Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimining
Qarori
Guliston tuman iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy fondi obyektlarini 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 5-iyuldagi PQ-1996-sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2013-2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Sirdaryo viloyat hokimining 2013-yil 10-iyuldagi 185-sonli qarorlari talablari asosida Guliston tuman iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joy fondi obyektlarini 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 5-iyuldagi PQ-1996-sonli “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Sirdaryo viloyat hokimining 2013-yil 10-iyuldagi 185-sonli qarorlari ijro va rahbarlik uchun qabul qilinsin.
2. Guliston tuman iqtisodiyoti tarmoqlarini 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq:
a) asosiy muhandislik kommunikatsiyalarini hamda texnologik asbob-uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini hududlar boʻyicha 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy taʼmirlash topshiriqlari 2, 3 va 4-ilovalarga* muvofiq;
b) 2013/2014-yillar kuz-qish davri uchun koʻmir, texnik tuz tayyorlash, shuningdek suyultirilgan gazni hududlar boʻyicha yetkazib berish topshirigʻi 5-ilovaga* muvofiq;
v) tuman iqtisodiyot tarmoqlarini 2013/2014-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni muvofiqlashtirish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibi 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—6-ilovalar berilmaydi.
3. Tumanda joylashgan barcha mutasaddi tashkilot hamda korxona rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolari yigʻini raislariga:
a) bir hafta muddatda tuman iqtisodiyot tarmoqlari va uy-joy fondi obyektlarini 2013/2014-yil kuz-qish davriga tayyorlash masalalarini hal etish boʻyicha joylarda hududiy komissiyalar tashkil etish;
b) 2012/2013-yillar kuz-qish davrida yoʻl qoʻyilgan kamchilik va nuqsonlarni tanqidiy tahlil qilib, kamchiliklarni hisobga olgan holda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda uy-joy fondi obyektlaridagi qozonxonalar va muhandislik inshootlarini 2013/2014-yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashga tayyorlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
v) 2013-yil 1-oktabr kuniga qadar barcha qozonxonalarni joriy va mukammal taʼmirlashni yakunlash;
g) tumandagi kasb-hunar kollejlari, maktablar, maktabgacha taʼlim muassasalari, shifoxonalar va koʻp qavatli turarjoy binolarini uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berish;
d) kuz-qish davrida aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini doimiy ravishda issiqlik energiyasi bilan taʼminlashda tashkilot, korxona va muassasalar tizimlaridagi qozonxonalarga joriy yilning 1-oktabrigacha qattiq yoki suyuq yoqilgʻi zaxiralarini yetarli miqdorda yaratish;
e) shu yilning 1-sentabr kuniga qadar tuman IIB yongʻin xavfsizligi boʻlimi bilan birgalikda ijtimoiy soha obyektlari, koʻp qavatli turar joy binolari, shaxsiy uy-joylar, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasalar bino va inshootlarining texnik talab normalariga muvofiqligini toʻliq xatlovdan oʻtkazish vazifasi topshirilsin.
4. “Gulistontumangaz” filiali (B. Eshonqulov), tuman IIB YoXB (R. Abdurazzoqov)lar joriy yilning 1-sentabriga qadar isteʼmolchilar tomonidan foydalanilayotgan isitish qozonlari, goryelkalar va boshqa gaz asboblarini koʻrikdan oʻtkazishni tashkillashtirsin.
Quyidagilar:
a) davlat standartlariga toʻgʻri kelmaydigan va yasama gaz qozonlari, goryelkalar va boshqa gaz asboblaridan foydalanish aniqlangan hollarda ularni gaz tarmoqlaridan uzib, qoidabuzarlarga nisbatan tegishli choralar koʻrish;
b) tumanda joylashgan kasb-hunar kollejlari, maktablar, maktabgacha taʼlim hamda sogʻliqni saqlash muassasalari, koʻp qavatli turar joy binolari, shaxsiy uy-joylar va boshqa ijtimoiy soha obyektlaridagi dudburon, moʻrikon va shamollatish yoʻllarini tozalash hamda taʼmirlash ishlarini oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har hafta tuman hokimligiga maʼlumot taqdim etib borish topshirilsin.
5. “Gulistontumangaz” filiali (B. Eshonqulov), tuman elektr-tarmoqlari korxonasi (O. Asqarov)larga:
a) 2013/2014-yillar kuz-qish mavsumida shartnomaga asosan isteʼmolchilarga tabiiy gaz hamda elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish;
b) jismoniy va yuridik shaxslarning tabiiy gaz hamda elektr energiyasi tarmoqlariga noqonuniy oʻzboshimchalik bilan ulanishiga umuman yoʻl qoʻymaslik;
v) oʻta muhim va toifalangan, shuningdek harbiy obyektlarni uzluksiz elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash tadbirlarini ishlab chiqish va 10 kun muddatda ushbu obyektlarning roʻyxatini tuzib tuman hokimligiga tasdiqqa kiritish vazifasi yuklatilsin.
6. “Gulistontumangaz” filiali (B. Eshonqulov), tuman elektr-tarmoqlari korxonasi (O. Asqarov), tuman “Ichimlik suv ishlab chiqarish” korxonasi (M. Usmonova)larga:
a) kuz-qish mavsumi davomida tumandagi kommunal xizmat koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlarda 24 soatlik avariya dispetcherlik xizmatlarini tashkil etish, avariya tiklash brigadalarini tuzish va ularni texnika vositalari, zarur asbob-uskunalar hamda zaruriy materiallar bilan taʼminlash yuklatilsin.
7. Tuman elektrtarmoqlari korxonasi (O. Asqarov) shu yilning kuz-qish mavsumiga elektr energiya bilan taʼminlovchi nimstansiyalar va transformatorlarni dastur asosida mukammal va joriy taʼmirlasin va uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlashni tashkil etsin.
8. Tuman tibbiyot birlashmasi (B. Raxmonov), tuman xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi mudiri (Sh. Xusanov) va barcha oʻquv muassasalari tasarrufidagi barcha qozonxona, isitish tarmoqlarini joriy yilning 1-avgust kuniga qadar kuz-qish sharoitida ishlashga tayyorlash, oʻquv muassasalari, maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari, kasalxona, poliklinikalarga koʻmir yoqilgʻisi va oʻtin bilan ishlaydigan pechkalarni qurish, mavjudlarini taʼmirlash vazifalari yuklatilsin.
9. “Gulistontumangaz” filiali (B. Eshonqulov)ga gaz bosimi past boʻlgan aholi, ijtimoiy soha obyektlarini belgilangan grafik asosida qattiq yoqilgʻi va suyultirilgan gaz bilan toʻliq taʼminlash yuklatilsin.
10. Tuman mahalla jamgʻarmasi (T. Toʻxtabekov)ga qishloq va mahalla fuqarolari yigʻinlari bilan birgalikda aholi xonadonlariga koʻmir yoqilgʻisi va oʻtin bilan ishlaydigan pechkalarni oʻrnatish ishlari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish va uni taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
11. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (Q. Eltoyev)ga 2013-yil oktyabr oyiga qadar avtomobil yoʻllarini qordan tozalovchi maxsus texnikalarni ishlashga tayyorlab qoʻysin.
12. Tuman moliya boʻlimi (O. Joʻrayev) budjet mablagʻlaridan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan isitish qozonlari va qozonxonalarini, issiqlik tarmoqlarini, uy-joy fondini, ichimlik suvi inshootlari va boshqa muhim obyektlarni kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida tayyorlash, suyuq va qattiq yoqilgʻi zaxiralarini yaratish maqsadida ajratiladigan mablagʻlarning asosiy qismini isitish mavsumiga qadar moliyalashtirishni hal etsin.
13. Tumandagi tashkilot, muassasa va idoralar mazkur qarorning ijrosini taʼminlanishi toʻgʻrisida har 15 kunda tuman hokimligiga maʼlumotlar taqdim etib borsinlar.
14. 2013/2014-yil kuz-qish mavsumida barqaror ishlashiga tayyorgarligini borishi yuzasidan har oyda tuman hokimligi yigʻilishlarida koʻrib chiqilishi belgilab qoʻyilsin.
15. Ushbu qarorning qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 27-iyundagi “tuman iqtisodiyot tarmoqlarini 2012/2013-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1097-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari hamda tuman hokimining iqtisod boʻyicha oʻrinbosari A. Toshpulatov zimmalariga yuklatilsin.
17. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim A. XUSANBOYEV
Dehqonobod sh.,
2013-yil 2-avgust,
1009-son