Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimining
Qarori
Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 17-moddasiga asosan, tuman hududidagi ish bilan band boʻlmagan “ishsiz” maqomi berilgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida vujudga kelgan ogʻir vaziyatdan chiqish hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining takliflariga koʻra tashkilotlar, muassasalar va korxonalarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini yaʼni, hamma uchun qulay, maxsus kasb-hunar tayyorgarligi talab qilmaydigan, vaqtinchalik ish joylarini barpo etish maqsadida qaror qilaman:
1. Tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari zimmasiga tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda shartnomalar asosida (ilovaga* muvofiq) 2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirish vazifasi yuklatilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori 1-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida” gi nizomga muvofiq:
davlat hokimiyati organiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman xokimi oʻrinbosari A. Toshpulatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim A. XUSANBOYEV
Dehqonobod sh.,
2013-yil 23-avgust,
1091-son