Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 16-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2585]
Oʻzbekiston Respublikasining “Naslchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-iyuldagi PQ–2003-sonli “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. TESHAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 28-aprel,
101-son
Oʻzbekiston Respublikasi
qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
2014-yil 28-apreldagi 101-sonli buyrugʻiga
ILOVA
qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
2014-yil 28-apreldagi 101-sonli buyrugʻiga
ILOVA
Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2024-yil 24-iyundagi 16-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2585-1, 24.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 10/24/2585-1/0550-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
naslchilik xoʻjaligi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 5-sentabrdagi 449-son qarori bilan tasdiqlangan Naslchilik xoʻjaligi maqomini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq naslchilik xoʻjaligi maqomiga ega boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2024-yil 24-iyundagi 16-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2585-1, 24.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 10/24/2585-1/0550-son)
klass — qishloq xoʻjaligi hayvonlarini baholash natijasi bilan belgilanadigan toifa;
laktatsiya davri — qishloq xoʻjaligi hayvonlarining sut berish davri;
eksteryer — hayvonning tashqi tana tuzilishi.
2. Zotini takror koʻpaytirish uchun tanlab olingan nasldor erkak hayvonlar avlodining sifati va oʻz mahsuldorligi boʻyicha tekshirilishi hamda baholanishi lozim.
3. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash naslchilik xoʻjaligida eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan erkak hayvonni aniqlash va undan seleksiya-naslchilik ishlarida foydalanish maqsadida oʻtkaziladi.
4. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholash naslchilik xoʻjaliklari tomonidan nasldor hayvonlarning belgilangan mahsuldorlik darajasiga qarab oʻtkaziladi.
2-bob. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholashni tashkil etish
5. Har bir naslchilik xoʻjaligida kamida uchta erkak hayvon tekshirish va baholash uchun tanlab olinadi.
6. Tekshirish va baholash uchun tanlab olingan har bir erkak hayvon uchun u bilan juftlashtiriladigan urgʻochi hayvonlar ham tanlab olinadi. Urgʻochi hayvonlar naslchilik xoʻjaligining oʻzidan, shuningdek kelishuv asosida boshqa naslchilik xoʻjaliklari yoki naslchilik xoʻjaligi maqomiga ega boʻlmagan xoʻjaliklardan tanlanishi mumkin.
7. Juftlashtirish uchun urgʻochi hayvonlarni tanlashda quyidagilarga rioya qilish zarur:
har bir erkak hayvon bilan juftlashtiriladigan urgʻochi hayvonlar soni 60 boshdan, shu jumladan yosh urgʻochi hayvonlar soni 20 boshdan koʻp boʻlishi;
juftlashtirishni 2 — 4 oy ichida amalga oshirish imkoniyati mavjud boʻlishi;
ota yoki ona avlodi boʻyicha yaqin qarindoshlarni juftlashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi;
tanlangan urgʻochi hayvonlarning kelib chiqishi boʻyicha kamida uchta boʻgʻin erkak ajdodi maʼlum boʻlishi.
8. Har bir nasldor erkak hayvonning kamida 25 nafar erkak va 25 nafar urgʻochi bolalarida tekshirish olib boriladi hamda ularning oʻsishi va rivojlanishi boʻyicha olingan natijalarning oʻrtacha koʻrsatkichi aniqlanadi.
9. Nasldor hayvonlar nasl qiymati, mahsuldorligi, nasl sifati boʻyicha tekshiriladi.
10. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholashda naslchilik xoʻjaliklari quyidagi talablarga rioya qilishlari zarur:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz faoliyatida naslchilik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga amal qilishi;
(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
nasldor hayvonlarning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlari mavjudligini taʼminlashi;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarini maqbul sharoitda saqlashi, parvarishlashi va oziqlantirishi.
11. Nasldor erkak hayvonlarni avlodlarining sifati boʻyicha baholashda quyidagilar inobatga olinishi zarur:
naslchilik xoʻjaligining joylashgan manzili;
nasldor erkak hayvonlarning soni va sifati;
urgʻochi hayvonlar soni va sifati;
urgʻochi hayvonlarni sunʼiy urugʻlantirish va ulardan nasl olish muddatlari;
olingan yosh avlodlarni oʻstirish va saqlash sharoitlari;
avlodlarini boshqa erkak hayvonlar avlodlari bilan taqqoslash natijalari.
12. Nasldor erkak hayvonlar avlodlarining kunlik oʻsish tezligi oʻsish davrida olingan tirik vaznning ozuqa bilan qoplanishi va ushbu avlodning mahsuldorligi boʻyicha baholanadi.
13. Tekshirilayotgan nasldor erkak hayvonlarning avlodlarini taqqoslash quyidagicha amalga oshiriladi:
nasldor erkak hayvonning urgʻochi bolalarini boshqa nasldor erkak hayvonlarning urgʻochi bolalari bilan taqqoslash;
nasldor erkak hayvon urgʻochi bolalarining mahsuldorligini onalarining mahsuldorligi bilan taqqoslash;
nasldor erkak hayvon urgʻochi bolalarini ularning tengdoshlari bilan taqqoslash;
nasldor erkak hayvon urgʻochi bolalarining mahsuldorligini naslchilik xoʻjaligining koʻrsatkichlari bilan taqqoslash;
nasldor erkak hayvon urgʻochi bolalarining mahsuldorligini tegishli zot boʻyicha minimal koʻrsatkichlar bilan taqqoslash.
14. Tanlab olingan nasldor erkak hayvonlar tekshirish va baholash yakunida podani yaxshilovchi, neytrallashtiruvchi va yomonlashtiruvchi turlarga ajratiladi.
15. Podani neytrallashtiruvchi va podani yomonlashtiruvchi deb topilgan erkak hayvonlardan seleksiya-naslchilik ishlarida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Nasldor erkak hayvonlarni tekshirish va baholashning xususiyatlari
1-§. Nasldor buqalarni tekshirish va baholash
16. Naslchilik xoʻjaligida tekshirish va baholash uchun avlodlarining sifati boʻyicha baholanmagan 12 — 14 oylikdagi nasldor buqalar tanlab olinadi.
17. Nasldor buqalarni avlodlarining sifati boʻyicha tekshirishda ulardan doimiy ravishda urugʻ olish va ularni uzoq muddat saqlash uchun muzlatib qoʻyish talab etiladi. Muzlatilgan urugʻlardan qanday maqsadda foydalanish buqalarni baholash yakunlangandan keyin aniqlanadi.
18. Nasldor buqa avlodlarining sifati boʻyicha tekshirilayotganda uning urgʻochi bolalari tugʻilgan paytidan boshlab yaxshi sharoitda saqlanishi va oziqlantirilishi, ularning tirik vazni Naslli mahsulot (material) bonitirovkasini oʻtkazish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2574, 2014-yil 9-aprel) muvofiq, tegishli zot boʻyicha I klassni baholashda qoʻyiladigan minimal koʻrsatkichlardan 10 — 20 foiz yuqori boʻlishi kerak.
19. Nasldor buqa avlodlarining tirik vazni tugʻilgan paytida, 8, 12, 15, 18 oyligida tekshiriladi va tugʻilgan paytdan 18 oylik boʻlgunga qadar ularning kunlik oʻsishi kuzatib boriladi, eksteryeri va gavda tuzilishi kompleks baholanadi.
20. Sigirlar sut berish davrining ikkinchi oyida sunʼiy qochiriladi.
21. Sigirlarning sut mahsuldorligi toʻliq — 305 kunlik yoki qisqa — 200 kunlik laktatsiya davri maʼlumotlari asosida baholanadi.
22. Sut yoʻnalishidagi sigirlarda birinchi tugʻishidan boshlab sutni koʻpaytirish usuli qoʻllaniladi. Ularning sut mahsuldorligi 90 — 100 kunlik laktatsiya davri maʼlumotlari asosida baholanadi.
23. Sigirlarning sut mahsuldorligi toʻliq yoki qisqa laktatsiya davrida har oyda nazorat sogʻimi oʻtkazish hamda sogʻilgan sut miqdori, uning tarkibida yogʻ va oqsilning ulushini aniqlash orqali baholanadi.
24. Laktatsiya davrining 2-3 oyida sigirlarning tirik vazni, oldingi yelin pallasining rivojlanish indeksi va sut berish tezligi aniqlanadi, shuningdek ularning eksteryeri va gavda tuzilishi baholanadi.
25. Nasldor buqa baholash yakuni boʻyicha podani yaxshilovchi deb topilgan taqdirda, uning avlodlari sogʻilgan sut miqdori, sut tarkibida yogʻ va oqsilning ulushi boʻyicha toifalarga ajratiladi.
2-§. Nasldor otlarni tekshirish va baholash
26. Nasldor otlar va ularning avlodlari eksteryeri, gavda tuzilishi, ish qobiliyati hamda harakat sifati boʻyicha baholanadi.
27. Nasldor aygʻirlardan seleksiya-naslchilik ishlarida 5 yoshga toʻlgandan boshlab foydalaniladi. Nasldor biyalar 3 yoshga toʻlgandan keyin qochiriladi.
3-§. Nasldor qoʻchqor va takalarni tekshirish va baholash
28. Nasldor qoʻchqorlar va takalarni tekshirish va baholashda Naslli mahsulot (material) bonitirovkasini oʻtkazish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2574, 2014-yil 9-aprel) asosan, tegishli zot boʻyicha I klassni baholashda qoʻyiladigan minimal koʻrsatkichlarga muvofiq boʻlgan hamda bir xil yoshdagi urgʻochi qoʻy va echkilar tanlab olinadi.
29. Qorakoʻlchilikda nasldor qoʻchqorlarni tekshirish va baholash uchun urgʻochi qoʻylarni tanlashda ularning teri berish xususiyatiga koʻra bir xil rangli teri beruvchi tipga yoki har xil rangli teri beruvchi tipga mansub ekanligi inobatga olinadi.
30. Nasldor qoʻchqorlar va takalarning avlodlari 15 — 20 kunlikda hamda onasidan ajratilgan paytda — 3,5 — 4,0 oylikda qayta saralanadi.
31. Qoʻchqorcha va takachalar 8-9-oyligidan boshlab tekshiriladi.
32. Nasldor qoʻchqorlar va takalarning avlodlari egizak tugʻilganda, ularni baholash natijalariga 1,12 toʻgʻrilash koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
33. Nasldor qoʻchqorlar va takalarning avlodlari 4 oylikdan 7 oylikkacha boʻlgan davrda boquvga qoʻyib semirtiriladi hamda olingan tirik vaznning ozuqa bilan qoplanishi aniqlanadi.
34. Qoʻchqorlar va takalarning nasldorligini baholashda qoʻshimcha ravishda quyidagilar inobatga olinishi zarur:
ona tomondan qarindosh boʻlgan urgʻochi avlodlarning nasl berish xususiyati;
urgʻochi qoʻy va echkilarni qochirish sifati;
olingan naslning hayotchanligi;
avlodlarining onasidan ajratish paytidagi tirik vazni.
4-§. Nasldor xoʻrozlarni tekshirish va baholash
35. Nasldor xoʻrozlarni tekshirish va baholashda yosh xoʻrozchalar oldindan tanlab olinadi. Ular har 10 — 12 kunda juftlashtiriladigan parrandalar yashaydigan bir uyadan boshqa uyaga oʻtkazib turilishi kerak.
36. Nasldor xoʻrozlar quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha baholanadi:
parrandalarni urugʻlantirish xususiyati;
urgʻochi bolalarining birinchi 4 oyida tuxum berish mahsuldorligi;
tuxum vazni, tuxumlardan joʻjalar chiqishi;
joʻjalarning tirik vazni.
37. Nasldor xoʻrozlardan 2,5 — 3,0 yil foydalanilishi zarur.
4-bob. Yakuniy qoidalar
38. Nasldor erkak hayvonlarni baholash va tekshirish natijalari ularning kelib chiqishi, mahsuldorligi va boshqa sifatlarini tasdiqlovchi hujjatlarga kiritib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
39. Baholash va tekshirish natijalariga muvofiq podani yaxshilovchi deb topilgan nasldor erkak hayvonlar haqidagi maʼlumotlar Davlat nasldor hayvonlar kitoblariga kiritish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga taqdim etiladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2024-yil 24-iyundagi 16-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2585-1, 24.07.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2024-y., 10/24/2585-1/0550-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 241-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 25.07.2024-y., 10/24/2585-1/0550-son)