Xalqimizning muqaddas e’tiqodi — islom diniga oid boy ma’naviy-madaniy merosini asrab avaylash, diyorimizdan etishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy g‘oyalari va asarlarini chuqur va har tomonlama o‘rganish, tahlil etish va zamonaviy ruhda rivojlantirish, shu sohada ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, zamon talablari darajasida malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni ta’minlash, ularga lozim bo‘lgan shart-sharoitlar yaratish hamda ajdodlarimizdan qolgan noyob manbalar asosidagi tadqiq etilgan ma’lumotlar bilan xalqimizning diniy savodxonligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Toshkent islom universiteti tashkil etilsin.
Toshkent islom universiteti o‘z faoliyatini oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga taalluqli amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar va O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda uning diniy ta’lim sohasidagi ko‘p yillik tajribasidan foydalanish asosida yuritsin.
dinshunoslik asoslari, yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot tamoyillari, islom dini tarixi, falsafasi, ularning jamiyat hayoti va rivojidagi o‘rni bilan bog‘liq masalalarni hamda zamonaviy fanlarni chuqur o‘zlashtirgan, davlat va jamoat tashkilotlari, diniy muassasalar oldidagi nazariy va amaliy vazifalarni hal etishga qodir yuqori malakali mutaxassis — bakalavr va magistr kadrlar tayyorlash hamda mavjud kadrlarning malakasini oshirishni ta’minlash;
islom diniga oid ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash borasida jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining tajribasini atroflicha o‘rganish, tahlil etish va Toshkent islom universitetidagi o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish, millatimizning buyuk ilmiy, ma’naviy qadriyatlari asosida yetuk islomshunos mutaxassis kadrlar tayyorlashni ta’minlash;
ajdodlarimizning boy diniy ilmiy-nazariy meroslarini tiklash, chuqur o‘rganish, tahlil etish va rivojlantirish, tadqiqotlar natijalarini jamlash va umumlashtirish asosida keng jamoatchilikka yetkazish;
jahon tsivilizatsiyasi tarixida islom dinining tutgan o‘rnini tadqiq etish asosida hozirgi ko‘pdinlilik sharoitida dunyoda, mintaqada va mamlakatimizdagi islomning roli va ahamiyatini aniqlash, rivojlanish yo‘nalishlari, g‘oyalari va qonuniyatlarini nazariy va amaliy jihatdan tahlil etish;
uzluksiz ta’lim tizimi va keng jamoatchilik uchun dinshunoslik, xususan, islom ta’limoti va falsafasi bo‘yicha ilmiy ommabop asarlar, darsliklar, o‘quv dasturi va qo‘llanmalar yaratish hamda ularni nashr etish;
xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni amalga oshirish, xorijdan sohaning yetuk mutaxassis — o‘qituvchilarini jalb qilish.
3. Universitetning tuzilmasi, nizomi, ikki bosqichli oliy ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish uchun zarur bo‘lgan boshqa me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda jahondagi ilg‘or ijobiy tajribalar atroflicha o‘rganilsin, tahlil etilsin va amaliyotga joriy qilinsin.
4. Universitetning ilmiy-pedagogik kadrlar tarkibi asosan mamlakatimizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilayotgan, jumladan, shu yo‘nalishda xorijdagi ta’lim va ilmiy markazlarda malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali o‘qituvchilar va xodimlar, shuningdek, salohiyatli soha mutaxassislari — amaliyotchilar qatoridan shakllantirilsin.
Ilmiy va o‘quv tarbiya jarayonlariga eng zamonaviy tadqiqotchilik, pedagogik va axborot texnologiyalarni tadbiq etish ko‘zda tutilsin va ta’minlansin.
7. Mamlakatimizda hamda chet ellarda mavjud bo‘lgan va yurtimizga olib kelingan islom ta’limotiga oid manbalarni jamlash, ro‘yxatga olish, talab darajasida saqlash va kelajak avlod uchun yetkazish maqsadida Islom universiteti tarkibida manbalar xazinasi tashkil etilsin.
8. Universitetni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin. Jamg‘armaning faoliyatini mablag‘lar bilan ta’minlashning asosiy manbalari sifatida quyidagilar belgilansin: davlat grantlari, to‘lov-kontrakt asosidagi mablag‘lar, o‘zbekistonlik va xorijiy yuridik hamda jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, xalqaro investitsiyalar, xayriya badallari va o‘z faoliyatidan tushadigan daromad mablag‘lari.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kunlik muddat ichida mazkur Farmonning bajarilishi yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.