Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimining
Qarori
Oqoltin tuman hududida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qaroriga va “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanib, Oqoltin tuman hududida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan, ish topishda qiynaladigan, mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslar uchun ish joylari tashkil etish va ish bilan taʼminlashda qoʻshimcha kafolatlar berish maqsadida qaror qilaman:
1. Oqoltin tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining ish joylarining eng kam miqdorini band qilib qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7 va 17-moddalari asosida ish koʻrib Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimligi, Oqoltin tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi — ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdorini 1-ilovada* koʻrsatilgan 38 nafar korxona va tashkilotlarida xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha sonining 7 foizi miqdorida belgilaydi. Bu 114 nafar kishini tashkil etadi.
* 1-ilova berilmaydi.
Shu jumladan: nogironlar uchun — 5 nafar;
yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar hamda 14 yoshgacha bolalari boʻlgan va nogiron bolalari borlar uchun — 11 nafar;
taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun — 68 nafar;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun — 14 nafar;
pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — 6 nafar;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun — 8 nafar;
kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar uchun — 2 nafar;
3. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan ish joylari:
nogironlar uchun — salomatligi va mehnat faoliyatiga nisbatan qoʻyilgan talablar, ularning toʻsiqsiz ishlari imkoniyatini beruvchi ish joylari;
umumtaʼlim va kasb-hunar oʻquv muassasalari bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun — maxsus oliy malaka talab qilinmaydigan, ularning kasb-hunar tayyorgarligiga muvofiq keluvchi ish joylari;
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarini tarbiyalash va mehnat majburiyatlarini birga qoʻshib bajarish imkoniyatini beruvchi ish joylari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar uchun yaratilgan ish joylari — maxsus mutaxassislik yoki malaka talab qilinmaydigan har qanday ish joylari hamda mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak.
4. Ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatib oʻtilayotgan tashkilotlar rahbarlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlarini tashkil etilishini (ajratilishini yoki band qilib qoʻyilishini) taʼminlasinlar xamda band qilingan yoki yaratilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni, qarorning 2-ilovasiga* muvofiq kvotalangan ish joylari soni va kasblar (lavozimlar)ning nomlari koʻrsatilgan holda 3 kun muddatdan kechikmasdan tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yetkazishlari belgilansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Shu bilan birga nogironlar uchun band qilingan ish oʻrinlariga, nogironlardan ishga joylashish uchun talab boʻlmaganda, ushbu kvotalangan oʻrinlarga oʻrta maxsus kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish choralari koʻrilishi alohida taʼkidlab oʻtilsin.
5. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda tashkilot uchun quyidagi imtiyozlar belgilanadi:
belgilangan eng kam miqdoridan ortiqcha ish joylari barpo etishga ish beruvchi tomonidan sarflangan xarajatlarni qisman qoplashga, ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasidan pul mablagʻlari Mehnat vazirligi tomonidan belgilangan va Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan tartibda ajratiladi.
6. Ilovada koʻrsatilgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga:
har oyning 25-kunigacha, belgilangan muddatdan kechikmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qaroriga va “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 3-ilovasida keltirilgan hisobot jadvaliga muvofiq ushbu qaror boʻyicha tuman BK va AIMK markazi tomonidan ishga joylashtirilgan fuqarolar toʻgʻrisidagi hisobotni markazga berib turish vazifasi yuklatilsin.
7. Oqoltin tuman hokimining 2012-yil 6-noyabrdagi 754-sonli “Oqoltin tuman hududida ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch keladigan shaxslar uchun ish joylari ( KVOTAlar) tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori ( B. Yoʻldoshev) bir hafta muddatda mazkur qarorning ijrosini taʼminlab, ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan korxona rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari M. Xolboyev zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim T. XUDAYBERDIYEV
Sardoba sh.,
2013-yil 28-avgust,
712-son