OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2506]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-avgust,
64-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013-yil 23-avgustdagi 64-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 1-songa ilova), “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qaroriga muvofiq avtotransport vositalari haydovchilarining (bundan buyon matnda haydovchi deb yuritiladi) ish vaqti va dam olish vaqtini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtotransport vositalari — yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
tashuvchi — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida avtotransport vositasiga ega boʻlgan, tijorat asosida yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashish xizmatini koʻrsatadigan hamda bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Keyingi tahrirga qarang.
qatnov jadvali — reysni bajarish vaqti, joyi va izchilligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan grafik (jadval);
reys — avtotransport vositasining yoʻnalishning boshlanishidan oxirgi manziligacha boʻlgan yoʻli;
boshqaruv davri — haydovchi dam olish davri yoki tanaffusdan keyin avtotransport vositasini boshqarishni boshlagan vaqtdan to navbatdagi dam olish davri yoki tanaffusgacha boʻlgan umumiy vaqt hisoblanadi. Boshqaruv davri uzluksiz boʻlishi yoki alohida davrlarga boʻlinishi mumkin;
haydovchining ish vaqti — xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
2. Mazkur Nizom avtotransport vositasida shahardagi, shahar atrofidagi, shaharlararo va viloyatlararo-shaharlararo tashishlar bilan shugʻullanuvchi tashuvchilarga taalluqlidir.
3. Avtotransport vositalarining qatnov jadvallari va harakatlanish grafiklari mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
II bob. Ish vaqti
4. Haydovchilar uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha haydovchilar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
5. Haydovchilarga tungi vaqtdagi ishlarning muddati soat 22 — 00 dan to soat 6 — 00 gacha boʻlgan vaqt hisoblanadi.
Agar haydovchi uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga toʻgʻri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi.
Ishlab chiqarish sharoitlariga koʻra zarur boʻlgan hollarda, xususan ishlab chiqarish uzluksiz boʻlgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena boʻlib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi.
6. Haydovchilarning bir sutkadagi boshqaruv davri toʻqqiz soatdan ortiq boʻlmasligi lozim.
7. Hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmaydigan shart bilan ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin. Bunda hisobga olinadigan davr bir yildan, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati esa oʻn ikki soatdan ortib ketmasligi lozim.
8. Shaharlararo tashishlarda haydovchining avtotransport vositasida oʻn ikki soatdan ortiq boʻlishi koʻzda tutilgan hollarda, haydovchi dam olishi uchun joy jihozlangan boʻlishi va reysda ikki nafar haydovchi boʻlishi lozim.
9. Haydovchining ish vaqti tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
liniyaga chiqish oldidan va liniyadan qaytgandan soʻng ishlarni bajarish vaqti;
shaharlararo tashishlarda borish yoki qaytish maskanida, smena boshlanishi oldidan va yakunlanganidan soʻng yoʻlda (toʻxtab turish joyida) ishlarni bajarish uchun tayyorgarlik va yakunlash ishlarini bajarish vaqti;
haydovchilarni bir smenada besh daqiqaga qadar reysoldi tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti;
avtotransport vositasining liniyada harakatlanish vaqti;
toʻxtab turish vaqti: yuk ortish va tushirish punktlarida, yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish joylarida, maxsus avtotransport vositalaridan foydalanish joylaridagi vaqti;
haydovchining aybisiz boʻsh turib qolingan vaqti;
Keyingi tahrirga qarang.
yoʻnalishdagi yakuniy punktlarda qatnov jadvalida koʻzda tutilgan qisqa muddatli toʻxtagan vaqti;
Keyingi tahrirga qarang.
10. Haydovchilar shaharlararo tashishlarda avtotransport vositasining uzluksiz bir yarim soat boshqaruvidan soʻng oʻn besh daqiqa yoki toʻrt yarim soatdan soʻng qirq besh daqiqa dam olishi uchun toʻxtashlari kerak.
11. Sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqa tashkilotlarda texnologik jarayondagi tashishlarda band haydovchilar uchun smena grafiklari xizmat koʻrsatilayotgan obyektlardagi ishlarning smena grafiklariga muvofiq boʻlishi lozim.
12. Haydovchilar shaharlararo yuk va yoʻlovchilar tashish ishlarini bajarish uchun reyslarga joʻnatilganda (haydovchi grafik bilan belgilangan smenada doimiy ish joyiga qaytishga ulgura olmaganda), haydovchilarga tashuvchi tomonidan topshiriq (jadval, grafik) bilan belgilangan vaqt ish vaqti sifatida hisobga olinadi
13. Ish vaqtidan tashqari ishlar haydovchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
III bob. Dam olish vaqti
14. Haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:
ish smenasi mobaynida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusga chiqish (tushlik tanaffusi);
har kunlik (smenalararo) dam olish;
har haftalik dam olish (dam olish kunlari);
bayram kunlarida dam olish;
oʻrnatilgan tartibda taʼtilga chiqish.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Haydovchilarning har haftalik dam olishi uzluksiz qirq ikki soatdan kam boʻlmasligi kerak.
16. Bir haftadan ortiq davomiylikdagi shaharlararo tashishlarda band boʻlgan haydovchilarga, safar davrida har haftalik dam olish kunidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasa, haydovchi doimiy ish joyiga qaytib kelganidan soʻng ishlangan vaqt uchun dam olish kuni (otgul) berilishi lozim.
17. Ish vaqtini umumlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilish haydovchilarga, har kunlik dam olish kunlari smena grafiklariga asosan haftaning turli kunlarida belgilanishi mumkin.
18. Haydovchilar bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashlari man etiladi. Haydovchilarni shu kunlari ish beruvchining farmoyishi bilan ishga jalb etishga alohida hollardagina Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 130-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Ishlab chiqarish-texnika sharoitlari va boshqa sharoitlarga koʻra ishni toʻxtatib turish mumkin boʻlmagan joylarda, aholiga xizmat koʻrsatish zarurati boʻlgan ishlarda, shuningdek kechiktirib boʻlmaydigan yuk ortish va tushirish ishlarida bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashga yoʻl qoʻyiladi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari bajarilgan ishlar uchun kompensatsiya va haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Haydovchilarga yillik taʼtillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar tashuvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.
IV bob. Ish vaqtini hisobga olish
20. Haydovchilarning ish vaqtini hisobga olish tabellar, yoʻl varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari va haydovchining ish vaqtini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Viloyatlararo-shaharlararo yoʻlovchi tashuvchi haydovchilarning ish vaqti nazorat pribor (taxograf)larning koʻrsatkichiga asosan hisobga olinadi.
21. Ichki mehnat tartib qoidalari yoki smena grafiklari bilan belgilangan muayyan soatlarda har kuni ishlaydigan haydovchilarning ish vaqti har kuni hisobga olib boriladi.
22. Hisobot davri uchun ishdan tashqari ish soatlarining umumiy miqdori amalda ishlangan vaqt va mazkur davr uchun ish soatlari meʼyori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
23. Haydovchi boshqa ishga oʻtkazilganda (avtotransport vositasini taʼmirlash va boshqa ishlar) uning ish vaqtini hisobga olish, u oʻtkazilgan ish boʻyicha hisoblanadi.
24. Haydovchi xizmat safari vaqtida uning ish vaqti tashuvchi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinadi.
25. Haydovchilar uchun ish boshlanish vaqti ichki mehnat tartib qoidalari yoki smena grafiklari bilan belgilangan vaqt hisoblanadi.
26. Smena boʻyicha ishlaydigan haydovchilar ishga kelish joyi smena boshlanishi va yakunlanishi grafiklari bilan belgilanadi.
27. Haydovchi avtotransport vositasini uning toʻxtab turish joyiga qaytarib keltirgandan va yakuniy ishlarni oʻtkazish uchun belgilangan meʼyoriy vaqti tugagandan soʻng haydovchining ish vaqti yakunlangan hisoblanadi.
V bob. Yakuniy qoidalar
28. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Ushbu “Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida”gi nizom Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2013-yil 20-avgust
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 20-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 20-avgust
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2013-yil 20-avgust
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori A. QURBONOV
2013-yil 20-avgust
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2013-yil 20-avgust
Avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 20-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 37-son, 487-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 27.06.2023-y., 10/23/2506-1/0430-son; 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)