Samarqand viloyati Tayloq tumani hokimining
Qarori
Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkama-ulamalarning davlat majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish haqida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablaridan kelib chiqqan holda 2012-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtotransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda tuman ichki ishlar boʻlimining 2012-yil 9-yanvardagi 53/14 sonli xatiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A. Jurayev zimmasiga tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkama-ulamalarni davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish yuklatilsin.
Mulkchilik shakli va sigʻimidan qatʼi nazar, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigi yiliga ikki marta:
Jumladan, birinchi marta 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilishi tashkillashtirilsin.
2012-yilning 1-martidan 30-iyungacha tumandagi barcha yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari 1-ilovaga* asosan texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
Tumandagi jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha turdagi shaxsiy transport vositalari 1-yanvardan 31-avgustga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
barcha transport vositalarining texnik holatini tekshirishda ularni tayyorlagan zavod koʻrsatmalariga asosan ishlatish qoida qoʻllanmalariga har bir harakatlanish qismini talabga javob berilishi;
korxona va tashkilot rahbarlaridan yoʻl harakati qoidalarida koʻrsatilganidek transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlarga asosan texnik soz holda taʼminlanishini;
maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor berish topshirilsin.
3. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A. Joʻrayevga tumandagi barcha yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 1-ilovaga asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilot rahbarlariga yetkazish va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin (reja jadvali ilova qilinadi).
4. Har bir tashkilot, korxona, muassasa rahbarlari va shaxsiy avtomashina egalari zimmasiga:
avtoulovlarni texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini ularning texnik jihatdan sozligini va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyatini bajarishni:
korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga alohida tartib oʻrnatish va xalq xoʻjaligi hisobida boʻlgan ishga yaroqsiz, tiklanmaydigan va ishlatilmaydigan mashinalarni hisobdan chiqarish choralarini texnik koʻrikka qadar koʻrib chiqish vazifalari yuklatilsin.
ishlab chiqarilganligiga 5 yildan koʻp boʻlmagan ( yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari mazkur bandning uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan transport vositalardan tashqari — 2 yilda bir marta.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib tuman mudofaa boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
6. Tumanda yillik texnik koʻrikni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha tuzilgan ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*1 va 2-ilovalar berilmaydi.
7. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi A. Joʻrayevga texnik koʻrikni oʻtkazish yakunlari boʻyicha hisobotni tegishli tartibda tuman hokimligi yigʻilish muhokamasiga kiritish topshirilsin.
8. Tumandagi transport vositalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari S. Doʻsmurodov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim P. AXMEDOV
Tayloq sh.,
2012-yil 28-fevral,
117-Q-son