Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar hokimining
Qarori
Traktor transporti va ularning tirkamalarini, yoʻl qurilish mashinalarini yillik texnik koʻriqdan oʻtkazish hamda mexanizator haydovchilarning malakasini oshirish haqida
Mazkur qaror Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar hokimining 2015-yil 26-yanvardagi 31-sonli “Shahar hududidagi korxona va tashkilotlardagi traktor transportlari hamda ularning tirkamalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish va mexanizator haydovchilarini malakasini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi “Qishloq hoʻjaligi va meliorativ texnikani, asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 345-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan 2014-yilda shahardagi korxona va tashkilotlarda mavjud boʻlgan traktor transporti va ularning tirkamalarini, yoʻl qurilish mashinalarini yillik texnik koʻrikdan sifatli, toʻliq oʻtkazish, mexanizator haydovchilarni malakasini oshirish, texnik vositalaridan unumli foydalanish, texnika xavfsizligini taʼminlash, yoʻl ulov hodisalarini oldini olish maqsadida qaror qilaman:
1. Shahardagi korxona va tashkilotlarda mavjud boʻlgan traktor transporti hamda ularning tirkamalarini, yoʻl qurilish mashinalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiya tarkibi 1-ilovaga*, traktor transporti hamda ularning tirkamalari, yoʻl qurilish mashinalari texnik koʻrikdan oʻtkaziladigan korxona va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga*, texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—3-ilovalar berilmaydi.
2. Shahardagi tegishli korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari tomonidan mazkur qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan komissiya aʼzolarini traktor transporti hamda ularning tirkamalarini, yoʻl qurilish mashinalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish davrida komissiya tarkibida faoliyat olib borishlari uchun oylik ish haqlarini saqlagan holda vazifalaridan ozod qilib, Qoʻqon shahar Davlat texnika nazorati inspeksiyasiga kelishlari taʼminlansin.
3. Shahar xududida joylashgan, tasarrufida qishloq hoʻjaligi texnikalari hamda ularning tirkamalari, yoʻl qurilish mashinalari boʻlgan korxona va tashkilot rahbarlari tomonidan mavjud texnikalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun belgilangan muddatda, sifatli tayyorlash vazifasi yuklatilsin.
4. Qoʻqon shahar Davlat texnika nazorati inspeksiyasi bosh inspektori E. Komilov, Qoʻqon shahar Ichki ishlar boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi boshligʻi R. Begmatov, shahar hokimligi YTTBO boshligʻi B. Ergashevlar oʻzaro hamkorlikda:
Mexanizator haydovchilarni malakasini oshirish, texnika havfsizligi, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilinishini taʼminlash yuzasidan mexanizator haydovchilarni jalb qilgan holda davra suhbatlari tashkil etish vazifasi topshirilsin.
5. “Qoʻqon sadosi” va “Znamya truda” roʻznomalari birlashgan tahririyati (A. Muhammadiyev), “Muloqot” telekanali (X. Shermatov) tomonidan traktor transportlari va ularning tirkamalari, yoʻl qurilish mashinalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish jarayonini ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borish vazifasi topshirilsin.
6. Belgilansinki, ushbu qaror ommaviy axborot vositalarida rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan shahar hokimining 2013-yil 11-martdagi 98-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari M. Turdikulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. ABDULLAYEV
Qoʻqon sh.,
2014-yil 28-yanvar,
42-son
(“Qoʻqon sadosi” gazetasi, 06.02.2014-y., 6 (12838)-son)