OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 20-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2337-1]
Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 338-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi PF–4161-son “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 559-modda) va 2012-yil 24-iyuldagi PF–4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonlariga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 12-maydagi 250-son “Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlarning roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligining 2012-yil 25-yanvardagi 2-Q, 5-son qarori (roʻyxat raqami 2337, 2012-yil 12-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 11-son, 120-modda) bilan tasdiqlangan Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Toshkent sh.,
2013-yil 18-fevral,
13-q/q-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 18-fevral,
17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Moliya vazirligining 2013-yil 18-fevraldagi 13-q/q, 17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. 2-son Roʻyxatning I-qismi va 3-son Roʻyxatning I-qismidagi “Umumiy kasblar” boʻlimlari, shuningdek 2-son Roʻyxatning I-qismi “Metallni qayta ishlash” XI-boʻlimi “Metallni qayta ishlash boʻyicha boshqa kasblar” 5-bandi va 3-son Roʻyxatning I-qismi “Metallni qayta ishlash” XV-boʻlimi “Metallni qayta ishlash boʻyicha boshqa kasblar” 12-bandi, ushbu boʻlim va bandlarda nazarda tutilgan ishlar qanday tashkilotlarda amalga oshirilishidan qatʼi nazar, qoʻllaniladi (masalan: 3-son Roʻyxatning I-qismi “Umumiy kasblar” XXXIV-boʻlimida koʻrsatilgan gaz kompressorlariga (havoli kompressorlardan tashqari) xizmat koʻrsatish bilan band boʻlgan texnologik kompressorlarning mashinistlari imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqiga ular qayerda ishlashlaridan qatʼi nazar (mashinasozlik zavodida, temir yoʻl transportida, tekstil fabrikasida, metallurgiya zavodida va boshqa tashkilotlarda), agar ular toʻliq ish kuni davomida gaz kompressorlariga xizmat koʻrsatish bilan band boʻlgandagina, ega boʻladilar. Mazkur holat tegishli hujjatlar (ishga qabul qilish, boshqa ishga oʻtkazish, mehnat taʼtilini berish toʻgʻrisidagi buyruqlar hamda ish haqini hisoblash kitoblari, ishlarni bajarish toʻgʻrisidagi naryadlar, ish oʻrinlarining attestatsiyasi natijalari va boshqalar) bilan tasdiqlanishi lozim”.
2. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. 2-son Roʻyxatning I-qismi va 3-son Roʻyxatning I-qismida ishchilar kasbi umumiy nomlanish asosida kiritilgan holatlarda, imtiyozli pensiya taʼminoti huquqiga ushbu kasblarning mazkur ishlab chiqarishda va ishlarda band boʻlgan barcha nomlanishidagi ishchilari ega boʻlishadi, shu jumladan bosh va katta ishchilar hamda ularning yordamchilari (masalan: 2-son Roʻyxatning I-qismi “Neft, gaz, gaz kondensati, koʻmir va slanetsni qayta ishlash” X-boʻlimida barcha nomlanishdagi apparatchiklar koʻzda tutilgan. Mazkur holatda imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqidan bosh apparatchiklar, katta apparatchiklar va ularning yordamchilari ham foydalanadi).”.
3. 17-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) ular oʻz kasblari boʻyicha Roʻyxatlarda bevosita koʻzda tutilgan boʻlsa (masalan: quvur ishlab chiqarishning yanchish boʻlinmalari brigadirlari (2-son Roʻyxatning I-qismi “Metall ishlab chiqarish (qora metallar)” III-boʻlimi “Quvur ishlab chiqarish: quvur prokat, quvur payvandlash, quvurlarni elektr payvandlash, quvurni choʻzadigan, quvur quyadigan, fitingli, balonli, termik va rux bilan ishlov beriladigan, tayyorlash va metallni kesish” 4-bandi); poyezdlarning yuqori intensiv harakatlanishi mavjud yuvish-bugʻlash stansiyalarida band boʻlgan temir yoʻl transporti tashkilotlari brigadirlari (3-son Roʻyxatning I-qismi “Transport” XXIX-boʻlimi “Temir yoʻl transporti” 1-bandi va h. k.);”.
4. 29-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agar oliy taʼlim muassasasi, shuningdek klinik ordinatura (internatura), aspirantura, stajorlar-tadqiqotchilar-izlanuvchilar instituti, doktorantura va katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti oʻquvchisi imtiyozli pensiya taʼminotiga huquq beruvchi ishga qabul qilingan boʻlsa, oʻqish davridagi ishlagan vaqti toʻliq ish kuni davomida ishlagan ish soatlari mavjud boʻlganda, maxsus stajga kiritiladi.”.
5. 39-banddan “, oʻrmon qurilishi” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
6. 47 va 48-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“47. 3-son Roʻyxatning I-qismi “Bino, inshoot va boshqa obyektlar qurilishi, rekonstruksiyasi, texnik qayta qurollantirish, restavratsiya qilish va taʼmirlash” XXVIII-boʻlimi 1-bandida koʻzda tutilgan gʻisht teruvchi ishchilarga imtiyozli pensiya taʼminoti, faqatgina metropolitenlar, yer osti qurilmalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajaradigan tashkilot tarkibida doimiy ishlovchilarga qoʻllaniladi.
Metropolitenlar, yer osti qurilmalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajarmaydigan tashkilotlarda “gʻisht teruvchi” kasbi boʻyicha ishlovchi ishchilar imtiyozli pensiya taʼminoti huquqidan foydalanmaydi.
48. Gʻisht teruvchi sifatida ishlagan shaxsga imtiyozli pensiya tayinlash uchun asos boʻlib, u metropolitenlar, yer osti qurilmalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajaradigan tashkilot tarkibida doimiy bandligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.”.
7. 49-banddan “bitumshchiklar,” degan soʻz chiqarib tashlansin.
8. 51 va 53-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 12-son, 156-modda)