Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Konvensiya
IKKIYoQLAMA SOLIQ SOLINIShINING OLDINI OLISh HAMDA DAROMAD VA SARMOYa SOLIQLARINI TOʻLAShDAN BOSh TORTIShNI BARTARAF QILISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati, ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish hamda daromad va sarmoya soliqlarini toʻlashdan bosh tortishni bartaraf qilish toʻgʻrisida Konvensiya tuzish istagini bildirib, shuningdek ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1- modda
Qoʻllanish doirasi
Qoʻllanish doirasi
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlardan birining yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2- modda
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
1. Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Davlat yoki uning hududiy- maʼmuriy boʻlinmalari yoxud mahalliy hokimiyat organlari nomidan olinayotgan daromad va sarmoya soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va sarmoya soliqlariga umumiy daromaddan, umumiy sarmoyadan, yoki daromad yo uning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlardan, hamda korxonalar tomonidan toʻlanadigan ish haqi yoki maoshning umumiy miqdoridan olinadigan soliqlar, shuningdek sarmoya qiymatining oshishidan undiriladigan soliqlar kiradi.
3. Ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar jumladan quyidagilardir:
a) Isroilga nisbatan:
i) daromadlardan olinadigan soliqlar toʻgʻrisidagi Qonun va unga ilova qilinadigan qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiriladigan soliqlar;
ii) er mulkining qiymati oʻsishini soliqqa tortish toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq koʻchmas mulkning begonalashtirilishida uning qiymati oʻsishidan undiriladigan soliqlar;
iii) mol-mulkni soliqqa tortish toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq koʻchmas mulkdan undiriladigan soliqlar;
iv) ish beruvchilarni soliqqa tortish toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq undiriladigan soliqlar;
(bundan keyin «Isroil soliqlari» deb ataluvchi);
b) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
i) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadlari (foydasi)dan olinadigan soliq;
ii) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi; va
iii) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyin «Oʻzbekiston soliqlari» deb ataluvchi).
4. Ushbu Konvensiya imzolangandan soʻng mavjud soliqlarga qoʻshimcha yoki ular oʻrniga kiritilgan har qanday oʻxshash yoki aslida oʻxshash soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari har yil oxirida oʻzlarining tegishli soliq qonunchiligida boʻlgan har qanday katta oʻzgarishlar haqida bir-birlariga xabar beradilar.
3-modda
Umumiy taʼriflar
Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
a) «Isroil» atamasi Isroil Davlatini anglatadi va geografik maʼnoda qoʻllanilganida «Isroil» atamasi uning xalqaro huquqqa muvofiq oʻzining huquqlarini amalga oshiradigan hududiy dengizini, kontinental shelfni va dengizdagi boshqa makonlarni anglatadi;
b) «Oʻzbekiston» atamasi Oʻzbekiston Respublikasini bildiradi va uning hududiy dengizini va hududiy dengizdan tashqaridagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqqa muvofiq oʻzining dengiz tubini va uning tubidagi er ostini, shuningdek ularni oʻrab turgan suvlarni razvedka qilish va ishlash yuzasidan suveren huquqlarini amalga oshira oluvchi har qanday hududni oʻz ichiga oladi;
c) «Ahdlashuvchi Davlat» va «boshqa Ahdlashuvchi Davlat» atamalari matnda ishlatilish oʻrniga qarab Isroilni yoki Oʻzbekistonni anglatadi;
d) «shaxs» atamasi jismoniy shaxsni, kompaniyani yoki shaxslarning har qanday boshqa birlashmasini anglatadi;
e) «kompaniya» atamasi har qanday korporativ birlashmani yoki soliqqa tortish maqsadlarida korporativ birlashma sifatida qaraladigan har qanday tashkilotni anglatadi;
f) «Ahdlashuvchi Davlat korxonasi» va «boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi» atamalari tegishlicha ravishda Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boshqaruvida ish yuritayotgan korxonani va Boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
g) «xalqaro tashish» atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi tomonidan foydalaniladigan dengiz yoki havo kemasida, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarida har qanday tashishni anglatadi, dengiz yoki havo kemasining, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalarining boshqa Ahdlashuviga Davlat hududida joylashgan punktlar oʻrtasidagina foydalanilishi bundan mustasno;
h) «vakolatli organ» atamasi:
i) Isroilga nisbatan — Moliya vaziri yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
ii) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Raisini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi;
i) «milliy shaxs» atamasi:
i) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
ii) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, hamjamiyat yoki assotsiatsiyani anglatadi.
2. (a) Ushbu Konvensiyani Davlat qoʻllaganida, agar matndan oʻzga maʼno chiqmasa, har qanday belgilanmagan atama, ushbu Konvensiya tegishli tatbiq etiladigan mavjud soliqlarga nisbatan shu Davlatning qonunlariga muvofiq maʼnoni anglatadi. Ana shu Davlat qonunchiligiga binoan bu atamaning maʼnosi shu Davlat huquqining boshqa sohalari qonunlarida ana shu atama ega boʻlgan maʼnodan ustunlik qiladi.
(b) agar a) kichik bandining qoidalari natijasida atamaning maʼnosi bir Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga koʻra ushbu atamaning boshqa Ahdlashuvchi Davlat qonunlariga koʻra maʼnosidan farq qiladigan boʻlsa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu atamaning umumiy maʼnosi haqida kelishib oladilar.
4-modda
Rezident
Rezident
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun «Ahdlashuvchi Davlat rezidenti» atamasi shu Davlatning qonunchiligi boʻyicha oʻzining turar joyi, doimiy istiqomat qilish, yuridik shaxs sifatida tashkil topgan joyi, amaldagi boshqaruv joyi qayerda joylashgani yoki shunga oʻxshash oʻzga har qanday mezonlarni, shuningdek ushbu Davlatni va uning har qanday hududiy maʼmuriy boʻlinmasini yoki mahalliy hokimiyat organlarini anglatadi. Biroq bu atama faqat ushbu Davlatda joylashgan manbalardan yoki sarmoyadan daromad olayotgani uchun ushbu Davlatda soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni oʻz ichiga qamrab olmaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) u shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, u odatda yashab turgan Davlatining rezidenti hisoblanadi;
c) agar shaxs odatda har ikki Davlatda yashasa yoki ularning hech birida yashamasa, u Ahdlashuvchi Davlatlarning qay birining milliy shaxsi boʻlsa, shu Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar u har ikkala Davlatning milliy shaxsi boʻlsa yoki shunday boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs boʻlmagan shaxs Ahdlashuvchi Davlatning har ikkisining rezidenti boʻlsa, u holda uning amaldagi rahbar organi joylashgan Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda
Doimiy muassasa
Doimiy muassasa
1. Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun «doimiy muassasa» atamasi Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini bildiradi.
2. «Doimiy muassasa» atamasi, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv organi (joyi);
b) boʻlim;
c) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona; va
f) shaxta, neft yoki gaz qudugʻi, karer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy.
3. «Doimiy muassasa» atamasi, shuningdek quyidagilarni ham oʻz ichiga oladi:
a) qurilish maydonchasi yoki qurilish yoki yigʻish obʼekti, agar ular toʻqqiz oydan ortiq faoliyat koʻrsatadigan boʻlsa;
b) korxonaning xizmatlarni, shu jumladan, maslahatchilik xizmatlarini shu maqsadlar uchun yollangan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali koʻrsatishi, lekin bunda shu turdagi faoliyat (ushbu obʼekt yoki u bilan bogʻliq obʼekt uchun) mamlakat doirasida har qanday 12 oylik davr mobaynida jami toʻqqiz oydan ortiq davr yoki davrlarga moʻljallangan boʻlsa.
4. Ushbu moddaning bundan oldingi qoidalariga qaramay, «doimiy muassasa» atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni saqlash, namoyish qilish yoki etkazib berish maqsadlaridagina foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasining faqat saqlash, namoyish qilish yoki etkazib berish maqsadida ushlab turilishi;
c) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki mahsulotlar zaxirasini boshqa korxona qayta ishlashi maqsadida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovarlar yoki buyumlar sotib olish yoki korxona uchun axborot yigʻish maqsadida ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida uchun ushlab turilishi;
f) (a)-(e) kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarini har qanday uygʻunlashuvi uchungina butun faoliyati ana shu uygʻunlashuvi natijasi boʻlgan va tayyorgarlik hamda yordamchi tusda boʻlgan taqdirda doimiy faoliyat joyining saqlab turilishi.
5. 1- va 2-bandlardagi qoidalariga qaramay, agar 7-bandda koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs korxona nomidan ish yuritsa va Ahdlashuvchi Davlatda korxona nomidan shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlsa va huquqlardan odatda foydalansa, bu korxona ushbu Davlatda ana shu korxona uchun ushbu shaxs tomonidan koʻrsatilgan xizmat doirasida doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi, lekin ushbu shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatilgan faoliyat bilan cheklanib qolsa va bu faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa, bu joyni ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6. Agar 1- va 2-bandlarning bundan oldingi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan sugʻurta korxonasi ushbu boshqa Davlat hududida broker yoki 7-band tegishli boʻlgan mustaqil maqomli agentdan farq qiladigan shaxs orqali sugʻurta mukofotlarini yigʻsa yoki tavakkalchiliklardan sugʻurta qilsa, ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega, deb hisoblanadi.
7. Korxona, agar Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati chegarasida ish yuritgan taqdirda, shu Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
8. Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan nazorat qilinishi yoki nazoratni boshqa Davlat kompaniyasi ustidan yuritishi yoki ushbu kompaniya boshqa Davlatda tijoratchilik faoliyatini (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) amalga oshirayotgan boʻlsa, bu hol oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6- modda
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olgan daromadlar (qishloq yoki oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromadlar ham shu jumlaga kiradi) koʻchmas mulk joylashgan Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. «Koʻchmas mulk» atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlat qonunlarida ifodalangan tushunchani anglatadi. Har qanday holda ham ushbu atama er ustidagi mulk toʻgʻrisidagi umumiy qonunchilikning qoidalari bilan haq-huquqi belgilangan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, chorva mollari, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi vositalari, koʻchmas mulk natijasi boʻlgan atrof mulkni (uzufrukt), ishlatganlik uchun badal sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquq yoki minerallar joylashgan erga va boshqa tabiiy resurslarni ishlashga boʻlgan huquqni oʻz ichiga qamraydi; dengiz kemalari, havo kemalari, avtomobil va temir yoʻl transporti vositalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki oʻzga har qanday shaklda foydalanib olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
7- modda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Agar korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini Ahdlashuvchi boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa, Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga tegishli korxonaning foydasi, shu Davlatda soliqqa tortiladi. Agar korxona yuqorida aytilganidek, oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi Ahdlashuvchi boshqa Davlatda soliqqa tortiladi, ammo shu doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismidagina soliqqa tortilishi mumkin.
2. 3-band qoidalariga muvofiq, agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan boʻlsa, agar u xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida va u doimiy muassasasi boʻlgan korxonadan mutlaqo mustaqil ravishda xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni amalga oshirayotgan mustaqil korxona sifatida olishi mumkin boʻlgan foyda olsa, unda foyda har bir Ahdlashuvchi Davlatda shu doimiy muassasaga yoziladi.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda mazkur doimiy muassasa faoliyati maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni chegirib tashlashga yoʻl qoʻyiladi, doimiy muassasa joylashgan Davlatda hamda har qanday oʻzga erda faoliyat maqsadlari uchun sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlar ham shunga kiradi. Biroq doimiy muassasa tomonidan korxonaning bosh ofisiga yoki uning boshqa ofislaridan istalgan bittasiga patentlar yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun royaltilar, mualliflik haqlari yoki boshqa shunga oʻxshagan toʻlovlar sifatida toʻlangan, yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, bank korxonasiga tegishli boʻlgan hollardan tashqari, yoki ushbu doimiy muassasaga berilgan qarz puliga foizlarni toʻlash yoʻli bilan toʻlangan pullarni, agar ular umuman bor boʻlsa (haqiqiy qoplangan xarajatlardan tashqari) hech qanday chegirib tashlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu tarzda, doimiy muassasa tomonidan korxonaning bosh ofisiga yoki boshqa ofislardan istalgan bittasiga patentlar yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik uchun royaltilar, mualliflik haqlari yoki boshqa shunga oʻxshagan toʻlovlar sifatida toʻlangan yoki koʻrsatilgan aniq xizmatlar yoki menejmentlik uchun komission toʻlovlar toʻlash yoʻli bilan, bankka doir korxona hollaridan tashqari, korxonaning bosh ofisiga yoki boshqa ofislardan istalgan bittasiga berilgan qarz summasiga foizlar tarzida toʻlangan toʻlovlar (haqiqiy qoplangan xarajatlardan tashqari) doimiy muassasaning foydasini aniqlashda hisobga olinmaydi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda korxona foydasining umumiy miqdorini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash negizida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay, 2-banddagi hech narsa Ahdlashuvchi Davlatga soliqqa tortiladigan foydani amaldagi shunday taqsimot vositasida aniqlashga xalaqit bermaydi; tanlangan taqsimot uslubi ushbu moddaga oid prinsiplarga muvofiq natijalar berishi lozim.
5. Korxona uchun doimiy muassasa tomonidan tovarlar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib, doimiy muassasaga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga mansub foyda, agar boshqasi uchun salmoqli va etarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda, ushbu Konvensiyaning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan foyda turlarini qamrab oladigan boʻlsa, mazkur moddalar qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8- modda
Xalqaro transport
Xalqaro transport
1. Davlatning korxonasi xalqaro tashishlarda dengiz kemalari, havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalaridan foydalanishdan olgan foydaga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. 1-band qoidalari shuningdek quyidagilarga nisbatan ham qoʻllaniladi:
a) xalqaro tashishlarda qoʻllaniladigan dengiz yoki havo kemalarini (shu jumladan, ekipajsiz fraxt qilish asosida) ijaraga berishdan olinadigan tasodifiy foydalarga;
b) konteynerlar (shu jumladan, konteynerlarni tashish bilan treylerlar va uskunalar)dan foydalanish, ushlab turish yoki ijaraga berishdan olinadigan foydalarga, agar bunday foydalar korxonaning xalqaro tashishlarda dengiz yoki havo kemalarini qoʻllashdan oladigan foydalarga nisbatan qoʻshimcha yoki tasodifiy tusga ega boʻlsa.
9- modda
Birlashgan korxonalar
Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Bir Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyada bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar Ahdlashuvchi Davlatlardan unisining ham, bunisining ham korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyada bevosita yoki bilvosita qatnashsa,
ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin yuqoridagi sharoitlar tufayli hisoblanmagan har qanday foyda ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va tegishli darajada soliqqa tortilishi mumkin.
2. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan biri shu Davlat korxonasi foydasiga boshqa Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladigan foydani, shuningdek soliqlarni kiritsa, birinchi eslatilgan Davlat tomonidan shu tariqa kiritilgan va birinchi eslatilgan Davlat korxonasi toʻplagan foydalar deb hisoblanuvchi foydalar, agar ikkala korxona oʻrtasidagi munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat oʻrinli deb hisoblasa soliqlar miqdorini muvofiqlashtiradi. Ana shunday tuzatishlarni belgilashda ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalariga tegishlicha eʼtibor qaratish kerak va Davlatlarning vakolatli organlari, zarur boʻlsa, oʻzaro maslahatlashuvlarni boshlashlari lozim.
10-modda
Dividendlar
Dividendlar
1. Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Davlat rezidentiga toʻlangan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Davlatning rezidenti boʻlsa, mazkur Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarning haqiqiy egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlsa, soliqning miqdori dividendlar yalpi miqdorining 10 foizidan oshmasligi kerak.
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bunday cheklashlarni qoʻllash metodi masalasini oʻzaro kelishuvga binoan hal qilishadi.
Bu band qoidasi dividendlar toʻlaydigan kompaniyaning foydasini soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. «Dividendlar» atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki aksiyalardan foydalanishdan, kon qazish sanoati aksiyalari, muassislarning aksiyalari yoki qarz talablari hisoblanmagan boshqa huquqlardan foydada ishtirok etish huquqini beruvchi boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani toʻlovchi kompaniya rezident boʻlgan Ahdlashuvga Davlatning ichki soliq qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan soliqlar orqali tartibga solinadigan daromad boshqa korporativ huquqlar asosida olinadigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgani holda, ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti oʻz faoliyatini boshqa Davlatda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va xolding (dividendlar unga nisbatan toʻlanadi) aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, ushbu moddaning 1- va 2-bandlaridagi qoidalar qoʻllanilmaydi. Bunday holda, vaziyatga qarab 7- yoki 14-moddalar qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatdan foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, bu boshqa Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olmasligi mumkin, ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan bunday dividendlar yoki xolding (dividendlar unga nisbatan toʻlanadi) shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda boʻlgan hollar bundan mustasno, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi, hattoki toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda
Foizlar
Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday foizlar hosil boʻlgan mazkur Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarni oluvchi dividendlarning haqiqiy egasi boʻlsa, soliqning foizlar yalpi 10 foizidan oshmasligi kerak. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bunday cheklashlarni qoʻllash metodi masalasini oʻzaro kelishuvga binoan hal qilishadi.
3. «Foizlar» atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda qarzdor foydasida qatnashishga huquq beradigan yoki bermaydigan, badal bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmagan har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni va, xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlari, obligatsiyalar va qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni, shu jumladan, ushbu qimmatbaho qogʻozlar, va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofotlar va yutuqlarni bildiradi. Ushbu modda maqsadlarida «foizlar» atamasi oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalarni oʻz ichiga olmaydi.
4. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali faoliyat olib borayotgan boʻlsa, yoki ushbu boshqa Davlatda joylashgan doimiy bazasi orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga haqiqatan mansub boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda vaziyatga qarab 7- yoki 14- moddalar qoidalari qoʻllaniladi.
5. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar mazkur Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin, agar foizlarni toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlib, shu tufayli foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa, va bunday foizlar toʻlash xarajatlarini doimiy muassasa yoki doimiy baza zimmasiga olsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi, yoki ular ikkalasi va qandaydir oʻzga shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovlarning ortiqcha qismidan ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliq olinadi.
12-modda
Royalti
Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortiladi.
2. Biroq bunday royaltilar, shuningdek ular vujudga keladigan Ahdlashuvchi Davlatda uning qonunlariga muvofiq ham soliqqa tortilishi mumkin, lekin agar royaltining egasi boshqa Ahdlashuvga Davlatning rezidenti boʻlsa, unda bu tariqa undiriladigan soliq quyidagilardan ortiq boʻlmasligi kerak:
a) agar bunday royaltilar har qanday adabiy, sanʼat yoki ilmiy asar (kinofilmlardan tashqari) uchun har qanday mualliflik huquqidan foydalanganlik yoki ularga nisbatan huquqlardan foydalanganlik uchun ragʻbatlantirish haqi sifatida olingan har qanday turdagi toʻlovlardan iborat boʻladigan boʻlsa, royaltilar yalpi miqdorining 5 foizidan;
b) boshqa barcha royaltilar yalpi 10 foizidan.
3. «Royalti» atamasi ushbu moddada qoʻllanilganda har qanday adabiyot, sanʼat va fan asarlari, shu jumladan kinofilmlardan foydalanish uchun har qanday mualliflik huquqi yoki shunga oʻxshash huquqlar, har qanday patent, savdo belgisi, chizma yoki model, sxema, kompyuter dasturlari, maxfiy formula yoki jarayon yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Royaltiga nisbatan amalda huquqqa ega boʻlgan shaxs Davlatlardan birining rezidenti boʻlib royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali tijoratchilik faoliyatini yuritayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u erda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan boʻlsa, 1- band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda 7- yoki 14-moddalarning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Biroq, agar royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki doimiy baza toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royaltilar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa biron-bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki royalti toʻlanadigan axborotga taalluqli boʻlsa, royaltining toʻlangan toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan, ushbu modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga mazkur Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliq solinadi.
13-modda
Sarmoya qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
Sarmoya qiymatining oʻsishidan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining 6-moddada eslatib oʻtilgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkni begonalashtirishdan oladigan daromadlarga ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa amaliy mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishda bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib, mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ahdlashuvchi Davlat korxonasi ana shu korxona xalqaro tashishlarda foydalanadigan dengiz kemalari, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositalaridan iborat boʻlgan mol- mulkni begonalashtirish yoki shunday dengiz kemalari, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transport vositalaridan foydalanishga taalluqli koʻchar mol-mulkni olingan daromadlar faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan kompaniyaning aksiyalari yoki boshqa shunga oʻxshagan huquqlarini bevosita yoki bilvosita sotishdan, almashtirishdan yoki boshqacha tarzda oʻtkazishdan olgan daromadlari agar faqat birinchi eslatilgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti kompaniyaning bunday sotish, almashish yoki boshqacha tarzda oʻtkazishdan keyingi ikki yillik davr mobaynidagi har qanday vaqtda kompaniya sarmoyaning 10 foizi yoki undan ortiq qismini tashkil etadigan aksiyalarga bevosita yoki bilvosita egalik qilsa faqat ushbu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin. Ana shu band maqsadlari uchun bilvosita egalik qilish cheklangan deb hisoblanmay, balki shaxs bilan bogʻlangan egalik qilish huquqining tarkibiy qismi hisoblanadi.
5. Mablagʻlarining 50 foizdan ortigʻi bevosita yoki bir yoki bir necha kompaniyalar yoki yuridik shaxslar mablagʻlarining joylashtirilishidan iborat boʻlgan kompaniya yoki yuridik shaxslarning aksiyalari yoki ulardagi huquqlarning begonalashtirilishidan, Ahdlashuvchi Davlat hududida joylashgan koʻchmas mulkdan yoki ushbu koʻchmas mulk bilan boʻlgan huquqlardan olinadigan daromadlar ushbu Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
6. 1-, 2-, 3-, 4- va 5- bandlarda eslatilganlardan tashqari har qanday mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga faqat begonalashtiruvchi shaxs rezidenti hisoblangan Davlatda soliq solinadi.
14-modda
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining boshqa Davlatda boʻlishi har qanday koʻrib chiqilayotgan oʻn ikki oylik davr mobaynida jami 183 kunga teng yoki undan ortiq boʻlgan davr yoki davrlarni tashkil qilmasa, uning kasbiy xizmatlarni koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa shunga oʻxshash faoliyatdan olgan daromadiga faqat mana shu Davlatda soliq solinadi. Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun agar uning boshqa Davlatda boʻlishi har qanday koʻrib chiqilayotgan oʻn ikki oylik davr mobaynida jami 183 kunga teng yoki undan ortiq boʻlgan davr yoki davrlarni tashkil etsa, uning ushbu boshqa Davlatda boʻlishi doimiy bazani tashkil qiladigan, deb hisoblanadi.
2. «Kasbiy xizmatlar» atamasi jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, artistlik, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek shifokorlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgalterlarning mustaqil faoliyatini qamrab oladi.
15- modda
Yollanma shaxsiy xizmatlar
Yollanma shaxsiy xizmatlar
1. Ushbu Konvensiyaning 16-, 18- va 19-moddalari qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti yollanma xizmatlari uchun oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa taqdirlash pullariga, agar shu yollanma xizmatlar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, faqat mana shu Davlatda soliq solinadi. Agar yollanma xizmatlar shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan puliga ana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvga Davlatdan amalga oshiradigan yollanma xizmatlari uchun oladigan pullariga faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi, bunda:
a) puli oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanayotgan yoki tugayotgan har qanday oʻn ikki oylik davrga tegishli davr yoki davrlar mobaynida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida turgan boʻlsa; va
b) taqdirlash puli yollovchi tomonidan yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi nomidan toʻlansa; hamda
c) puli boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmasa.
3. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz kemalari, havo kemalari bortida, temir yoʻl yoki avtomobilʼ transporti vositalarida amalga oshiriladigan yollanma xizmat uchun olinadigan pullariga ushbu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
16- modda
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari
Direktorlarning gonorarlari va Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvga Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning Direktorlar Kengashi aʼzosi sifatida oladigan gonorarlar va boshqa shu kabi toʻlovlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17- modda
Sanʼat xodimlari va sportchilar
Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14- va 15-moddalar qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa, 7-, 14- va 15-moddalar qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Agar sanʼat xodimi yoki sportchi bir Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshiradigan faoliyat asosan bir yoki har ikkala Ahdlashuvchi Davlatning yoki ularning mahalliy hokimiyatlarining davlat jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirilsa, unda 1- va 2-bandlarning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda, daromad faqat sanʼat xodimi yoki sportchi rezidenti hisoblanadigan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
18- modda
Pensiyalar
Pensiyalar
19-moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga uning ilgarigi yollanish boʻyicha ishlagan ishi uchun tovon sifatida toʻlanadigan pensiyalar va boshqa shu singari ragʻbatlantirish pullariga faqat ushbu Davlatda soliq solinadi.
19- modda
Hukumat xizmati
Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki unish hududiy-maʼmuriy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organlari shu davlatda yoki uning boʻlinmasiga yoki mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlari uchun jismoniy shaxsga toʻlanadigan, pensiyadan boshqa, maosh, ish haqi, va boshqa shu kabi taqdirlash puliga faqat ana shu davlatda soliq solinadi.
b) biroq bunday maosh, ish haqi va boshqa shu kabi taqdirlash puliga agar xizmatlar mana shu Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu davlatning rezidenti va
(i) ushbu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa, yoki
(II) faqat xizmatlarni amalga oshirish maqsadida bu Davlatning rezidenti boʻlmagan boʻlsa, faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. a) Ahdlashuvchi Davlat yoki uning hududiy-maʼmuriy boʻlinmasi yoki hokimiyatning mahalliy organlari yoki ular tuzgan fondlar shu Davlatga, boʻlinmasiga yoki uning mahalliy hokimiyat organlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan har qanday jismoniy shaxsga toʻlanadigan har qanday pensiyaga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
b) biroq agar jismoniy shaxs shu Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa, bunday pensiyaga faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinadi.
3. 1- va 2-bandlar maqsadlari uchun «Ahdlashuvchi Davlat yoki uning hududiy-maʼmuriy boʻlinmasi yoki hokimiyatning mahalliy organlari» atamasi Ahdlashuvchi Davlatning madaniy markazlar faoliyati bilan bogʻliq alohida bitimga muvofiq Ahdlashuvchi Davlat tomonidan asos solingan madaniy markazlarni ham oʻz ichiga oladigan, deb hisoblanadi.
4. 15-, 16- va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki unish hududiy-maʼmuriy boʻlinmasi yoki mahalliy hokimiyat organlari amalga oshiradigan amaliy faoliyati munosabati bilan koʻrsatiladigan tijoriy xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maosh, ish haqi va boshqa shu kabi pullari va pensiyalariga nisbatan qoʻllanadi.
20- modda
Talabalar
Talabalar
Ahdlashuvchi Davlatlardan biriga kelgunga qadar va hozirda boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlaridagina yashab turgan talaba yoki amaliyotchining yashash, oʻqish va maʼlumot olish uchun moʻljallanib oladigan toʻlovlariga mana shu birinchi eslatilgan Davlatda, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan paydo boʻlsa, soliq solinmaydi.
21 modda
Boshqa daromadlar
Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentining mazkur Konvensiyaning oldingi moddalarida tilga olinmagan daromad turlariga daromadning qayerda paydo boʻlishidan qatʼi nazar, faqat mana shu Davlatda soliq solinadi.
2. 6-moddaning 2-bandida belgilanganidek, koʻchmas mulkdan olingan daromad hisoblanmaydigan daromadga nisbatan, agarda bunday daromad egasi Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u erda joylashgan doimiy muassasa orqali oʻz faoliyatini amalga oshirsa yoki u erda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa, ushbu modda 1-bandining qoidasi qoʻllanilmaydi. Bu holatda 7- yoki 14-moddalarning qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
22-modda
Sarmoya
Sarmoya
1. 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mol-mulk tarzidagi va Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan sarmoya ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Koʻchar mol-mulk tarzidagi va Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa tijorat mulkining bir qismini tashkil etuvchi, yoxud mustaqil shaxsiy xizmatlarni bajarish maqsadida Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foydalanadigan doimiy bazaga taalluqli koʻchar mol-mulk tarzidagi sarmoyaga ana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. 1- va 2-bandlarga qaramasdan, Ahdlashuvchi Davlatlar oʻrtasidagi alohida bitimga muvofiq tashkil etilgan madaniy markazga tegishli boʻlgan yoki band qilingan va 19-moddaning 3- bandida eslatib oʻtilgan, Ahdlashuvchi Davlat asos solgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan sarmoyaga faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi.
4. Ahdlashuvchi Davlat korxonasining mulki boʻlgan va shunday korxona xalqaro tashishlarda foydalanadigan dengiz kemalari, havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalaridan hamda shunday dengiz kemalari, havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti vositalaridan foydalanishga taalluqli koʻchar mulkdan iborat sarmoya ana shu Ahdlashuvchi Davlatdagina soliqqa tortilishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti sarmoyaning barcha boshqa unsurlari faqat shu Davlatdagina soliqqa tortiladi.
23-modda
Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish
Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti ushbu Konvensiya qoidalariga muvofiq, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin boʻlgan daromadni olsa yoki mol-mulkka ega boʻlsa birinchi eslatilgan Davlat:
a) shu rezidentning daromad soligʻidan ushbu boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga;
b) shu rezidentning mol-mulkiga solinadigan soliqdan ushbu boshqa Davlatda toʻlanadigan mol-mulk soligʻiga teng miqdorni chegirib tashlashga imkon berishi kerak.
Bunday chegirib tashlashlar har qanday holda ham vaziyatga bogʻliq ravishda ushbu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin boʻlgan daromadga yoki mol-mulkka taalluqli va chegirib tashlangungacha hisoblangan daromad yoki mol-mulk soligʻidan oshib ketmasligi kerak.
2. Ushbu Konvensiyaning biron-bir qoidasiga muvofiq olingan daromad yoki Ahdlashuvchi Davlat rezidenti ega boʻlgan mol-mulk ushbu Davlatda soliqqa tortilishdan ozod qilingan boʻlsa, bu Davlat shu rezident daromadi yoki mol-mulkining qolgan qismiga soliq miqdorini hisoblashda soliq solishdan ozod qilingan daromad yoki mol-mulk miqdorini hisobga olishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlari maqsadlari uchun bir Ahdlashuvchi Davlat rezidenti olgan va ushbu Konvensiyaga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad, foyda va mol-mulk ushbu boshqa Davlatdagi manbalardan olingan, deb hisoblanadi.
24-modda
Huquqni poymol qilmaslik
Huquqni poymol qilmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan ularning boʻladigan joyiga nisbatan solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador majburiyatlarga duchor qilinmaydilar. Bunday qoida 1-modda qoidalaridan qatʼi nazar, bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlatning rezidentlari boʻlmagan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasiga soliq solish ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu boshqa Ahdlashuvchi Davlatning aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Ushbu Qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga soliq solish maqsadlarida oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqei yoki oilaviy majburiyatlari asosida beradigan har qanday yakka tartibdagi imtiyozlar, ozod qilishlar yoki skidkalar berishga majburlovchi tarzida talqin qilinmasligi lozim.
3. Ushbu Konvensiya 9-moddasining 1-bandi, 11 -moddasining 6- bandi yoki 12-moddasining 6-bandi qoidalari qoʻllanganidan tashqari hollarda, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan daromadini aniqlash maqsadida toʻlaydigan foizlar, royaltilar va boshqa qarz toʻlovlari agar bunday toʻlovlar birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlanganida, qoʻllaniladigan shunday shartlar asosida chegirib tashlanadi. Shu singari bir Ahdlashuvchi Davlat korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga har qanday qarzlari shu korxonaning soliqqa tortiladigan sarmoyaga aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentining qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi kerak.
4. Sarmoya toʻliq yoki qisman Ahdlashuvchi boshqa Davlatga tegishli boʻlgan yoki bir yoki bir necha rezidentlari tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonalari, qaysiki ularning birinchi eslatilgan Davlatda ushbu Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq yoki unga aloqador holatlardan, boshqa yoki soliq solishdan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
5. Ushbu moddaning qoidalari 2-moddaning qoidalariga qaramay, turli xil va taʼrifdagi soliqlarga nisbatan qoʻllanilishi kerak.
25-modda
Oʻzaro kelishuv tartiblari
Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agarda shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining faoliyati unga ushbu Konvensiyada nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin, deb hisoblasa, u boshqa Davlatlarning ichki qonunchiligida nazarda tutilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki agarda, uning holati Konvensiyaning 24-modda 1 -bandiga muvofiq kelsa oʻz milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Ariza ushbu Konvensiya qoidalariga nomuvofiq soliq solinishiga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan vaqtdan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi uning arizasini asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Konvensiyaga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadlarida Ahdlashuvchi boshqa Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlat ichki qonunchiligida nazarda tutilgan har qanday vaqtincha cheklashlardan qatʼi nazar, bajarilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organlari Konvensiyani talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal etishga harakat qiladilar. Ular, shuningdek ushbu Konvensiyada nazarda tutilmagan hollarda ikki tomonlama soliq solinishini bartaraf qilish maqsadida bir-biri bilan maslahatlashib turishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Konvensiyaning bundan oldingi bandlari mazmuni yuzasidan kelishuvga erishish maqsadida bir-biri bilan bevosita muloqotga kirishishi, shu jumladan, ularning oʻzlari yoki vakillaridan iborat birlashgan komissiya orqali muloqot qilishi mumkin. Agar kelishuvga erishish uchun ogʻzaki fikr almashish zarur boʻlsa, bunday fikr almashish Ahdlashuvchi Davlatlar vakolatli organlarining vakillaridan iborat komissiyaning majlisida oʻtkazilishi mumkin.
26- modda
Imtiyozlarning cheklanishi
Imtiyozlarning cheklanishi
Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan maslahatlashganidan soʻng, agar uning fikricha istalgan biron-bir shaxsga yoki istalgan biron-bir ishga nisbatan ushbu Konvensiya boʻyicha imtiyozlar berilishi Konvensiya maqsadlariga zid keladigan boʻlsa, bunday imtiyozlardan voz kechishi mumkin.
27- modda
Axborot almashish
Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ushbu Konvensiya qoidalarini qoʻllash uchun yoki ushbu Konvensiya tatbiq etiladigan Ahdlashuvchi Davlatlarning soliqlarga tegishli ichki qonunchiligidan ushbu Konvensiyaga zid tushmaydigan darajada foydalanish, jumladan, aldashlarni bartaraf qilish va soliqlarni toʻlashdan noqonuniy boʻyin tovlashga qarshi qonunda belgilangan qoidalarning boshqarilishiga koʻmaklashish uchun zarur axborotlar bilan almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olayotgan har qanday axborot, ushbu Davlatning ichki qonunlariga koʻra olingan maʼlumot kabi maxfiy hisoblanadi, hamda faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish, sud orqali taʼqib etish bilan bogʻliq yoki mazkur Konvensiya taalluqli boʻlgan soliqlarga nisbatan apellyatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar va organlargagina (sudlar va maʼmuriy organlarga ham) ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular ushbu axborotni ochiq sud majlisida yoki yuridik qarorlar qabul qilish chogʻida ochishlari mumkin.
2. Hech qanday holatda ham 1-band qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatlar qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlatlar qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
c) savdo, sanoat, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga (jamoatchilik tartibiga) zid keluvchi axborotni taqdim etish.
28 modda
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Ushbu Konvensiyaning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalar xodimlari yoki konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquqning umumiy meʼyorlariga yoki maxsus bitimlar qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
29 modda
Konvensiyaning kuchga kirishi
Konvensiyaning kuchga kirishi
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri ushbu Konvensiyaning kuchga kirishi uchun talab qilinadigan zarur rusum-qoidalar bajarilganligi toʻgʻrisida bir-birlariga maʼlum qiladilar. Aytib oʻtilgan xabarlarning eng soʻnggisi olingan kundan boshlab ushbu Konvensiya kuchga kiradi va uning qoidalari:
a) Konvensiya kuchga kirgan taqvimiy yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyin soliqqa tortiladigan daromadlar manbalaridan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Konvensiya kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari yoki bundan keyingi sanadan boshlab har qanday soliqqa tortish yilida undiriladigan boshqa soliqlarga nisbatan kuchga kiradi.
30- modda
Konvensiyaning faoliyatini toʻxtatish
Konvensiyaning faoliyatini toʻxtatish
1. Ushbu Konvensiyaning amal qilish muddati cheklanmagan. Biroq har bir Ahdlashuvchi Davlat boshqa Ahdlashuvchi Davlatga diplomatik yoʻllari boʻyicha Konvensiya faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab besh yil oʻtganidan keyin har qanday taqvimiy yilning tugashiga olti oy qolgan kunga qadar xabarnoma yuborish orqali toʻxtatishi mumkin.
2. Bunday holda, Konvensiyaning amal qilishi:
a) Konvensiyaning taʼsirini toʻxtatish toʻgʻrisidagi xabarnoma berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyin soliqqa tortiladigan daromadlar manbalaridan undiriladigan soliqlarga nisbatan;
b) Konvensiyaning taʼsirini toʻxtatish toʻgʻrisidagi xabarnoma berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvari va bundan keyingi sanadan soʻng boshlanadigan har qanday soliqqa tortish yilida undiriladigan boshqa soliqlarga nisbatan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Quddus shahrida 1998-yil 15-sentyabrda, bu 5758-yilning 24 Eluliga toʻgʻri keladi, ikki nusxada, oʻzbek, ivrit va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Matnni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganida ingliz tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)