Surxondaryo viloyati hokimining
Qarori
2014-yilda ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 774-II-son, Oliy Majlis Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-401-II-son hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashining 2013-yil 19-sentabrdagi 171/21-4-sonli “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorlarining ijrosini taʼminlash, 2014-yilda ish oʻrinlari yaratish, aholining bandligi, turmush darajasi va daromadlari oʻsishini taʼminlash, mehnat bozorida ishchi kuchiga boʻlgan talabni oshirish boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida qaror qilaman:
1. 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksiga asosan shahar va tumanlar hokimliklarining hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan:
2014-yilda barcha yoʻnalishlarda 66096 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha yigʻma manzilli dasturi 1 — 9-ilovalarga* muvofiq;
viloyat kasb-hunar kollejlarining 2013-2014 oʻquv yili bitiruvchilarini egallagan mutaxassisliklari va mehnat bozoridagi talabga muvofiq ish bilan taʼminlash yoʻnalishlari 10-ilovaga* muvofiq;
viloyatning shahar va tumanlarida 2014-yil iyun — dekabr oylarida ixtisoslashtirilgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini oʻtkazish reja jadvali 11-ilovaga* muvofiq;
mehnat bozoridagi vaziyatdan kelib chiqib ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, ishsizlarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish va kasb tayyorgarligiga yuborish prognoz koʻrsatkichlari 12 — 20 ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 20-ilovalar berilmaydi.
2. Termiz shahar va tumanlar hokimlari:
2014-yilda ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining belgilangan koʻrsatkichlarining samarali bajarilishini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rolini oshirishga, uy mehnati, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilikni rivojlantirishga, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga alohida eʼtibor bergan holda taʼminlasinlar;
tashkil etilayotgan ish oʻrinlarining saqlanib qolinishi va barqaror amal qilishini, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining bitiruvchilari egallagan mutaxassisliklariga muvofiq, ayollar, nogironlar hamda aholining ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan boshqa toifalari ishga joylashtirilishini taʼminlasinlar;
ish oʻrinlari sonini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida koʻpaytirish, shuningdek yangi obyektlarni ishga tushirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, kasanachilikni va xalq hunarmandchiligini tashkil etish, qurilish-pudrat ishlarini kengaytirish, shu jumladan qishloq joylarda koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilasinlar;
ikki kun muddatda ushbu qarordan kelib chiqqan holda 2014-yilda barcha yoʻnalishlarda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining manzilli roʻyxatlarini oʻzlarining qarorlari bilan tasdiqlasinlar va viloyat hokimligiga taqdim etsinlar;
har chorak yakuni boʻyicha xalq deputatlari shahar va tuman kengashlari bilan birgalikda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturining tasdiqlangan parametrlari bajarilishi, manzilli roʻyxatlarga kiritilgan obyektlarning ishga tushirilishi va belgilangan ish joylarining yaratilishini muhokama qilib borsinlar;
har oyda kamida ikki marta shahar va tuman Ishchi guruhlari bilan birgalikda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash hududiy dasturining tasdiqlangan parametrlari bajarilishi, manzilli roʻyxatlarga kiritilgan obyektlarning ishga tushirilishidagi muammolarni hal etish maqsadida ish joylarining yaratilishini muhokama qilib borsinlar.
3. Viloyat Markaziy banki bosh boshqarmasiga tijorat banklari bilan birgalikda tasdiqlangan reja-jadvaliga muvofiq tijorat banklari tomonidan 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish uchun moʻljallangan kreditlarning belgilangan muddatlarda ajratilishini joylarga chiqqan holda hokimliklar, tijorat banklari va tadbirkorlar ishtirokida muhokama etib, aniq tizimli chora-tadbirlarni belgilash tavsiya etilsin.
4. Viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi bilan birgalikda 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosining har oylik tizimli monitoringini hududlar va tarmoqlar kesimida amalga oshirsin, dastur ijrosi boʻyicha umumlashgan maʼlumotlarni viloyat hokimligiga har oyning 5-sanasigacha kiritib borsin.
Viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturining ijrosi monitoringini yuritishda idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxonalar, shahar, tumanlar hokimliklari bilan birgalikda investitsiya dasturlari, “2011 — 2015-yillarda viloyatda sanoatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi dastur, “2012 — 2016-yillarda viloyatda xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish” dasturi, “2011 — 2013-yillarda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kuchaytirish” dasturi, “Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash” dasturlari parametrlaridan kelib chiqib, ish oʻrinlari tashkil etilishining monitoringini taʼminlasin.
5. Viloyatning boshqarma, tashkilot, korxona va muassasalari hamda shahar va tumanlar hokimliklari 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni har oyning 1-sanasigacha viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga taqdim etib borsin.
6. Viloyat statistika boshqarmasi viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi bilan birgalikda barcha chora-tadbirlar hisobiga yaratilayotgan yangi ish oʻrinlarining oylik hisobini yuritilishini taʼminlasin.
7. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish va boshqa manfaatdor boshqarmalar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, yirik korxonalar, shahar, tumanlar hokimliklari bilan birgalikda kasb-hunar kollejlari bitiruvchi kurs oʻquvchilarini aniq korxonalarga biriktirish boʻyicha kompleks choralarni roʻyobga chiqarsin, korxonalar (ish beruvchilar), kasb-hunar kollejlari, bitiruvchilar va ularning ota-onalari oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalarning samaradorligini hamda ularning shartlariga amalda rioya etilishini kuchaytirsin.
8. Viloyat teleradiokompaniyasi, viloyat Matbuot va axborot hududiy boshqarmasiga 2014-yilda yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosini ommaviy axborot vositalarida yoritish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining tarmoqlar boʻyicha oʻrinbosarlari zimmalariga yuklatilsin.
Hokim E. JOʻRAYEV
Termiz sh.,
2014-yil 18-fevral,
32-son