Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati (bundan keyin "Tomonlar" deb ataluvchilar)
oʻz mamlakatlari oʻrtasida sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
ushbu Bitimni tuzdilar:
1- modda
Tomonlar tenglik, hamjihatlik hamda oʻzaro foyda asosida sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar. Hamkorlikning konkret sohalari Tomonlarning tegishli manfaatlari hisobga olingan oʻzaro kelishuv orqali belgilanadi.
2- modda
Tomonlar, jumladan quyida koʻrsatilgan sohalarda hamkorlikka alohida eʼtibor beradilar:
sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro manfaatli boʻlgan axborot almashish;
ushbu Bitimning 5-bandida koʻzda tutilgan Hamkorlik rejasiga binoan mutaxassislarni oʻqitish va maslahat olish uchun almashish;
ikkala mamlakatning institutlari va tashkilotlari orasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar;
tibbiyot va ijtimoiy sogʻliqni saqlash sohasiga doir yangi uskunalar, dori-darmonlar va texnologik taraqqiyot boʻyicha axborot almashish; shuningdek
tibbiyot va ijtimoiy sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro manfaatli boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa shakllardagi hamkorlik.
3- modda
Tomonlar oʻz mamlakatlarida boʻlib oʻtadigan sogʻliqni saqlash va tibbiyot masalalariga bagʻishlangan xalqaro kongress hamda simpoziumlar haqidagi axborotlarni almashadilar. Bir Tomonning soʻroviga koʻra ikkinchi Tomon oʻtkazilgan shunday tadbirlarning eʼlon etilgan tegishli materiallarini yuboradi.
4- modda
Tomonlarning tegishli vakolatli organlari tibbiy asarlar roʻyxati va sogʻliqni saqlash boʻyicha filmlarni almashadilar.
5- modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan Isroil Davlatining Sogʻliqni saqlash vazirligiga ushbu Bitimni bajarishni topshiradilar.
Vazirliklar ushbu Bitimni bajarish uchun Hamkorlik rejasini tuzib imzolaydilar, unda boshqa masalalar bilan birga moliyaviy taʼminlash masalalari ham belgilab olinadi.
6- modda
Ushbu Bitimni bajarish chogʻida yuzaga keladigan masalalar Tomonlarning maslahatlashuvi orqali hal qilinadi. Ushbu Bitimga toʻldirishlar Tomonlarning roziligi bilan qoʻshiladi va ushbu Bitimning 7-moddasidagi qoidalarga muvofiq kuchga kiradi.
7- modda
Ushbu Bitim Tomonlar bir-birini ushbu Bitim har qaysi mamlakatda amal qiladigan qonunchilik protseduralariga muvofiq ravishda tasdiqlanganligi toʻgʻrisida xabardor qilib bergan ikkinchi diplomatik nota olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Bitim 5 (besh) yillik muddatga tuziladi va Tomonlardan hech qaysisi ikkinchi Tomonni tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi 5 (besh) yillik muddatlarga uzayadi.
Quddus shahrida 1998-yil 15-sentyabrda, bu 5758 yilning 24 Eluliga toʻgʻri keladi, ikki nusxada, oʻzbek, ivrit va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda har xilliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustun hisoblanadi.
(imzolar)