Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimining
Qarori
Guliston tumanida 2014-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5-yanvardagi “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar oʻrtasida kooperatsiyani kengaytirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-3706-sonli Farmonini amalga oshirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-iyuldagi 146-sonli qarori xamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi “Aholi bandligini oshirish, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-616-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda ayniqsa qishloq joylardagi ish bilan band boʻlmagan aholini uyda mahsulotlar ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish ishlarini bajarishga jalb etish uchun ish beruvchilarga real ragʻbatlar yaratish, kasanachilarning qonun hujjatlarida belgilangan ijtimoiy va mehnat kafolatlarini yanada yaxshilash maqsadida qaror qilaman:
1. Tumanda 2014-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish dasturi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Tumanda korxonalar bilan uyda mahsulotlar ishlab chiqariladigan va xizmatlar koʻrsatadigan fuqarolar oʻrtasida kooperatsiyani muvofiqlashtirish, qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha ishchi komissiya tuzilsin va uning tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman ishchi komissiyasi (M. Xaitov)ga:
yangi kasanachilik ish oʻrinlarini, shu jumladan kasanachilikdan foydalanish turlarini kengaytirish hisobiga tashkil etish uchun mavjud zaxiralarni aniqlashda va ishga solishda korxonalarga koʻmaklashilsin;
sanoat korxonalari va kasanachilik oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish, korxonalar buyurtmalari boʻyicha uyda ishlaydigan fuqarolarga asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar bilan taʼminlashning barqaror sharoitlarini, shuningdek ishlab chiqarilgan mahsulotni topshirish va ish haqi toʻlash kafolatlarini yaratish boʻyicha masalalar tezkorlik bilan hal etilsin;
hududlarda joylashgan korxonalarda kasanachilikni rivojlantirish boʻyicha kasanachilikni belgilangan dastur parametrlari bajarilishi monitoringini amalga oshirish;
kasanachilarga ularning huquqlari, koʻrsatib oʻtilgan huquqlar ish beruvchi korxonalar tomonidan buzilgan taqdirda, himoya qilinishini taʼminlashda koʻmaklashish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan uzviy oʻzaro hamkorlikda kasanachilik bilan shugʻullanishni xohlovchi band boʻlmagan aholi sonini va malakasini aniqlash, shuningdek aholining koʻrsatib oʻtilgan toifalarini keyinchalik ishga joylashtirishda koʻmaklashish vazifasi topshirilsin.
4. 2014-yilda kasanachilik uy mehnatini tashkil qilish boʻyicha tuman dasturiga kiritilgan korxona rahbarlariga:
dasturda belgilangan reja topshiriqlarning bajarilishi boʻyicha shaxsan javobgar ekanliklari belgilansin;
xar oy yakuni bilan kasanachilik ish oʻrinlarini tashkil qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan, yaratilgan kasanachilik ish oʻrinlari, ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqdan nusxa, kasanachiga ochilgan mehnat daftarchasi nusxasi, kasanachiga toʻlangan ish haqi toʻlov varaqasi nusxasi, kasanachiga yetkazib berilgan xomashyo va kasanachilar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tuman ishchi komissiya raisi oʻrinbosari (Q. Shodmonov) ga taqdim qilish vazifasi topshirilsin.
5. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (Q. Shodmonov)ga:
kasanachilik mehnati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlash;
ushbu qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha har oylik monitoring oʻtkazib borilsin va monitoring natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tuman hokimligiga topshirib borish vazifasi yuklatilsin.
6. Tuman statistika boʻlimi (S. Tuxtamishev)ga:
tuman hokimligiga korxonalarning kasanachilik mehnati bilan band boʻlgan xodimlari soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda taqdim etish;
korxonalar tomonidan statistika boʻlimiga topshiriladigan statistik hisobotlarga yaratilgan kasanachilik ish oʻrinlari kiritilishini nazorat qilish vazifasi topshirilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman xokimi oʻrinbosari A. Toshpulatov zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim A. XUSANBOYEV
Dehqonobod sh.,
2013-yil 23-avgust,
1090-son