Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimining
Qarori
2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish haqida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 2021-yil 28-maydagi 150/22-6-sonli “Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 12-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Tuman hududidagi ish bilan band boʻlmagan “Ishsiz” maqomi berilgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida vujudga kelgan ogʻir vaziyatdan chiqish hamda tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining takliflariga koʻra tashkilot va korxonalarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini yaʼni hamma uchun qulay, maxsus kasb-hunar tayyorgarligi talab qilmaydigan, vaqtinchalik ish joylarini barpo etish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman korxona, tashkilot va muassasalar (ilovadagi* roʻyxat boʻyicha) rahbarlariga, tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda shartnomalar asosida 2014-yilga haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirish vazifasi yuklatilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarining:
davlat hokimiyati organiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirishni Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarorining 1-ilovasiga yaʼni, “Oʻzbekiston Respublikasida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish haqida”gi nizomga asosan amalga oshirilsin.
4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari D. Sultonov zimmasiga yuklatilsin.
5. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim A. BARATBOYEV
Navroʻz sh.,
2013-yil 3-sentabr,
1084-son