Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimining
Qarori
Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, mototsikllar va traktor-tirkamalarning davlat majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda Samarqand viloyat IIB YXXBning 2010-yil 22-dekabrdagi 11/3-4400 sonli koʻrsatma talablaridan kelib chiqqan holda 2012-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda tuman ichki ishlar boʻlimining 2012-yil 21-yanvardagi 55/121-sonli xatiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi J. Sultonov va tuman “Davtexnazorat” inspeksiyasi inspektori T. Usmonovlar zimmasiga tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, mototsikllar va traktor-tirkamalarning davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish yuklatilsin.
Mulkchilik shakli va sigʻimidan qatʼi nazar, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalari va traktor tirkamalarning majburiy texnik koʻrigi bir yilda ikki marotaba:
Jumladan, birinchi marta 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilishi tashkillashtirilsin.
2012-yilning 1-martidan to 30-iyungacha tumandagi barcha yuridik shaxslarga tegishli avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomashinalar va tegishli ulov vositalari ilovaga* asosan texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
Tumandagi jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha turdagi shaxsiy transport vositalari 1-yanvardan 31-avgustga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
barcha transport vositalarining texnik holatini tekshirishda ularning tayyorlagan zavod koʻrsatmalariga asosan ishlatish qoida qoʻllanmalariga har bir harakatlanish qismini talabga javob berilishi;
korxona va tashkilot rahbarlaridan yoʻl harakati qoidalarida koʻrsatilganidek transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlarga asosan texnik soz holda taʼminlanishini;
maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor berish topshirilsin.
Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi J. Sultonov va “Davtexnazorat” inspeksiyasi inspektori T. Usmonovlarga xar bir agrofirmalar va tashkilot, muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 1-ilovaga* asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilot rahbarlariga yetkazish va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
Xar bir tashkilot, muassasa rahbarlari va shaxsiy avtomashina egalari zimmasiga:
avtoulovlarni texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini ularning texnik jihatdan sozligini va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyatini bajarishni;
agrofirmalar, tashkilot, muassasalar rahbarlariga alohida tartib oʻrnatish va xalq xoʻjaligi hisobida boʻlgan ishga yaroqsiz, tiklanmaydigan mashinalarni hisobdan chiqarish choralarini texnik koʻrikka qadar koʻrib chiqish vazifalari yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib tuman mudofaa boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi va milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
4. Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, fermer xoʻjaliklari, muqobil MTP, korxona va tashkilotlar hisobidagi traktor va tirkamalar, oʻzi yurar shassilar, meleorativ yoʻl qurilish mashinalari, asbob-uskunalar va jihozlar ishlab chiqarilganiga 5 yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-bandining a kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari, har 2 yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazish nazarda tutilsin.
5. Yillik texnik koʻrikni tartibli va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:
tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalari, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, fermer hoʻjaliklari, muqobil MTP, korxona va tashkilotlar hisobidagi traktor va tirkamalar, oʻzi yurar shassilar, meleorativ yoʻl qurilish mashinalari, asbob-uskunalar va jihozlarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi Ishchi guruhi 2-ilovaga* muvofiq.
*Ilovalar berilmaydi.
6. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi J. Sultonovga texnik koʻrikni oʻtkazish yakunlari boʻyicha hisobotni tegishli tartibda tuman hokimligi yigʻilish muhokamasiga kiritish topshirilsin.
7. Tumanda mototsikllar, tirkama ulamalarning hamda shaxsiy transport vositalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu qarorni ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. NEGMATOV
Ishtixon t,
2012-yil 2-mart.,
245-k-son