Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani hokimining
Qarori
2014-yil uchun mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish, ularga soliqlarni hisoblash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi yuzasidan tuman hududidagi jismoniy shaxslar tasarrufida boʻlgan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllash hamda belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga tushumlar tushishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. 2014-yilda mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, soliqlarni hisoblash, tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllashni toʻliq va sifatli oʻtkazish, ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni vakolatli idoralar tomonidan tuman Davlat soliq inspeksiyalariga toʻliq taqdim etilishini taʼminlash maqsadida 2013-yilning 15-dekabrdan 2014-yilning 10-yanvariga qadar “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davri etib belgilansin.
2. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi A. Turgʻunovga:
soliq toʻlovchilarni hisobga olish davrida tuman hududidagi mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq roʻyxatga olish, ularga soliq hisoblash va soliq qonunchiligida belgilangan imtiyozlarni qoʻllash;
barcha mahallalarda soliqlarning ahamiyati, ayrim toifadagi jismoniy shaxslarga soliqlardan imtiyozlar toʻgʻrisida 2014-yil uchun toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlarning muddatidan oldin toʻlanishi haqida keng tushuntirish ishlarini olib borish;
aholi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi boʻyicha amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati yuzasidan qishloq (mahalla) fuqarolar yigʻini raisi va faollari ishtirokida muntazam ravishda seminar yigʻilishlar oʻtkazish yuklatilsin.
3. Tuman hududida faoliyat yuritayotgan qishloq fuqarolar yigʻini hamda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, jamoat tashkilotlari, kommunal xoʻjalik boʻlimlari, uy-joy mulkdorlar shirkatlari, korxona va tashkilotlarning rahbarlari jismoniy shaxslarni roʻyxatga olish, hisoblangan soliqlarni belgilangan muddatlarda mahalliy budjetga undirilishi yuzasidan tuman Davlat soliq inspeksiyasi uchastka soliq inspektorlariga doimiy ravishda yaqindan amaliy yordam berish vazifasi yuklatilsin.
4. “Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarni hisobga olish” davrini keng qamrovli va sifatli oʻtkazilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mol-mulk, yer soligʻi obyektlari va subyektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni toʻliq hisobga olish, soliq hisoblash hamda tegishli imtiyozlarni toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida:
Qoʻshrabot tuman Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi boshligʻi F. Qoʻchqarov zimmasiga 2013-yil 31-dekabr holatiga fuqarolarning xususiy uylar va binolarini inventarizatsiyasini tugatish va joriy oʻzgarishlarni kiritish hamda 1-ilovaga* muvofiq, maʼlumotlarni tuman hududida barcha jismoniy shaxslarning ismi, sharifi, manzilgohi, ularning egaligida boʻlgan yer maydoni miqdori, bino-inshootlar va ular bilan band boʻlgan yer maydonlari, garajlar, dala hovlilari, chorbogʻlar va ularning oxirgi qiymatlari, joylashgan manzili koʻrsatilgan maʼlumotlarni;
Qoʻshrabot tumani bosh arxitektori (bosh meʼmori) M. Rayimov zimmasiga 2-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga fuqarolarga tuman hududidan tuman hokimi qaroriga asosan tadbirkorlik va yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yer maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi boshligʻi S. Toshnazarovga 3-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga Qoʻshrabot tumanida istiqomat qiluvchi, nafaqa oluvchi sifatida roʻyxatga olingan barcha turdagi nafaqahoʻrlarning toʻliq maʼlumotlarini;
Qoʻshrabot tumani Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi Y. Murtazayevga 4-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga Qoʻshrabot tumani hududida yashovchi 1941 —1945-yillar urush qatnashchilari va nogironlari, Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtagan fuqarolar va boshqa mavjud maʼlumotlarni;
Qoʻshrabot tumani Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi M. Ismoilov va Veterinariya xizmati boshligʻi A. Narzullayevga 7-ilovaga* muvofiq 2013-yil 31-dekabr holatiga tuman hududida belgilangan tartibda sanitariya ruxsatnomasini olgan jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
“Qoʻshrabot tumangaz” filiali boshligʻi R. Mamitovga 8-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga tuman hududidagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan gaz isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Qoʻshrabot tuman Elektr taʼminoti korxonasi boshligʻi B. Usanovga 9-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga tuman hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar bilan elektr isteʼmoli uchun tuzilgan shartnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Qoʻshrabot tuman Ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi boshligʻi Z. Usmonovga 10-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga tuman hududidagi shaxsiy yuk avtotransport vositalari egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Qoʻshrabot tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi I. Xoliqulov zimmasiga 11-ilovaga* muvofiq, 2013-yil 31-dekabr holatiga tuman hududidagi barcha kommunal uylar, xususiylashtirilgan uylar, garajlarni hisobga olishga doir maʼlumotlarning mahalla fuqarolar yigʻinlari kesimida 2014-yilning 1-fevral kuniga qadar tuman Davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin .
5. Tuman Fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimi 2014-yil 1-fevralga qadar 5-ilovaga* muvofiq, tuman hududida 2012-2013-yillarda vafot etgan fuqarolar toʻgʻrisidagi, tuman Davlat notarial idoralari rahbari esa 6-ilovaga* muvofiq 2013-yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori, shuningdek meros qilib olish yoki hadya tarzida fuqarolarning mulkiga oʻtayotgan mol-mulk qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etib borishi tavsiya etilsin.
*Ilovalar berilmaydi.
6. Qoʻshrabot tuman hokimligi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimi raisi, qishloq va mahalla fuqarolar yigʻini raislariga, “Soliq toʻlovchilarni hisobga olish” davri tadbirini oʻtkazishda faol qatnashishlari va joylarda uchastka Davlat soliq inspektorlari bilan hamkorlikda 2014-yil uchun mahalliy soliq toʻlovchilarni toʻliq hisobga olishni amalga oshirilishi tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Z. Mamadoliyev zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim O. ALIXODJAYEV
Qoʻshrabot t.,
2013-yil 11-dekabr,
566-Q-son