OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrugʻi
Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2506]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-avgust,
64-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2013-yil 23-avgustdagi 64-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Nizom avtotransport vositalari haydovchilarining (bundan buyon matnda haydovchi deb yuritiladi) ish vaqti va dam olish vaqtini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 24-maydagi 16-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2506-1, 26.06.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2023-y., 10/23/2506-1/0430-son)
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtotransport vositalari — yoʻlovchilar, bagaj, yuklar tashishga hamda maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan avtomobillar, shatakchi avtomobillar, tirkama va yarim tirkamalar;
Oldingi tahrirga qarang.
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga ega boʻlgan, yoʻlovchilarni, bagajni, yuk bagajini, yuklarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalarini tashish boʻyicha tijorat asosida xizmatlar koʻrsatadigan, shuningdek tashish uchun tegishli litsenziyaga, sertifikatga yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 9-apreldagi 12-2026/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2506-2, 15.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)
qatnov jadvali — reysni bajarish vaqti, joyi va izchilligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan grafik (jadval);
reys — avtotransport vositasining yoʻnalishning boshlanishidan oxirgi manziligacha boʻlgan yoʻli;
boshqaruv davri — haydovchi dam olish davri yoki tanaffusdan keyin avtotransport vositasini boshqarishni boshlagan vaqtdan to navbatdagi dam olish davri yoki tanaffusgacha boʻlgan umumiy vaqt hisoblanadi. Boshqaruv davri uzluksiz boʻlishi yoki alohida davrlarga boʻlinishi mumkin;
haydovchining ish vaqti — xodim ish tartibi yoki grafigiga yoxud mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq oʻz mehnat vazifalarini bajarishi lozim boʻlgan vaqt ish vaqti hisoblanadi.
2. Mazkur Nizom avtotransport vositasida shahardagi, shahar atrofidagi, shaharlararo va viloyatlararo-shaharlararo tashishlar bilan shugʻullanuvchi tashuvchilarga taalluqlidir.
3. Avtotransport vositalarining qatnov jadvallari va harakatlanish grafiklari mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
II bob. Ish vaqti
4. Haydovchilar uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha haydovchilar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
5. Haydovchilarga tungi vaqtdagi ishlarning muddati soat 22 — 00 dan to soat 6 — 00 gacha boʻlgan vaqt hisoblanadi.
Agar haydovchi uchun belgilangan kundalik ish (smena) muddatining kamida yarmi tungi vaqtga toʻgʻri kelsa, tungi ish vaqti muddati bir soatga, ish haftasi muddati ham shunga muvofiq ravishda qisqartiriladi.
Ishlab chiqarish sharoitlariga koʻra zarur boʻlgan hollarda, xususan ishlab chiqarish uzluksiz boʻlgan joylarda, shuningdek bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi sharoitida smena boʻlib ishlanayotgan joylarda tungi ish muddati kunduzgi ish muddatiga tenglashtiriladi.
6. Haydovchilarning bir sutkadagi boshqaruv davri toʻqqiz soatdan ortiq boʻlmasligi lozim.
7. Hisobga olinadigan davrdagi ish vaqtining muddati ish soatlarining normal miqdoridan oshib ketmaydigan shart bilan ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy qilinishi mumkin. Bunda hisobga olinadigan davr bir yildan, kundalik ish vaqtining (smenaning) muddati esa oʻn ikki soatdan ortib ketmasligi lozim.
8. Shaharlararo tashishlarda haydovchining avtotransport vositasida oʻn ikki soatdan ortiq boʻlishi koʻzda tutilgan hollarda, haydovchi dam olishi uchun joy jihozlangan boʻlishi va reysda ikki nafar haydovchi boʻlishi lozim.
9. Haydovchining ish vaqti tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
liniyaga chiqish oldidan va liniyadan qaytgandan soʻng ishlarni bajarish vaqti;
shaharlararo tashishlarda borish yoki qaytish maskanida, smena boshlanishi oldidan va yakunlanganidan soʻng yoʻlda (toʻxtab turish joyida) ishlarni bajarish uchun tayyorgarlik va yakunlash ishlarini bajarish vaqti;
haydovchilarni bir smenada besh daqiqaga qadar reysoldi tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqti;
avtotransport vositasining liniyada harakatlanish vaqti;
toʻxtab turish vaqti: yuk ortish va tushirish punktlarida, yoʻlovchilarni chiqarish va tushirish joylarida, maxsus avtotransport vositalaridan foydalanish joylaridagi vaqti;
Oldingi tahrirga qarang.
haydovchining aybisiz bekor turib qolingan vaqti;
(9-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 9-apreldagi 12-2026/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2506-2, 15.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)
yoʻnalishdagi yakuniy punktlarda qatnov jadvalida koʻzda tutilgan qisqa muddatli toʻxtagan vaqti;
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqtlar.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 9-apreldagi 12-2026/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2506-2, 15.04.2026-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)
10. Haydovchilar shaharlararo tashishlarda avtotransport vositasining uzluksiz bir yarim soat boshqaruvidan soʻng oʻn besh daqiqa yoki toʻrt yarim soatdan soʻng qirq besh daqiqa dam olishi uchun toʻxtashlari kerak.
11. Sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqa tashkilotlarda texnologik jarayondagi tashishlarda band haydovchilar uchun smena grafiklari xizmat koʻrsatilayotgan obyektlardagi ishlarning smena grafiklariga muvofiq boʻlishi lozim.
12. Haydovchilar shaharlararo yuk va yoʻlovchilar tashish ishlarini bajarish uchun reyslarga joʻnatilganda (haydovchi grafik bilan belgilangan smenada doimiy ish joyiga qaytishga ulgura olmaganda), haydovchilarga tashuvchi tomonidan topshiriq (jadval, grafik) bilan belgilangan vaqt ish vaqti sifatida hisobga olinadi
13. Ish vaqtidan tashqari ishlar haydovchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Haydovchining ish smenasi davomiyligi oʻn ikki soat boʻlganida, shuningdek mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta xavfli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 9-apreldagi 12-2026/B-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2506-2, 15.04.2026-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)
III bob. Dam olish vaqti
Oldingi tahrirga qarang.
14. Haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:
ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar va ovqatlanish uchun tanaffusga chiqish (tushlik tanaffusi);
har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olish;
dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish);
ishlanmaydigan bayram kunlarida dam olish;
oʻrnatilgan tartibda taʼtilga chiqish;
oʻz xohishiga koʻra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan boʻsh boʻlgan qoʻshimcha kunlardan, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kunlaridan foydalanish.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2026-yil 9-apreldagi 12-2026/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2506-2, 15.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)
15. Haydovchilarning har haftalik dam olishi uzluksiz qirq ikki soatdan kam boʻlmasligi kerak.
16. Bir haftadan ortiq davomiylikdagi shaharlararo tashishlarda band boʻlgan haydovchilarga, safar davrida har haftalik dam olish kunidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmasa, haydovchi doimiy ish joyiga qaytib kelganidan soʻng ishlangan vaqt uchun dam olish kuni (otgul) berilishi lozim.
17. Ish vaqtini umumlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilish haydovchilarga, har kunlik dam olish kunlari smena grafiklariga asosan haftaning turli kunlarida belgilanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Haydovchilar bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlashlari man etiladi. Haydovchilarni shu kunlari ish beruvchining buyrugʻi bilan ishga jalb etishga alohida hollardagina Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 210 va 212-moddalarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlab chiqarish-texnik sharoitlarga koʻra (uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar) toʻxtatib turish imkoni boʻlmagan ishlarni (xizmatlarni), aholiga xizmat koʻrsatish zarurati yuzaga keltiradigan ishlarni, shuningdek kechiktirib boʻlmaydigan taʼmirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
Bayram (ishlanmaydigan) kunlari bajarilgan ishlar uchun haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 263-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 24-maydagi 16-2023/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2506-1, 26.06.2023-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.06.2023-y., 10/23/2506-1/0430-son)
19. Haydovchilarga yillik taʼtillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar tashuvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.
IV bob. Ish vaqtini hisobga olish
20. Haydovchilarning ish vaqtini hisobga olish tabellar, yoʻl varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari va haydovchining ish vaqtini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Viloyatlararo-shaharlararo yoʻlovchi tashuvchi haydovchilarning ish vaqti nazorat pribor (taxograf)larning koʻrsatkichiga asosan hisobga olinadi.
21. Ichki mehnat tartib qoidalari yoki smena grafiklari bilan belgilangan muayyan soatlarda har kuni ishlaydigan haydovchilarning ish vaqti har kuni hisobga olib boriladi.
22. Hisobot davri uchun ishdan tashqari ish soatlarining umumiy miqdori amalda ishlangan vaqt va mazkur davr uchun ish soatlari meʼyori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
23. Haydovchi boshqa ishga oʻtkazilganda (avtotransport vositasini taʼmirlash va boshqa ishlar) uning ish vaqtini hisobga olish, u oʻtkazilgan ish boʻyicha hisoblanadi.
24. Haydovchi xizmat safari vaqtida uning ish vaqti tashuvchi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinadi.
25. Haydovchilar uchun ish boshlanish vaqti ichki mehnat tartib qoidalari yoki smena grafiklari bilan belgilangan vaqt hisoblanadi.
26. Smena boʻyicha ishlaydigan haydovchilar ishga kelish joyi smena boshlanishi va yakunlanishi grafiklari bilan belgilanadi.
27. Haydovchi avtotransport vositasini uning toʻxtab turish joyiga qaytarib keltirgandan va yakuniy ishlarni oʻtkazish uchun belgilangan meʼyoriy vaqti tugagandan soʻng haydovchining ish vaqti yakunlangan hisoblanadi.
V bob. Yakuniy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
28. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
29. Ushbu “Avtotransport vositalari haydovchilarining ish vaqti va dam olish vaqti toʻgʻrisida”gi nizom Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2013-yil 20-avgust
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 20-avgust
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 20-avgust
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2013-yil 20-avgust
“Oʻzstandart” agentligi Bosh direktori A. QURBONOV
2013-yil 20-avgust
“Oʻzdavenergonazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi A. NIMATULLAYEV
2013-yil 20-avgust
Avtomobil va daryo transporti agentligi boshligʻi A. ABDUVALIYEV
2013-yil 20-avgust
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 37-son, 487-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 27.06.2023-y., 10/23/2506-1/0430-son; 18.04.2026-y., 10/26/2506-2/0383-son)