Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining
Qarori
Viloyatda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi 774-II-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi 2013-yil., 11-son, 305-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi SQ-401-II-sonli qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan viloyatda 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi prognoz parametrlarini atroflicha muhokama etib, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi 774-II-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-401-II-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Jizzax viloyatida 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy maqsadi va mohiyati toʻgʻrisida viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari B. Yaxshiboyevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan viloyat Dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. Viloyat hokimi oʻrinbosarlari, tuman va shahar hokimliklari, mutasaddi boshqarma hamda tashkilotlar rahbarlariga:
2013 — 2016-yillarga moʻljallangan dasturlar ijrosini toʻliq taʼminlash hisobiga dasturda belgilangan yangi ish oʻrinlari yaratish parametrlarining ijrosini toʻliq taʼminlash;
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarni yangilash, kichik korxonalar va mikrofirmalarni tashkil qilish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni, uy mehnatining barcha shakllarini, shu jumladan korxonalar bilan kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirish, fermer xoʻjaliklarini, ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini rivojlantirish, ishlamasdan turgan, iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar faoliyatini tiklash va moliyaviy sogʻlomlashtirish;
2013-2014 oʻquv yilida kasb-hunar bitiruvchilarining toʻliq bandligini taʼminlash vazifalari topshirilsin hamda ushbu topshiriqlarning ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oyda viloyat hokimligiga axborot berib borilsin.
5. Ushbu qaror “Jizzax haqiqati” gazetasida eʼlon qilinsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashi mahalliy budjetini shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda viloyat hokimining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror 2014-yil 1-yanvaridan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi raisi S. ISMAILOV
Jizzax sh.,
2013-yil 30-dekabr,
149/28-son