Buxoro viloyati Buxoro shahar hokimining
Qarori
Shaharning sanitariya-epidemiologik holatini yaxshilash va shahar hududida tozalikni saqlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Buxoro viloyati hokimining 2021-yil 2-iyundagi 242-sonli “Shaharlar va tumanlar hokimliklarining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Shaharda chiqindilarning fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, atrof muhitga zararli taʼsirining oldini olish, tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va sanitariya-epidemiologik muhitni yaxshilash, chiqindilarni turlarga ajratish orqali chiqindixonalar maydonini kamaytirish, zamonaviy texnologiyalar yordamida qayta ishlash tizimini joriy etish, aholidan chiqindilarni yigʻish va tashkiliy ravishda olib chiqib ketish ishlarini yanada takomillashtirish va tartibga solish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda), “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 355-modda), “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 38-modda), “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 72-modda) qonunlariga asosan qaror qilaman:
1. Buxoro shahrida maishiy chiqindilarni ajratish, toʻplash, yigʻish, tashlash va tashkiliy ravishda olib chiqib ketish boʻyicha qoidalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi (O. Adizov) chiqindi yigʻish maydonchalari va sanitar tozalash hududlari chegarasini aniqlab bersin, shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastr xizmati davlat unitar korxonasi (J. Habibov) tegishli hujjatlarni tayyorlab bersin.
3. Buxoro shahar “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ (S. Kenjayev):
shahar hududida belgilangan muddatlarda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun maxsus avtotransport vositasi bilan taʼminlash, chiqindilarni tashkiliy ravishda olib ketish va Markaziy chiqindixonaga joylashtirish boʻyicha tizimni tubdan yaxshilash chorasini koʻrish;
maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida olib ketilishini taʼminlash va hisobini yuritish tizimini yaratish;
maxsus chiqindi tashlash joylarini tartibga keltirish, belgilangan muddatlarda dezinfeksiyalash, turli chiqindilar uchun zarur miqdorda maxsus temir quti bilan taʼminlashni tashkil etish tavsiya etilsin.
4. Aholi uchun chiqindilarni tashlash tartibi, koʻchaga biriktirilgan Buxoro shahar “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJning maxsus avtotransport vositasi va uning kelish muddati, murojaat uchun telefonlar boʻyicha targʻibot vositalari tayyorlanib, joylarga oʻrnatilsin.
5. Shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi (A. Axmedov)ga:
shahar koʻchalari va maydonlarini tozalash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish davrida yuzaga keladigan chiqindilar, shox-shabbalar va xazonlarni oʻz vaqtida olib chiqib ketish ishlarini amalga oshirish;
shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi (O. Adizov) bilan birgalikda shahar koʻchalari uchun zamonaviy urnalarni tayyorlash, ishlab chiqarilishini tashkil etish hamda jamoat joylariga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash topshirilsin.
6. Shahar uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi (Sh. Azimov)ga xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga koʻp qavatli uy-joy fondi atrofini tozalash, ozoda tutish va hosil boʻlgan chiqindilarni yigʻishtirib, belgilangan joyga tashlash ishlarini tashkil etish va nazoratga olish topshirilsin.
7. Shahar hokimligi xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi tomonidan shaharning tozaligini saqlash, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, tabiatni muhofaza qilish va atrof muhitni ifloslantirishning oldini olish yuzasidan maxsus darslarda targʻibot-tashviqot ishlari olib borilsin.
8. Mazkur qaror “Buxoro oqshomi” gazetasida va shahar hokimligining veb-saytida rasmiy eʼlon qilinsin.
9. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim V. OʻRINOV
Buxoro sh.,
2013-yil 21-oktabr,
1602-q-son
Buxoro shahar hokimining 2013-yil 21-oktabrdagi 1602-q-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Buxoro shahrida maishiy chiqindilarni ajratish, toʻplash, yigʻish, tashlash va tashkiliy ravishda olib chiqib ketish boʻyicha
QOIDALAR
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda), “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 355-modda), “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 38-modda), “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 72-modda) qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Buxoro shahrida maishiy chiqindilarni yigʻish, ajratish, tashlash va tashkiliy ravishda olib chiqib ketish, shaharni obodonlashtirish, ozodaligini saqlash, chiqindilarni yigʻish, ularni toʻplash, olib chiqib ketish talablarini belgilaydi.
I. Asosiy tushunchalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
chiqindilar — ishlab chiqarish yoki isteʼmol qilish jarayonida xomashyo, materiallar, xomaki mahsulotlar, boshqa buyumlar yoki mahsulotlarning hosil boʻlgan qoldiqlari, shuningdek oʻzining isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan tovarlar (mahsulotlar);
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish — chiqindilarning hosil boʻlishi, ularni toʻplab olib ketish, saqlash, tashish, koʻmib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyat;
chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish obyektlari — chiqindilarni toʻplash, saqlash, tashish, koʻmib tashlash, qayta ishlash, utilizatsiya va realizatsiya qilish uchun foydalaniladigan obyektlar;
chiqindilarni saqlash — koʻmib tashlash, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish maqsadida chiqindilar olib ketilguncha ularni maxsus jihozlangan toʻplagichlarda saqlash;
xavfli chiqindilar — tarkibida xavfli (zaharlilik, yuqumlilik, portlovchanlik, tez alangalanib yongʻin chiqaruvchanlik, reaksiyaga tez kirishuvchanlik, radioaktivlik) xususiyatlardan loaqal bittasiga ega moddalar mavjud boʻlgan, bunday moddalar fuqarolar sogʻligʻi va hayotiga, atrof-muhitga oʻzi mustaqil tarzda ham, shuningdek boshqa moddalarga qoʻshilganda ham bevosita yoki potensial xavf tugʻdiradigan miqdorda va shaklda mavjud boʻlgan chiqindilar.
II. Maishiy chiqindilarni yigʻish, ajratish, olib chiqib ketish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish
2. Chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlashga doir talablar.
Chiqindilarni saqlash sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq hamda chiqindilardan oqilona foydalanilishini yoki ularning boshqa shaxslarga berilishini taʼminlovchi usullarda amalga oshiriladi.
Chiqindilar koʻmib tashlanadigan joy (xavfli chiqindilar bundan mustasno) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda belgilanadi.
Chiqindilarni aholi punktlari yerlarida, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish; rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlarda va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlarda, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, shuningdek tabiatni muhofaza qilish obyektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zarar yetkazish tahdidi kelib chiqishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda saqlash va bunday joylarga koʻmib tashlash taqiqlanadi.
3. Buxoro shahrida joylashgan, faoliyat yuritayotgan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar, idoralar, muassasalar, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xonadon egalari, istiqomat qilayotgan fuqarolar va shahar mehmonlari mazkur Qoidalarda belgilangan talablarga rioya etishga majburdirlar.
4. Simobli lampalarning ishlatib boʻlgan resurslarini toʻplash lampalarni shikastlamaydigan va ulardagi simobli moddalarning havoga chiqishiga, suv taʼminoti manbalariga, tuproqqa va oziq-ovqat mahsulotlariga tushishiga yoʻl qoʻymaydigan maxsus idishga solinadi va belgilangan joyga topshiriladi.
5. Yuridik va jismoniy shaxslar chiqindilarni turlarga ajratgan holda yigʻadi hamda oʻz hududida sanitariya-gigiyena qoidalariga asosan saqlaydi.
6. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chiqindilar belgilangan chiqindi tashlash joyiga va “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJning chiqindini olib ketish maxsus avtotransport vositasiga tashlanadi.
7. Bino, inshoot, yakka tartibdagi xususiy uylar va koʻp qavatli uy-joy atrofiga chiqindilarni olib chiqib qoʻyish, toʻplash, koʻcha, suv, ariq va belgilanmagan joyga chiqindilarni tashlash, harakatlanayotgan avtotransport vositasidan yoʻllarga turli chiqindilarni tashlab yuborish man etiladi.
8. Chiqindi tashlash joyining amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda chegarasi belgilangan boʻlib, sanitariya va ekologik holati normallashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan boʻladi.
9. Chiqindi tashlash joyi chiqindilarning zarur miqdordagi maxsus temir qutilar bilan taʼminlanadi.
10. Yakka tartibdagi xususiy xonadon egalari va unda istiqomat qiluvchi fuqarolar oʻzlarining kundalik chiqindilarini oʻz hovlisida saqlaydi va “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJning chiqindi olib ketish maxsus avtotransport vositasi kelish vaqtiga qarab chiqindilarni shu maxsus avtotransport vositasiga tashlaydi.
11. Yuridik va jismoniy shaxslar qurilish chiqindilari, shox-shabba va barg-xazonlarni chiqindi olib ketuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzgan holda yoki oʻzlari yollagan maxsus avtotransport vositasida chiqindilar tashlash uchun belgilangan joyga olib borib tashlashga majburdir.
12. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻzlariga tegishli qurilish chiqindilarini maishiy chiqindilar bilan aralashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uy-joy fondi atrofini tozalash davrida yigʻilgan chiqindilarni turlarga ajratadi va ularni “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida belgilangan tartibda chiqindi tashlash joyiga olib borib tashlaydi.
14. Buxoro shahrida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yigʻilgan, toʻplangan va belgilangan konteynerlardagi chiqindilarni olib ketish ishlari “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ va boshqa vakolatli tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
“Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ va boshqa vakolatli tashkilotlar hududlarga maxsus avtotransport vositasini biriktirib, mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan kelishilgan holda chiqindini olib ketish muddatlarini hamda vaqtlarini belgilab, shu asosda chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqib ketish ishlarini tashkil etadi.
15. Mahalla fuqarolar yigʻinlari — chiqindilarni olib ketish maxsus avtotransport vositasining oʻz vaqtida belgilangan hududga kelishi va chiqindilarni olib chiqib ketishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatadi hamda hisobini olib boradi.
16. Obodonlashtirish boshqarmasi va uning tizimidagi tashkilotlar shahar koʻchalarini obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, tozalash davrida yigʻilgan chiqindilar, shox-shabba hamda barg-xazonlarni eng kamida bir kun muddatda yigʻishtirib, olib ketish ishlarini taʼminlaydi.
17. “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnoma asosida, qoʻshimcha yigʻilgan maishiy va boshqa chiqindilarni olib ketish ishlarini amalga oshiradi.
18. Buxoro shahrining sanitariya-epidemiologik holatini yaxshilash va hududda tozalikni saqlash maqsadida shaharda joylashgan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar, idoralar, muassasalar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, uy-joylar hamda istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamlari va mehmonlari uchun quyidagi talablar majburiydir:
kundalik maishiy chiqindilarni tasdiqlangan qoidalarga asosan, belgilangan chiqindi toʻplash joyidagi maxsus temir qutiga yoki Buxoro shahar “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJga tegishli avtomashinalarga topshirish;
chiqindilarni tashkiliy ravishda olib ketish uchun mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxona, tashkilot, muassasalar va yashovchilar sonidan kelib chiqib mahalla fuqarolar yigʻinlari Buxoro shahar “Maxsusavtoxoʻjalik” MChJ bilan shartnoma tuzish;
bino, inshoot, yakka tartibdagi uy-joylar va koʻp qavatli uy-joy atrofiga chiqindilarni olib chiqib qoʻyish va toʻplash, koʻcha, suv, ariq va belgilanmagan joyga chiqindilarni tashlash, avtotransport vositasidan turli chiqindilarni tashlab yuborish va qurilish chiqindilarini maishiy chiqindilar bilan aralashtirib tashlash man etiladi;
shahar hududida shox-shabbalar, barg-xazonlar, barcha chiqindilar, qurigan oʻt va oʻsimliklarni yoqish, qurilish chiqindilarini olib chiqib, belgilanmagan joyga tashlash hamda shahar ekologiyasini ifloslantirishning boshqacha usullari man etiladi.
III. Nizolarni hal etish
19. Chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
IV. Yakuniy qoida
20. Mazkur Qoidalarda belgilangan talablar bajarilmagan taqdirda, yuridik va jismoniy shaxslar huquqni muhofaza etuvchi va vakolatli organlar tomonidan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.