Sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimining
Qarori
Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish davlat bosh inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y, 50-son, 559-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2013-yil 2-apreldagi 58-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan (roʻyxat raqami 2452, 25.04.2013-y) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y, 17-son, 229-modda) tumanda 2013-yil qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnika, mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini har yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish maqsadida qaror qilaman:
1. Tumanda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyati, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklar va fuqarolarda mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, shuningdek mashina-traktor parklari, ustaxonalar va servis punktlarining asbob-uskunalarini hisobga olish va ularning texnik holatini yillik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 1-ilovaga*, texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
2. Tuman qishloq xoʻjaligi texnikalari boʻyicha inspektor (S. Egamberdiyev)ga:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha rusumdagi qishloq xoʻjalik va meliorativ yoʻl-qurilish texnika vositalari, mashina asbob-uskunalarni yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi jadvalni yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazish;
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha rusumli qishloq xoʻjalik va meliorativ yoʻl-qurilish texnika vositalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish maydonchalariga yigʻish;
texnik koʻrikdan oʻtgan texnikalarni dalolatnomalar asosida ishlashga ruxsat berishni tashkil qilish vazifasi topshirilsin.
3. Barcha korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyatlari, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklari rahbarlariga:
hisobida mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va meliorativ, yoʻl-qurilish texnikalarini, mashina va asbob-uskunalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun tayyorlab, belgilangan maydonchalarga yigʻish va texnik koʻrikka taalluqli toʻlovlarni toʻlanishini taʼminlash topshirilsin.
4. Tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari E. Ernazarovga tumandagi korxona, tashkilot, mashina-traktor parki ochiq aksiyadorlik jamiyati, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xoʻjaliklari va fuqarolarda mavjud boʻlgan qishloq xoʻjaligi va meliorativ yoʻl-qurilish texnikalarini, mashina asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan yigʻimlarni toʻlashga amaldagi tartiblarga asosan amaliy yordam berish topshirilsin.
5. Qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari v. v. b. I. Azimov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim D. BOTIROV
Boyovut sh.,
2013-yil 9-oktabr,
1575-son