Samarqand viloyati Samarqand shahri hokimining
Qarori
IJTIMOIY MUHOFAZAGA MUHTOJ VA ISh TOPIShDA QIYNALAYOTGAN ShAXSLARNI IShGA JOYLAShTIRISh UChUN ISh OʻRINLARINI BAND QILIB QOʻYISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, 2013-yil uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlarini ish bilan taʼminlashning imkoniyatlarini oshirish maqsadida hamda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2012-yil 12-sentabrdagi 736-sonli xatini inobatga olib qaror qilaman:
1. Aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj, mustaqil ravishda ish topishda maʼlum qiyinchiliklarga duch kelayotgan, mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan aholi qatlamlari uchun moʻljallangan ish joylarining eng kam miqdori shaharda joylashgan va faoliyat koʻrsatayotgan korxona, tashkilot va muassasalarning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ishchi xodimlarning roʻyxati boʻyicha oʻrtacha yigirma nafardan koʻpni tashkil etadigan korxona, tashkilot va muassasalarda shu sonning 7 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda, shundan 3 foiz miqdorida nogironlar uchun belgilansin va band qilib qoʻyilsin.
2. Korxona va tashkilotlarda yaratilishi hamda band qilinishi lozim boʻlgan ish oʻrinlari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
*1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bandiga muvofiq band qilinishi kerak boʻlgan ish oʻrinlari sonini va ularga qoʻyiladigan talablarni belgilash maqsadida 3-ilovaga* binoan maxsus komissiya tarkibi tasdiqlansin.
*3-ilova berilmaydi.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga quyida taʼkidlab oʻtilgan fuqarolar uchun ish joylari amaldagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishini nazarda tutgan xolda, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona. 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor, koʻp bolali ota-onalar uchun;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun;
nogironlar uchun;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazda ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini yaratish koʻzda tutilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 15-bandiga muvofiq mazkur qarorning ijrosini taʼminlamagan korxona va tashkilotlarga belgilangan tartibda jarimalar qoʻllaniladi.
6. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (N. Vafoqulova)ga 7 kun muddat ichida shahar hokimining mazkur qarori nusxasini korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga yetkazilishini taʼminlash topshirilsin.
7. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari J. Urakov hamda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori N. Vafoqulova zimmalariga yuklansin.
Hokim A.S. ShUKUROV
Samarqand sh.,
2012-yil 29-sentabr,
1672-q-son