Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani hokimining
Qarori
Mirzo Ulugʻbek tumanida 2013-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda; 1999-y., 1-son, 89-modda; 9-son, 229-modda; 2000-y, 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 25-26-son, 225-modda; 2009-y., 52-son, 553-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 46-modda) 353-son qarori ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida roʻyxatga olingan fuqarolarga ularni vaqtincha ish haqi olish va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlarni yaratish, birinchi marta ish qidirayotgan va kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilish maqsadida hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimining murojaatiga asosan qaror qilaman:
1. Mirzo Ulugʻbek tumanida 2013-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona va tashkilotlar roʻyxati ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarining mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxona va tashkilotlar boʻyicha 50 foizi ish beruvchilar mablagʻlari va 50 foizi mahalliy budjet ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
boshqa korxona va tashkilotlar boʻyicha 75 foizi ish beruvchilar mablagʻlari hisobidan 25 foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin;
Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarni jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot 3 kunlik muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin.
3. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (v. v. b. S. Raximov):
korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
4. Mirzo Ulugʻbek tumani hokimining 2013-yil 1-yanvardagi “Mirzo Ulugʻbek tumanida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 74-son qarori bekor qilinganligi inobatga olinsin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari B. Bakiyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2013-yil 2-oktabr,
613-son