Andijon viloyati Xonobod shahar hokimining
Qarori
Shaharda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining 2021-yil 3-maydagi 116/24-6-sonli “Andijon viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 28-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 186-sonli qarori hamda viloyat hokimining 2008-yil 25-avgustdagi 145-Q-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Xonobod shahrida 2013-yil davrida shahardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, ular uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish yuzasidan ilovaga* asosan maʼlumotnoma tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
2. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan ilovadagi korxonalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha mavjud korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchi xodimlarining oʻrtacha sonining, yaʼni 5554 nafarini 7,0 foiz miqdorida belgilansin:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 1 foiz;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 2 foiz;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 0,5 foiz;
nogironlar uchun 3 foiz;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,1 foiz;
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 0,2 foiz;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 0,2 foiz miqdorida ish oʻrinlari zaxirasini belgilaydi.
3. Shaxslarning koʻrsatib oʻtilgan toifalari uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlish kerak, shu jumladan:
nogironlar uchun salomatligi va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan koʻrsatkichlar hisobga olingan holda mehnat faoliyatini toʻliq bajarish imkonini beruvchi ish joylari;
kasb-hunar taʼlimiga ega boʻlmagan yoshlar uchun, ular umumtaʼlim muassasalarini tamomlaganlaridan keyin bir yil davomida shogirdlik ish joylari yoki maxsus kasb-hunar tayyorgarligini talab qilmaydigan ish joylari;
oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati qoʻshinlaridan boʻshatilgan shaxslar uchun ular oʻquv yurtlarini tamomlaganlaridan keyin yoki boʻshatilganlaridan keyin bir yil davomida ularning kasb-hunar tayyorgarligiga muvofiq keluvchi ish joylari;
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalarga bolalarini tarbiyalash va mehnat majburiyatlarini bajarilishini birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi oʻzgaruvchan jadvalli ish joylari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qarori bilan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan har qanday ish joylari.
4. Ilovada koʻrsatilgan korxona rahbarlari tashkilotdagi mexanik, nazoratchi, qorovul, oʻt yoquvchi, chilangar, payvandlovchi, traktorchi, farrosh, bogʻbon, oddiy ishchi va har xil shu kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan ishga joylashtirish uchun yoʻllanganlarga mos keluvchi ishchi oʻrinlari kasb va lavozimlarini band qilib qoʻyishlari tavsiya qilinsin.
5. Ilovada koʻrsatilgan korxonalarning rahbarlari ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ilovaga asosan ish joylarini koʻrsatib oʻtilgan soni bajarilmagan taqdirda Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga va qonunchilikda belgilangan tartiblarga asosan jarima belgilanishi haqida ogohlantirilsin.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining eng qam miqdori mazkur qaror bilan belgilanganidan ortiq barpo etilgan taqdirda korxona, tashkilot va muassasalar uchun belgilangan tartibda imtiyozlar belgilansin.
6. “Xonobod sadosi” gazetasi muharriri (X. Moʻminova)ga ushbu qarorni gazeta sahifalarida chop etish va keng ommaga yetkazish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
8. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan shahar hokimining 2010-yil 14-sentabrdagi 352-Q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari R. Rustamov va Bandlikka koʻmaklashish markazi (F. Usmonov) zimmalariga yuklatilsin.
Hokim Sh. ALIMOV
Xonobod sh,
2013-yil 27-iyun.,
98-q-son