OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI OLIY ATTESTATSIYA KOMISSIYASI RAYOSATINING
Qarori
Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 25-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2443]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati qaror qiladi:
1. Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 1996-yil 25-yanvardagi 34/2-son qarori bilan tasdiqlangan Ekspert kengashi toʻgʻrisida nizom (roʻyxat raqami 263, 1996-yil 10-iyul);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2003-yil 17-iyuldagi 96/6-son “Ekspert kengashi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 263-1, 2003-yil 12-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 15-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2009-yil 24-dekabrdagi 160/14-son “Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 263-2, 2010-yil 20-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 3-4-son, 22-modda).
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais G. BAXADIROV
Toshkent sh.,
2013-yil 31-yanvar,
195/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2013-yil 31-yanvardagi 195/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ekspert kengashi toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda), “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF-4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-dekabrdagi 365-son “Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 1-son, 5-modda) muvofiq ekspert kengashi faoliyatini tartibga soladi.
Keyingi tahrirga qarang.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ekspertiza — talabgorning attestatsiya ishini va attestatsiyadan oʻtkazish ishlariga oid boshqa materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda OAK deb yuritiladi) tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini baholash;
ilmiy ekspertiza — dissertatsiya ilmiy natijalarining toʻgʻriligi, yangiligi, nazariy va amaliy ahamiyati va dissertatsiya ishlarini baholash mezonlariga mos kelishi hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini baholash;
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ekspert kengashi oʻz faoliyatida tegishli qonun hujjatlari talablariga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. OAK rahbariyati ekspert kengashi faoliyatini nazorat qilib boradi va uning faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga masʼuldir.
II bob. Ekspert kengashining asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Quyidagilar ekspert kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tashkilotlarning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash hamda ularni attestatsiyadan oʻtkazish sohasidagi takliflarini koʻrib chiqish hamda ularga baho berish;
fan va texnikaning eng yangi yoʻnalishlari hamda xalqaro tajribani hisobga olgan holda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash va koʻrib chiqish;
fan doktori ilmiy darajasini va ilmiy unvon beruvchi ilmiy kengashlarning ilmiy daraja va ilmiy unvonlar berish ishlarini nazorat qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar tuzish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
dissertatsiyalarning ilmiy saviyasini, ularning ilmiy va amaliy ahamiyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish;
ilmiy daraja va ilmiy unvon talabgorlariga qoʻyiladigan talablarning yagonaligini taʼminlash;
dissertatsiyalarni yuqori darajada ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
dissertatsiya natijalarini tahlil qilish hamda ularning fan va texnikani rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yoʻnalishlariga mosligiga baho berish.
5. Ekspert kengashi oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarning eng maqbul (optimal) tarmogʻini shakllantirishda ishtirok etadi;
fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarni tuzish va qayta tasdiqlashga oid hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ularni tuzishning maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosalar beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
fan doktori ilmiy darajasini va ilmiy unvonlar beruvchi ilmiy kengashlarning ish tajribasini tahlil qiladi va umumlashtiradi;
fan doktori ilmiy daraja va ilmiy unvonlar berish boʻyicha murojaatnomalarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan OAK Rayosati majlisida koʻrib chiqish uchun tegishli tavsiyalar tayyorlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
nostrifikatsiya qilish boʻyicha murojaatnomalarni koʻrib chiqadi va OAK Rayosati majlisida koʻrib chiqish uchun tegishli tavsiyalar tayyorlaydi;
ilmiy darajalar va ilmiy unvonlardan mahrum etish va ularni tiklash masalalarini koʻrib chiqadi va OAK Rayosati majlisida koʻrib chiqish uchun tegishli tavsiyalar tayyorlaydi;
fan doktori ilmiy darajasini va ilmiy unvon beruvchi ilmiy kengashlarning qarorlari yuzasidan berilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqadi va OAK Rayosati majlisida koʻrib chiqish uchun tegishli tavsiyalar tayyorlaydi;
himoya qilingan dissertatsiyalarning ilmiy va amaliy natijalarini tahlil qiladi va ular yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasiga tegishli materiallar tayyorlaydi;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatini takomillashtirishga, yangi ixtisosliklar pasportlari va malakaviy imtihonlar dasturlarini tayyorlashga oid takliflarni koʻrib chiqishda qatnashadi;
fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini, jumladan apellyatsiyalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi;
OAK Rayosatiga fan doktori ilmiy darajasini va ilmiy unvon beruvchi u yoki bu kengash faoliyatini davom ettirishi maqsadga muvofiqligiga yoxud kengash rahbariyatini oʻzgartirishga doir tavsiyalar tayyorlaydi;
OAK rahbariyati topshirigʻiga asosan, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilik institutlari tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash sifatini monitoringini oʻtkazishda ishtirok etadi;
oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishga aloqador boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Keyingi tahrirga qarang.
III bob. Ekspert kengashining huquqlari va javobgarligi
6. Ekspert kengashi quyidagi huquqlarga ega:
fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlarga qoʻshimcha xulosa olish uchun dissertatsiyalarni yuborish;
yetarlicha asoslanmagan xulosani qayta ishlash uchun fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashga qaytarish;
ilmiy daraja talabgorlarini, dissertatsiya himoyasi yoki uning jamoaviy taqrizi oʻtkazilgan fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash rahbarini, rasmiy opponentlarni, ilmiy maslahatchilarni, shuningdek yetakchi tashkilot vakillarini oʻz majlislariga taklif qilish;
oʻz majlislarida fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash va ilmiy unvon beruvchi ilmiy (ilmiy-texnikaviy) kengash rahbarining hisobotlarini eshitish;
oʻz vakillarini fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash majlislariga yuborish;
zarur hollarda, dissertatsiya boʻyicha rasmiy opponentlarni tavsiya etish;
fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini tekshirishda OAK nomidan ishtirok etish.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ekspert kengashi mazkur Nizom hamda boshqa qonun hujjatlari bilan zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV bob. Ekspert kengashini tuzish
8. OAKning ekspert kengashlari turli fan sohalari va iqtisodiyot tarmoqlarining yetakchi mutaxassis-olimlaridan iborat tarkibda tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashining raisi va aʼzolari OAK Rayosati tomonidan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, vazirliklar, idoralar va Fanlar akademiyasida faoliyat yuritayotgan shaxslar orasidan OAK rahbariyati tavsiyasiga asosan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Ekspert kengashi tarkibiga kamida besh yillik ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega boʻlgan hamda ilmiy daraja olgan mutaxassis tayyorlagan fan doktorlari kiritiladi, fan nomzodini ekspert kengashining ilmiy kotibi etib tayinlanishiga, istisno tariqasida, yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashi aʼzolari kamida toʻqqiz nafar va koʻpi bilan yigirma bir nafar fan doktorlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Ekspert kengashi tarkibi faoliyati davomida tarkibining uchdan bir qismini yangilash sharti bilan OAK Rayosati tomonidan uch yil muddatga tasdiqlanadi. Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda, ekspert kengashi tarkibiga OAK raisining buyrugʻiga asosan qisman oʻzgartirish kiritilishi mumkin, ushbu buyruq keyinchalik OAK Rayosati majlisiga tasdiqlash uchun kiritilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashi tarkibida surunkasiga ikki muddatdan ortiq ishlash mumkin emas. Ekspert kengashi tarkibidan chiqqan aʼzolar ekspert kengashi tarkibiga uch yil oʻtgandan keyin qayta kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashi raisi, rais oʻrinbosari va ilmiy kotibi vazifasini bajarish muddati uch yildan oshmasligi lozim hamda keyingi uch yil ichida ushbu vazifalarga qayta tasdiqlanishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Bir tashkilot xodimlari bitta ekspert kengashining raisi va oʻrinbosari, ekspert kengashi aʼzolari fan doktori ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Ekspert kengashining aʼzolari majlislarda faol ishtirok etmaganda va dissertatsiya ekspertizasiga oid maʼlumotlarni oshkor qilganda ekspert kengashining tarkibidan chiqariladi.
Keyingi tahrirga qarang.
V bob. Ekspert kengashi ishini tashkil etish
12. Ekspert kengashi ishiga ekspert sifatida tahliliy ishlarni olib borish hamda dissertatsiya va attestatsiya ishlarini koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun tegishli fan sohalari boʻyicha fan doktorlari jalb qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. OAK Rayosati aʼzolari ekspert kengashi ishida ishtirok etishlari mumkin emas.
14. Ekspert kengashi majlislari ekspert kengashi raisi rahbarligida oʻtkaziladi. Ekspert kengashi raisi turli sabablarga koʻra ekspert kengash majlisida ishtirok etaolmagan taqdirda, uning vazifasini rais oʻrinbosari yoki OAK rahbariyati tomonidan tayinlangan ekspert kengashi aʼzolaridan biri bajaradi.
Ekspert kengashi majlislari uning ishida ekspert kengashi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
15. Ekspert kengashining tavsiyalari va xulosalari ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Zarur hollarda, ekspert kengashining tavsiyalari va xulosalari xolisligini taʼminlash maqsadida yoki ekspert kengashi aʼzolarining koʻpchiligi taklifiga koʻra yopiq ovoz berish oʻtkazilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashi qarori majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, qabul qilingan hisoblanadi.
16. Ekspert kengashi xulosalari tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, kengash tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi hamda OAK Rayosati tasdiqlagan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. OAK rahbariyati ekspert kengashining majlisi mazkur Nizom talablari buzilgan holda oʻtkazilgan va asossiz qaror qabul qilingan taqdirda, dissertatsiya ishini mustaqil yopiq ekspertizaga berib, mustaqil ekspertiza natijasi asosida ekspert kengashiga masalani takroran koʻrib chiqishni taklif etishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
18. OAK Rayosati yoki rahbariyatining topshirigʻiga asosan, OAKning tegishli boʻlimlari tomonidan ekspert kengashi qarori bilan ixtisosliklararo yoki turli fan sohalariaro mavzulardagi dissertatsiyalar va attestatsiya ishlarini koʻrib chiqish uchun ekspert kengashlarining qoʻshma majlisi tashkil qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. OAKning ekspert kengashi boʻyicha masʼul xodimi uning majlisida ishtirok etish huquqiga ega boʻlib, ekspert kengashi ilmiy kotibi bilan birgalikda dissertatsiya va attestatsiya ishining toʻla-toʻkis saqlanishi va ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi uchun masʼuldir. Ekspert kengashi yigʻilishlarida OAK rahbariyati ham ishtirok etishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Boshqa ekspert kengashlari aʼzolari va mutaxassis-olimlar ham kengash majlisida ekspert kengashi qaroriga muvofiq ishtirok etishlari mumkin. Ekspert kengashiga taklif qilingan mutaxassislar ekspert kengashida maslahat ovozi bilan ishtirok etadi.
21. Ekspert kengashi majlisida tegishli dissertatsiya boʻyicha rasmiy opponent, ilmiy maslahatchi va yetakchi tashkilot taqrizini imzolagan ekspert kengashi aʼzolari ishtirok etish huquqiga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Ekspert kengashi qarorlari, xulosalari va majlis bayonnomalari raislik qiluvchi va ilmiy kotib tomonidan imzolanadi va besh kun ichida OAKning ekspert kengashi boʻyicha masʼul xodimiga topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Fan doktori ilmiy darajasini hamda ilmiy unvonlar berish boʻyicha murojaatnomalar ekspert kengashi tomonidan ikki oy ichida koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlari ekspert kengashining navbatdagi majlisida koʻrib chiqilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Ekspert kengashi aʼzolari oʻzlari tayyorlagan xulosalarning belgilangan muddatda taqdim etilishi hamda ekspert kengashi majlisida koʻrilgan masalalar yuzasidan qabul qilingan tavsiyalar va xulosalarning asosliligi va xolisligi uchun masʼuldir.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Dissertatsiya va attestatsiya ishlari yuzasidan ekspert kengashi qarorlari OAK Rayosati majlisida Bosh ilmiy kotib va ekspert kengashi raisi yoki oʻrinbosari tomonidan taqdim etiladi.
26. Ekspert kengashi iyul-avgust oylarida faoliyat yuritmaydi va ushbu oylar dissertatsiya va attestatsiya ishlarini koʻrib chiqish muddatlarini hisoblashda inobatga olinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
27. Ekspert kengashi oʻtgan yildagi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni har yili 10-yanvardan kechiktirmay OAKga taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI bob. Ilmiy daraja va ilmiy unvondan mahrum etish yoki ularni tiklash masalalarini koʻrib chiqish
28. Ekspert kengashiga ilmiy daraja yoki ilmiy unvondan mahrum etish yoki ularni tiklash masalasini koʻrib chiqish uchun asos boʻladigan materiallar kelib tushgan taqdirda, materiallar ekspert kengashi tomonidan tuzilgan kamida besh nafar aʼzodan iborat komissiyaga oʻrganish uchun topshiriladi.
Komissiya tomonidan oʻrganish natijalari boʻyicha xulosa chiqariladi va mazkur xulosa tegishli materiallar bilan birga, ekspert kengashi majlisida koʻrib chiqish uchun topshiriladi. Komissiya xulosasi ekspert kengashi tomonidan bir oy ichida koʻrib chiqiladi.
29. Ekspert kengashi majlisi ilmiy daraja yoki ilmiy unvondan mahrum etish yoki ularni tiklash masalasi qoʻyilgan shaxs ishtirokida oʻtkaziladi. Shaxs bu haqda majlis oʻtkazilishidan kamida besh kun oldin ogohlantirilishi shart. Agar shaxs majlisga uzrsiz sabablarga koʻra kelmasa yoki majlisga kelishdan bosh tortsa, ekspert kengashi tomonidan uning ishtirokisiz majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi. Mazkur shaxs uzrli sabablarga koʻra majlisga kelaolmasligi haqida oldindan xabar qilganda, kengash majlisi boshqa kunga qoldiriladi.
30. Ekspert kengashi tomonidan ilmiy daraja yoki ilmiy unvondan mahrum etish yoki uni tiklash yuzasidan yashirin ovoz berish oʻtkaziladi. Ekspert kengashi xulosasi majlisda ishtirok etgan va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan ekspert kengashi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilganda, qabul qilingan hisoblanadi.
31. Ekspert kengashi quyidagi xulosalardan birini qabul qiladi:
ilmiy daraja yoki ilmiy unvondan mahrum etish yoki ularni tiklash toʻgʻrisida;
ilmiy daraja yoki ilmiy unvondan mahrum etmaslik yoki ularni tiklamaslik toʻgʻrisida.
Bunda ekspert kengashi tomonidan tegishli masala boʻyicha asoslar aks ettirilgan xulosa tayyorlanadi.
Ekspert kengashining xulosasi koʻrib chiqish va mazkur masala yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun OAK Rayosati majlisining kun tartibiga kiritiladi hamda OAK Rayosati tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi.
VII bob. Apellyatsiyani koʻrib chiqish
32. Fan doktori ilmiy darajasi yoki ilmiy unvonlar beruvchi ilmiy kengashlar qarorlari va OAK Rayosati qarori yuzasidan berilgan apellyatsiya ekspert kengashi tomonidan OAKning Tartib-qoida komissiyasi topshirigʻiga asosan koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
33. Ekspert kengashi apellyatsiyani koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni apellyatsiya bergan shaxslardan va tegishli ilmiy kengashlardan soʻrab olish hamda ulardan foydalanish huquqiga ega.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Apellyatsiya ekspert kengashi majlisida koʻrib chiqilayotganda, unda manfaatdor shaxslar, jumladan apellyatsiya bergan shaxs, uning ilmiy maslahatchisi va dissertatsiya boʻyicha rasmiy opponentlar hamda majlis raisi taklif etgan mutaxassis-olimlar ishtirok etishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Apellyatsiya bergan shaxs va boshqa manfaatdor shaxslar majlis oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt haqida majlis boʻladigan kundan kamida besh kun oldin xabardor etilishi lozim.
35. Apellyatsiyani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha xulosa yopiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ekspert kengashi majlisining xulosasi unda ishtirok etgan aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan yoqlab ovoz berilgan taqdirda, qabul qilingan hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ekspert kengashining xulosasi koʻrib chiqish va apellyatsiya boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish uchun OAK Rayosati majlisining kun tartibiga kiritiladi hamda OAK Rayosati tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi.
VIII bob. Yakuniy qoida
36. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
2013-yil 14-yanvar
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 28-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2013-yil 17-yanvar
Xalq taʼlimi vaziri T. SHIRINOV
2013-yil 18-yanvar
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2013-yil 23-yanvar
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2013-yil 22-yanvar
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. SALIXOV
2013-yil 15-yanvar
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi ijroiya apparati rahbari O. PARPIYEV
2013-yil 16-yanvar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 13-son, 169-modda; 2016-y., 8-son, 84-modda; 2017-y., 25-son, 572-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2021-y., 10/21/2443-3/0307-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 21.01.2022-y., 10/22/2443-4/0050-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son)