Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va
Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati, bundan keyin "Ahdlashuvchi Tomonlar" deb ataluvchilar,
Qishloq xoʻjaligi sohasida va qishloq xoʻjaligiga aloqador sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan intilishdan kelib chiqib, hamda
Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikning kuchayishi ikkala mamlakat orasida mavjud boʻlgan doʻstona munosabatlarning kelgusida yanada kuchayishiga olib keladi, deb ishonib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro manfaatdorlik, tenglik va hamjihatlik asosida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar qishloq xoʻjaligining quyidagi sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik jabhalarini rivojlantirishga koʻmaklashadilar:
1. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va unga boʻlgan talabni rejalashtirish hamda prognozlash.
2. Ekinlar oʻstirish, jumladan urugʻ olish, genetika, seleksiya, oʻsimliklar himoyasi va issiqxonalar ishi.
3. Chorvadorlik va parrandachilik mahsulotlarini yetishtirish, jumladan chorvadorlik genetikasi, koʻpayishi va fiziologiyasi.
4. Tuproqni tadqiq qilish va eroziya nazorati.
5. Irrigatsiyaning zamonaviy metodlarini rivojlantirish.
6. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasida suv resurslarini boshqarish tizimi.
7. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylashtirish va saqlash, jumladan konsentratlar ishlab chiqarish texnologiyasi.
8. Hamkorlikning Ahdlashuvchi Tomonlar oldindan kelishib oladigan boshqa sohalari.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar orasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
1. Olimlar va ekspertlarni almashish.
2. Ikki tomonlama simpozium va konferensiyalarni tashkil qilish.
3. Ilmiy, texnikaviy va iqtisodiy axborotlarni almashish.
4. Oʻzaro manfaatli qoʻshma loyiha hamda dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirish.
5. Sabzavotlar, mevalar, urugʻlar hamda chorva mollarining genetik materiallarini almashish.
6. Hamkorlikning Ahdlashuvchi Tomonlar orasida kelishib olinadigan boshqa shakllari.
4-modda
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakatning hukumat tashkilotlari hamda nohukumat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa tegishli muassasa hamda kompaniyalari orasidagi hamkorlik va aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar.
2. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining tegishli qonun-qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan iborat oʻzbek-isroil Qoʻshma qoʻmitasi tuziladi. Mutaxassislar Qoʻshma qoʻmita ishiga koʻmaklashadilar.
Qoʻshma qoʻmitaning vazifalari quyidagilardan iborat:
ushbu Bitimni bajarish jihatlarini aniqlash;
hamkorlik boʻyicha ishchi dasturlarini tayyorlash;
hamkorlikning konkret dastur va tadbirlari amalga oshirilishi uchun ular ustidan nazorat;
hamkorlikning moliyaviy hamda maʼmuriy shart-sharoitlarini belgilash.
Qoʻshma qoʻmita navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasida hamda Isroil Davlatida oldindan kelishilgan kun tartibi boʻyicha yiliga bir marta, yoki lozim boʻlgan paytda yigʻilish oʻtkazadi.
6-modda
Ushbu Bitim hamjihatlik prinsipiga asoslanadi, binobarin Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlikning qoʻshma dasturlarini amalga oshirish uchun chet el moliyaviy mablagʻlarini jalb etish imkoniyatlarini ham koʻrib chiqadilar.
7-modda
Ushbu Bitim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Isroil Davlati Hukumati nomidan Qishloq xoʻjaligi va qishloq taraqqiyoti vazirligi ijrochi agentliklar boʻlib hisoblanadi.
8-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ichki yuridik tartibotlariga muvofiq maqullanadi yoki ratifikatsiya qilinadi va ushbu maʼqullash yoki ratifikatsiya toʻgʻrisidagi ikkinchi diplomatik nota sanasidan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh (5) yil davomida amal qiladi. Shundan soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tutashidan kamida olti (6) oy ilgari ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan har gal keyingi besh (5) yillik muddatlarga uzayadi. Ushbu Bitim faoliyatining toʻxtatilishi unga muvofiq qabul qilingan, ammo oʻsha vaqtga qadar bajarib boʻlinmagan bitimlar, kontraktlar yoki loyihalarga taʼsir qilmaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan ushbu Bitimning qoidalari oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin. Kiritilgan har qanday oʻzgartish yoki toʻldirishni kuchga kiritish tartibi ham ushbu Bitimni kuchga kiritish tartibi kabidir (qarang: shu modda, 1-band).
4. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni asos qilib olib, oʻzaro kelishga holda konkret loyihalar boʻyicha Ijroviy Bitim yoki protokollar tuzishlari mumkin.
5. Ushbu Bitim yuzasidan kelib chiqishi mumkin boʻlgan bahs hamda kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar orasida muzokara va maslahatlashuvlar olib borish orqali hal qilinadi.
Quddus shahrida 1998-yil 15-sentyabrda, bu 5758 yilning 24 Eluliga toʻgʻri keladi, ikki nusxada, oʻzbek, ivrit va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar oʻzaro teng. Talqin qilishda har xilliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega boʻladi.
(imzolar)