Jizzax viloyati Jizzax shahar hokimining
Qarori
Shahar hududida toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi PF-2100-son Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 1998-y., 10-11-son, 203-modda) ijrosini taʼminlash hamda shahar hududidagi toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilik bilan oʻtkazilishi keng jamoatchilikni tashvishga solayotganligi sababli bunday holatlarga chek qoʻyish, fuqarolar sogʻligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Shahar Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Maʼnaviyat targʻibot markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashini tuzish taklifi maʼqullanib, ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Xotin-qizlar qoʻmitasi (N. Muxtorova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (B. Meliyev), “Nuroniy” jamgʻarmasi (X. Mamatqulov), Maʼnaviyat targʻibot Markazi (A. Sultonov)ga:
jamoatchilik Kengashining maqsad va vazifalarini belgilab, oʻtkaziladigan toʻy-hasham, marosim, oilaviy tantanalar va boshqa tadbirlarni oʻtish holati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda toʻy va marosim egalari bilan ixcham, isrofgarchiliksiz va belgilangan talablar asosida oʻtkazish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish;
keng jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni tartibga solish hamda ixcham va milliy qadriyatlar asosida oʻtkazish boʻyicha takliflarni ishlab chiqib, targʻibot orqali jamiyat hayotiga tatbiq etish;
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar va marosimlarni oʻtkazish boʻyicha jamoatchilik fikrini inobatga olmaydigan fuqarolarni mahalla fuqarolar yigʻiniga taklif qilish, ushbu masalani mahalla va mehnat jamoasida muhokama etish, taʼsir chorasini koʻrish va tushuntirish ishlarini oʻtkazish tizimini yaratish vazifalari topshirilsin.
3. Shahar bosh imom-xatibi (D. Fayzullayev)ga:
toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maraʼka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlarni ixcham oʻtkazishni, dabdabali oʻtkazilayotgan tadbirlar oʻrniga mablagʻni kam taʼminlangan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirishni targʻib qilish;
diniy tashkilotlar imom-xatiblari toʻylar va marosimlardagi maʼruzalarida aholining eʼtiborini yoshlar tarbiyasi, ota-onaning masʼuliyati, jamiyat hayotiga xavf solayotgan tahdidlarning oldini olish, tinchlik va mustaqillik neʼmatini asrash kabi masalalarga qaratishi tavsiya etilsin.
4. Shahardagi davlat boshqaruvi organlari, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat unumdorligini saqlash maqsadida restoran, kafe va toʻyxonalarda ish kunlari toʻy va marosim munosabati bilan soat 07.00 dan 09.00 gacha yoki 12.00 dan 14.00 gacha osh berish va aksincha ish vaqtida soat 09.00 dan 12.00 gacha, 14.00 dan 18.00 gacha osh bermaslik hamda soat 23.00 dan keyin toʻy va bazmlarni davom ettirish holatlarini oldini olish boʻyicha jamoatchilikning takliflari qoʻllab-quvvatlansin.
5. Shahar Davlat soliq inspeksiyasi (B. Qulmatov)ga:
Restoran, kafe va toʻyxonada toʻy-hasham va turli marosimlarni oʻtkazishda plastik kartochkalar, pul oʻtkazish yoʻli va bank krediti orqali oʻtkaziladigan toʻlovlarni qabul qilishda hech qanday cheklovlarsiz, bir xil narxda amalga oshirilishi nazoratga olinsin.
6. Shahar Ichki ishlar boʻlimi (J. Boliyev)ga:
Barcha restoran, kafe va toʻyxona egalari toʻy va marosimlarda fuqarolar hayotiga xavf soluvchi texnikalar, koʻrgazmalar va pirotexnikadan foydalanmaslik hamda toʻyxona atrofida yashovchi aholining tinchi buzilmasligi uchun toʻy-hashamdan soʻng shovqinli holatlar boʻlmasligini taʼminlash, toʻy-hasham munosabati bilan kelin-kuyov va ularning yaqinlari shaharda aylanishi va suratga olishi jarayonida fuqarolar hamda yoʻl harakati xavfsizligiga qatʼiy rioya etilishini nazorat qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilasin.
7. Shahar Madaniyat va sport ishlari boʻlimi (R. Suyarov)ga:
toʻylar va bazmlarda sanʼatkorlar ishtiroki va ularning kiyinish madaniyatiga rioya qilinishi, shuningdek xonandalik va raqqosalik litsenziyasi mavjudligi nazoratga olinsin, raqqosalik kasbiga nomunosib boʻlgan qiz-juvonlarning toʻy-hasham va bazmlarga raqqosa nomi ostida chiqishi qatʼiy cheklansin.
8. Shahar Xotin-qizlar qoʻmitasi (N. Muxtorova), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (B. Meliyev), “Nuroniy” jamgʻarmasi (H. Mamatqulov), Maʼnaviyat targʻibot Markazi (A. Sultonov) hamda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, diniy tashkilotlar imom-xatiblariga ushbu qarorning mazmun-mohiyatini aholi va mehnat jamoasi oʻrtasida keng targʻib qilish vazifasi topshirilsin.
9. Mazkur qaror shahardagi barcha restoran, kafe va toʻyxona egalariga yetkazilsin va ijrosi toʻliq nazoratga olinsin.
10. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimi oʻrinbosarlari S. Ortiqov va N. Muxtorova zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. QOBILOV
Jizzax sh.,
2014-yil 29-yanvar,
129-son
Shahar hududida toʻy-hasham, marosim va oilaviy tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Jamoatchilik Kengashi
TARKIBI
| T/r | Ismi, sharifi | Lavozimi |
| 1. | N. Muxtorova | Shahar hokimining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, Kengash raisi |
| 2. | J. Boliyev | Shahar Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi |
| 3. | B. Meliyev | “Mahalla” hayriya jamoat fondi raisi v. b. |
| 4. | X. Mamatqulov | “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi |
| 5. | A. Sultonov | Maʼnaviyat targʻibot Markazi rahbari |
| 6. | D. Fayzullayev | Shahar bosh imom-xatibi |
| 7. | R. Suyarov | Shahar Madaniyat va sport ishlari boʻlimi mudiri |