan foydalanish va saqlash hamda ularni sanitariya va ekologiya talablariga muvofiq holda utilizatsiya qilish ishlarini tashkil etish;
aholi bandligini oshirish, sanitariya jihatidan tozalash sohasidagi ishlarni samarali tashkil etish uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari va shart-sharoitlar yaratish;
qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlash obyektlarining sanitariya va ekologik holati yuzasidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar:
2014-2015-yillarda sanitariya jihatidan tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi;
2014-2015-yillarda obodonlashtirish boshqarmasini maxsus texnika bilan jihozlash dasturi;
2014-2015-yillarda tumanda axlatlarni toʻplash shoxobchalarini qurish va ularni konteynyerlar bilan jihozlash dasturi;
2014-2015-yillarda tuman obodonlashtirish boshqarmasining faoliyat koʻrsatayotgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini tartibga solish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi;
2014-2015-yillarda sanitariya jihatidan tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning faoliyat koʻrsatayotgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini tartibga solish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi;
2014-2015-yillarda obodonlashtirish boshqarmasining qattiq maishiy chiqindilar yangi poligonlarini qurish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi;
mazkur qaror bilan tasdiqlangan dasturlarni moliyalashtirish manbalari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2014-2015-yillarda tuman markazida, shahar tipidagi posyolkalarda va qishloq aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalashni tashkil etishga doir kompleks tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;
tuman hokimligi darajasida Kompleks tadbirlarni bajarish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman tabiatni muhofaza qilish boʻlimi, tuman arxitektura va qurilish boʻlimi, tuman tibbiyot birlashmasi, tuman moliya boʻlimi hamda tuman iqtisodiyot boʻlimi quyidagilarni belgilangan tartibda taʼminlasinlar:
har yili 1-martgacha tanlov savdolari oʻtkazish, pudrat shartnomalarini belgilangan tartibda tuzish hamda axlatlarni toʻplash shoxobchalari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlari qurishning yakuniy manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash;
tasdiqlangan dasturlarning, Kompleks tadbirlarning va ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borish;
ular oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatilgan holda qattiq maishiy chiqindilarni sortlarga ajratish va qayta ishlash boʻyicha tijorat tashkilotlari tashkil etish.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-sonli qarorining 3-bandi ikkinchi, uchinchi, oltinchi xatboshilarda koʻrsatilgan vazifalar ijrochilar tomonidan tuman hokimining 2013-yil 09-dekabrdagi 1118-q-sonli qarori bilan bajarilganligi inobatga olinsin.
5. Belgilansinki, qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari koʻrsatish tuman markazida, shaharcha posyolkalarida va qishloq aholi punktlarida — tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Tuman tabiatni muhofaza qilish boʻlimi qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash boʻyicha yangidan tashkil etilayotgan poligonlarni davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazishni hamda qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritishni taʼminlasin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2013-yil 10-yanvardagi 4-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 1-son, 2-modda) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 19-yanvardagi 52-q-sonli, 29-yanvardagi 58-q-sonli qarorlariga 3-ilovaga* muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
1 — 3-ilovalar berilmaydi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Gʻ. Madarov zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu qaror qabul qilinishi bilan tuman hokimining 2013-yil 9-dekabrdagi 1118-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim H. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2014-yil 22-aprel,
279-q-son