Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida
Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda sud amaliyotida kelib chiqqan masalalar munosabati bilan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 53-moddasining birinchi qismiga koʻra, davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini, barcha mulk shakllari teng huquqliligini va bab-baravar huquqiy muhofaza etilishini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur konstitutsiyaviy norma maʼnosidan kelib chiqib, har kim tadbirkorlik faoliyati va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa iqtisodiy faoliyatda oʻz qobiliyati va mulkidan erkin foydalanish huquqiga ega.
2. Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasiga koʻra, tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) — tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, oʻz tavakkalchiligi va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkor) kiradi (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi).
Yakka tartibdagi tadbirkorlik deganda, qonunga koʻra, jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tushuniladi.
3. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, shaxsning u yoki bu faoliyatini tadbirkorlik deb topish uchun ikkita holat mavjud boʻlishi — daromad topishga qaratilgan harakatlar sistemali ravishda sodir etilishi va bunday faoliyat asosiy, yaʼni kasb faoliyati sifatida amalga oshirilishi shart.
Shundan kelib chiqib, bir martalik fuqarolik-huquqiy mazmundagi bitimlar (masalan, uy-joy yoki koʻchmas mulkni ijaraga berish, shaxsiy buyumlarni sotish, pudrat yoki topshiriq shartnomasiga kura, onda-sonda turli mayda ishlarni haq evaziga bajarish, va h. k) tuzadigan shaxslarni, hattoki bunday bitimlar bir necha marta amalga oshirilgan taqdirda ham, tadbirkorlar deb topish va bunday sifatda davlat roʻyxatidan oʻtishni talab qilish mumkin emas. Majburiyatlarni mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida bajarish ham tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi.
Qonunchilikka muvofiq kasbiy faoliyat (xususiy amaliyot)ning ayrim turlari ham tadbirkorlik sifatida qaralmaydi. Chunonchi, advokatlar tadbirkor deb tan olinmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 8-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati subyektlari quyidagilarga haqli:
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga;
mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka egalik qilishga, undan foydalanish va uni tasarruf etishga;
oʻz faoliyati yoʻnalishlarini, tovarlar yetkazib beruvchilarni va oʻz tovarlari (ishlari, xizmatlari) isteʼmolchilarini mustaqil ravishda tanlashga;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olishga, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasno;
oʻz tovarlarini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyukturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar boʻyicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
barcha ishlab chiqarish xarajatlari oʻrni qoplanib, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin qolgan daromadni (foydani) erkin tasarruf etishga, sud tartibidagi majburiy undiruv hollari bundan mustasno;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
kredit olishga, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkini shartnoma shartlari asosida jalb etishga, shu jumladan binolarni, inshootlarni, uskunalarni va boshqa mol-mulkni olishga va (yoki) tekin, ijaraga (lizingga) olishga hamda ularni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga yoʻnaltirishga.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobida nazarda tutilgan kafolatlarni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar, bunday harakatlar xususiyati va kelib chiqqan oqibatlarga bogʻliq ravishda, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda — MJtK) 2411-moddasida qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Bunda qonuniy tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish deganda — quyidagilar tushuniladi:
tadbirkorlik faoliyati subyektini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish;
tadbirkorlik faoliyati subyektini roʻyxatdan oʻtkazishni gʻayriqonuniy rad etish yoki roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlash;
muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) berishni gʻayriqonuniy rad etish yoki uni berishdan boʻyin tovlash;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish va taftish qilishning belgilangan tartibini buzish;
tadbirkorlik faoliyati subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan statistika hisobotini va boshqa hujjatlarni talab qilib olish yoxud nazarda tutilgan hisobotni taqdim etishning belgilangan muddatlariga xilof ravishda talab qilib olish;
tadbirkorlik faoliyati subyektining mustaqilligini boshqacha tarzda cheklash yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda gʻayriqonuniy aralashish.
Tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilgan mansabdor shaxslarning qonuniy tadbirkorlik faoliyati subyektining huquqlari va qonuniy manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlgan harakatlari, ish holatlari va kelib chiqqan oqibatlardan kelib chiqib, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish yoki mansabga sovuqqonlik bilan qarash, gʻaraz niyatlar aniqlanganda esa, tamagirlik yoʻli bilan pora olish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishga (xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini qasddan tekshirish tashabbusi bilan chiqish va (yoki) tekshirishlar oʻtkazish, ushbu subyektlarning faoliyatini va (yoki) banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hollarda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlarida pul mablagʻlari bor-yoʻqligi haqida axborot talab qilib olish) yoʻl qoʻygan mansabdor yoki boshqa shaxslar maʼmuriy javobgarlikka (MJtK 2412-moddasi), aynan shunday harakatlarni maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan soʻng yoxud qilmishda JK 2061-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan belgilar mavjud boʻlgan hollarda esa, jinoiy javobgarlikka (JK 2061-moddasi) tortiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sudlar qonuniy asoslarda amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatini qonunga xilof ravishda, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tadbirkorlik faoliyati asoslari va tartibiga rioya etmagan holda daromad (foyda) olishga qaratilgan hamda maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladigan tadbirkorlik faoliyati yuritishdan farqlay olishlari lozim.
7. Qonunga xilof ravishdagi tadbirkorlik faoliyati, odatda, tadbirkorlik faoliyatini quyidagi koʻrinishlarda:
roʻyxatdan oʻtmasdan;
maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan;
litsenziya olish qoidalarini buzgan holda amalga oshirishda ifodalanishi mumkin.
Roʻyxatdan oʻtmasdan qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish deganda, yuridik shaxslar davlat reyestrida va yakka tadbirkorlar davlat reyestrida bunday yuridik shaxs tuzilganligi yoki jismoniy shaxs tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor maqomi olinganligi haqida yozuv mavjud boʻlmagan yoxud yuridik shaxs yoki jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatidagi faoliyati tugatilganligi haqida yozuv mavjud boʻlgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tushuniladi.
Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish deganda, Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 25-maydagi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq litsenziyalovchi organning maxsus ruxsatnomasi olinishi talab etiladigan tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bilan bunday ruxsatnomaga ega boʻlmagan holda shugʻullanish tushuniladi. Litsenziya, unda koʻrsatilgan faoliyat turini belgilangan muddat mobaynida amalga oshirishga ruxsat beradigan, shuningdek mazkur faoliyatni amalga oshirish sharoitlarini belgilaydigan rasmiy hujjat hisoblanadi.
Litsenziyalash shartlarini buzgan holda qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish deganda, jumladan, ishlab chiqarilayotgan va realizatsiya qilinayotgan mahsulotga qoʻyiladigan talablarga rioya etmaslik (masalan, mahsulotning yaroqlilik muddati va ishlab chiqarilgan sanasini koʻrsatish majburiyligi toʻgʻrisidagi shartlar), litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qoʻyilgan texnik talablarga rioya qilmaslik (masalan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan sanitariya-gigiyena sharoitlarining mavjud emasligi), faoliyatni litsenziyada koʻrsatilgan hududdan tashqarida amalga oshirish tushuniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun javobgarlik turini qonun bunday faoliyat natijasida olinayotgan nazorat qilinmaydigan daromad (foyda) miqdori, shuningdek shaxsning muqaddam aynan shunday harakatlar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi bilan bogʻlaydi. Bunda daromad (foyda) deganda, qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish davrida mahsulot (ish, xizmat)lar realizatsiyasidan mazkur faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni ayirmagan holda olingan pul tushumi tushunilishi lozim.
Roʻyxatdan oʻtishdan boʻyin tovlagan holda ancha miqdorgacha (MJtK 176-moddasi ikkinchi qismi), shu jumladan takroran ancha miqdorda (MJtK 176-moddasi uchinchi qismi), savdo yoki vositachilik faoliyatini amalga oshirish uchun har doim maʼmuriy javobgarlik kelib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda — JK) 188-moddasining birinchi qismi boʻyicha jinoiy javobgarlik, basharti, roʻyxatdan oʻtishdan boʻyin tovlab ancha miqdorda savdo yoki vositachilik faoliyatini amalga oshirish uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxs maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng bir yil davomida (MJtK 37-moddasi) shunday qilmishni yana ancha miqdorda sodir etgan holdagina kelib chiqadi.
JK 188-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda, shaxs muqaddam roʻyxatdan oʻtishdan boʻyin tovlab, savdo yoki vositachilik faoliyatini amalga oshirish uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan yoki tortilmaganligidan qatʼiy nazar, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ruxsatnoma olinishi majburiy boʻlgan hollarda (MJtK 165, 1763-moddalari, JK 190-moddasi), shaxsning harakatlarida maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish belgilari mavjudligi toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, sudlar, faoliyatning ayrim turlari (ularning roʻyxati qonunda belgilanadi) faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) orqali amalga oshirilishi mumkinligidan kelib chiqishlari lozim.
Maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olinishi lozim boʻlgan faoliyat bilan shugʻullanish huquqi maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olingan paytdan yoki unda koʻrsatilgan muddatdan boshlab vujudga keladi va uning amal qilish muddati tugagandan soʻng (agar ruxsatnoma (litsenziya)da boshqa holat nazarda tutilmagan boʻlsa), shuningdek, ruxsatnoma (litsenziya) toʻxtatilgan, muddatidan ilgari tugatilgan yoki bekor qilingan hollarda tugatiladi.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasiga koʻra, litsenziyalash sohasini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va litsenziya beruvchi organlar (vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari) amalga oshiradilar. Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshiruvchi litsenziya beruvchi organlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Tadbirkorlik faoliyatining maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan amalga oshirilishi, agar aybdor ilgari (bir yil mobaynida) MJtK 165 yoki 1763-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, JK 190-moddasi birinchi qismi bilan javobgarlikni keltirib chiqaradi.
JK 190-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlganda, shaxs tadbirkorlik faoliyatini maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan amalga oshirganligi uchun ilgari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligidan qatʼiy nazar, jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, quyidagi hollarda qayd etilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlmaydi, agar:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan shaxs, faoliyatning muayyan turini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnomaga ega boʻla turib, qonunda taʼqiqlanmagan va u bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olinishi talab qilinmaydigan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa;
tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga asosan shugʻullanayotgan shaxs litsenziya talablari va shartlarini buzsa (bu holat “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunning 22, 23-moddalariga muvofiq, faqat litsenziya amal qilinishini toʻxtatishga yoki tugatishga sabab boʻladi).
Keyingi tahrirga qarang.
11. Qonun mazmuniga koʻra, MJtK 165, 176, 1763-moddalari, JK 188, 190-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar subyekti, nafaqat yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega boʻlgan shaxs, balki tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan holda amalga oshirayotgan shaxs ham boʻlishi mumkin.
Tashkilot tomonidan (mulkchilik shaklidan qatʼii nazar) qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda, javobgarlikka xizmat mavqeyiga koʻra tashkilotga doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha rahbarlik qilish majburiyati bevosita yuklatilgan shaxs (masalan, yuridik shaxs ijroiya organi rahbari yoki yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz harakat qilish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxs), shuningdek, amalda tashkilot rahbarining majburiyati yoki vazifalarini bajarayotgan shaxs tortiladi.
12. Agar shaxs (tashkilot rahbari yoki tashkilotga doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat boʻyicha rahbarlik qilish majburiyati yuklatilgan shaxsdan tashqari) oʻz faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazmasdan yoki maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan amalga oshirayotgan tashkilot bilan mehnat munosabatlarida boʻlsa, bunday shaxs tomonidan mehnat shartnomasidan kelib chiqayotgan majburiyatlarning bajarilishi MJtK 165, 176, 1763-moddalari va JK 188, 190-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik tarkibini tashkil etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Agar tadbirkorlik faoliyatini maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan amalga oshirayotgan shaxs, ayni paytda roʻyxatdan oʻtishdan ham boʻyin tovlasa, uning harakatlari JK 188 va 190-moddalari majmui bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanganlikda va bunday faoliyat natijasida olingan daromaddan soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganlikda aybdor deb topilgan shaxsning harakatlari JK 188 yoki 190-moddalari bilan toʻliq qamrab olinadi va JK 184-moddasi bilan qoʻshimcha ravishda kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaxs daromad olish maqsadi boʻla turib, JK boshqa moddalarida javobgarlik nazarda tutilgan noqonuniy faoliyat bilan (masalan, oʻq otar qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, portlovchi uskunalar, giyohvand vositalar yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) shugʻullangan hollarda, uning qilmishi JK 188-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
131. Tushuntirilsinki, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslar jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplagan, aybiga iqrorlik va chin koʻngildan pushaymonlik bildirgan hollarda, dastlabki tergov organlari va sudlar, JK 65, 66, 70, 71-moddalariga asosan ularni tegishlicha jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari shart.
132. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 79-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq JK 189, 190-moddalari bilan sudlangan shaxslardan sudlanganlik holati muddatidan ilgari JK 78-moddasida sudlanganlik holati tugallanishi uchun nazarda tutilgan umumiy muddatlarning kamida toʻrtdan bir qismi oʻtganda olib tashlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Sudlar tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq barcha ishlarni koʻrishda, bunday huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart- sharoitlarni aniqlashlari va ularga xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildirishlari kerak.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlar qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatiga oid ishlar boʻyicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining:
“Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari haqida”gi 2002-yil 25-oktabrdagi 26-sonli;
“Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunini sud amaliyotida qoʻllash haqida”gi 2001-yil 2-noyabrdagi 25-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi v.b., Oliy sud sudyasi Gʻ. XIDOYATOV
Toshkent sh.,
2013-yil 11-dekabr,
20-son