Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimining
Qarori
Zarbdor tumanining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi hamda mahalliy budjetning asosiy parametrlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2012-yil 16-noyabrdagi 576-II-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 11-son, 309-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 2012-yil 6-dekabrdagi SQ-343-II-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-y., 12-son, 345-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1887-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 52-son, 587-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi PQ-1887-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2013-yil uchun:
Tumanni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi 1-ilovaga* muvofiq;
tumanning mahalliy budjeti asosiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetining daromadlar va xarajatlar hajmlari, viloyat budjetidan maqsadli subvensiyalarning cheklangan miqdorlari 3-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjeti aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 5-ilovaga* muvofiq;
tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarga belgilab qoʻyilgan soliqlar stavkalari 6-ilovaga* muvofiq;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar)ga belgilab qoʻyilgan soliq stavkalari 7-ilovaga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 8-ilovaga* muvofiq;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—9-ilovalar berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qaroridagi tegishli ilovalari bilan;
yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi stavkalari;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari;
yagona soliq toʻlovi stavkalari;
respublikada ishlab chiqariladigan va roʻyxat boʻyicha chetdan keltiriladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
imzolanadigan bonus va tijorat topilmasi bonusi;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha ortiqcha foydadan soliq stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan mulk soligʻi stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari;
yagona yer soligʻi stavkalari;
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foiz miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividentlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz miqdorda;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar stavkalari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,6 foiz, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,4 foiz va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 0,5 foiz miqdorida;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining tegishli ilovasida keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlangan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foiz miqdorida;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari stavkasi 6,0 foiz miqdorida.
4. 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab:
Yagona soliq toʻlovini toʻlovchi barcha shaxslar uchun (chakana savdo korxonalari bundan mustasno) yagona soliq toʻlovining eng kam miqdorini xisoblash uchun yagona baza — ular egallab turgan yer uchastkasi maydonidan kelib chiqqan holda hisoblanadigan yer soligʻining uch karra miqdoridagi summasi belgilanganligi hamda bunda chakana savdo korxonalari uchun aynan shu turdagi faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan belgilab qoʻyilgan soliq summasidan kelib chiqqan holda yagona soliq toʻlovining eng kam miqdorini hisoblash tartibi saqlab qolinganligi;
Ixtisoslashtirilgan “Sharobsavdo” hududiy bazalari uchun chakana va ulgurji tovar aylanmasi boʻyicha yagona soliq toʻlovi stavkasi 5 foiz miqdorida belgilanganligi;
undirishni soliq toʻlovchilarning mulkiga qaratish uchun soliq qarzdorligining eng kam miqdorlari 10-ilovaga* muvofiq belgilanganligi;
* 10-ilova berilmaydi.
mobil aloqa xizmati koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlov haqi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining 27-ilovasiga muvofiq taqsimlangan holda, oyiga 500 soʻm miqdorida belgilanganligi;
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi avtomobil gaz toʻldirgich kompressor stansiyalariga (shu jumladan oʻz balansida avtomobil gaz toʻldirgich kompressor stansiyalari boʻlgan yuridik shaxslarga) sotadigan tabiiy gazning ulgurji-sotish narxiga qoʻshimcha ravishda har bir kub metri uchun 200 soʻm miqdorda soliqqa tortilmaydigan maxsus investitsiya ustama haqi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Yagona soliq toʻlovi tushumlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi hamda budjetdan tashqari Taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda taqsimlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. 2013-yilning 1-yanvaridan boshlab:
“Oʻzneftmahsulot” AK neft bazalari tomonidan ajratilgan limitlarga muvofiq avtomobil benzini va dizel yonilgʻisini sotish budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga chakana narxlarda, avtomashinalarga yonilgʻi quyish shaxobchalariga esa — chegirmani hisobga olgan holda chakana narxlarda amalga oshirilishi belgilanganligi;
benzin va dizel yonilgʻisining chakana hamda ulgurji narxlari oʻrtasida neft bazalarining qoʻshimcha narxlari va chegirma miqdori chiqarib tashlanganda hosil boʻladigan tafovut benzin va dizel yonilgʻisini avtomashinalarga yonilgʻi quyish shahobchalariga sotilganida belgilangan tartibda neftni qayta ishlash zavodlariga oʻtkazilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Tuman hokimiyati va davlat boshqaruvi organlarining barcha darajalardagi mahalliy budjet daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetning Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari va boshqa daromadlar:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkor)dan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
tumanda ishlab chiqariladigan oʻsimlik moyi va pivo mahsulotining aksiz soligʻi;
davlat bojlari, yigʻimlar va jarimalar 11-ilovaga* muvofiq toʻliq hajmda tuman mahalliy budjeti daromadlariga oʻtkazilsin.
8. 2013-yil uchun tuman mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni joylashtirish uchun olinadigan ota-onalar toʻlovi miqdori 12-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 11-12-ilovalar berilmaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatgichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1245-son qarori 24-bandining amal qilishi 2014-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
10. Tuman hokimligi moliya boʻlimining tuman mahalliy budjetining 2012-yilgi asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
11. Tuman moliya boʻlimi va gʻaznachilik boʻlinmasi, tuman banklari bilan birgalikda 2013-yilning yanvar oyida, oʻtkazilgan operatsiyalarni 2012-yilgi tuman mahalliy budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirgan holda, 2013-yilgi tuman mahalliy budjeti ijrosi boʻyicha qonun xujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalar oʻtkazsinlar.
12. “Zarbdor” gazetasi tahririyati (A.Oʻskanov)ga mazkur qarorning toʻliq matnini gazetada chop etilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qaror xalq deputatlari tuman Kengashi tasdigʻiga kiritilsin.
14. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari N. Abdusaidov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim E. GʻAYBULLAYEV
Zarbdor sh.,
2013-yil 27-iyul,
894-son