OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN VENGRIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
INVESTITSIYaLARNI RAGʻBATLANTIRISh VA OʻZARO HIMOYALASh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Vengriya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikkala Ahdlashuvchi Tomonning oʻzaro manfaati uchun iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni istab,
bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qulay shart-sharoitlar yaratish va qoʻllab -quvvatlash maqsadida, hamda
ushbu Bitimga muvofiq investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash bu sohadagi amaliy faollikni qoʻllab-quvvatlashini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Taʼriflar
Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
1. “Investitsiya” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunlari va tartibotlariga muvofiq investitsiyalangan barcha turdagi aktivlari hamda ularga boʻlgan huquqlarni bildiradi, ammo nafaqat ularni, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk, shuningdek ipoteka, chegirib qolish huquqi, garov kabi har qanday boshqa mulkiy (mulkka egalik qilish bilan bogʻliq) huquqlar hamda shu singari huquqlar;
b) kompaniyalarning aksiyalari, jamgʻarmalari va qarz majburiyatlari yoki kompaniyalarda ishtirok etishning har qanday boshqa shakllari;
v) pul talabnomalari yoki investitsiyalar bilan bogʻliq, moliyaviy qiymatga ega boʻlgan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan talabnomalar;
g) intellektual va sanoat mulkiga boʻlgan huquqlari, shu jumladan investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan mualliflik huquqlari, savdo markalari, patentlar, sanoat namunalari, texnik jarayonlari, “nou-xau”, savdo sirlari, savdo nomlari va “gud vil”;
d) qonunga koʻra yoki kontrakt va qonunga muvofiq har qanday litsenziyalar va ruxsatnomalarga binoan, shu jumladan tabiat resurslarini tadqiq qilish, qayta ishlash, qazib olish yoki foydalanish uchun konsessiyalar asosida berilgan har qanday huquqlar.
Aktivlar investitsiyalangan shakldagi hech qanday oʻzgarish ularning investitsiya sifatidagi xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi, basharti, bunday oʻzgarishlar hududiga investitsiyalar kiritilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq amalga oshirilgan boʻlsa.
2. “Investor” atamasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan istalgan jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi:
a) “Jismoniy shaxs” atamasi ushbu Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq uning fuqarosi hisoblangan istalgan jismoniy shaxsni bildiradi;
b) “Yuridik shaxs” atamasi har bir Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan uning qonunchiligiga muvofiq yuridik shaxs sifatida roʻyxatga olingan va tuzilgan, hamda tan olingan har qanday korxonani anglatadi. Vengriya Respublikasi borasida ushbu atama, shuningdek yuridik tuzilmaga ega boʻlmagan, ammo uning qonunlariga koʻra kompaniya tomonidan tan olinadigan istalgan shaxsni anglatadi.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan summalarni bildiradi, ammo nafaqat ularni, xususan sarmoyalarning oʻsishidan keladigan foyda, foizlar, daromadlar, dividendlar, royalti yoki mukofotlarni oʻz ichiga oladi.
4. “Hudud” atamasi:
a) “Oʻzbekiston Respublikasi”ga nisbatan, xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan hududni anglatadi;
b) “Vengriya Respublikasi”ga nisbatan, geografik nuqtai nazardan foydalanilganda Vengriya Respublikasining hududini anglatadi.
5. “Erkin konvertirlanadigan valyuta” atamasi, basharti, u istalgan Ahdlashuvchi Tomonning qoidalariga xilof boʻlmasa, xalqaro operatsiyalarda toʻlovlar uchun keng qoʻllanadigan, hamda asosiy xalqaro valyuta bozorlarida keng miqyosda almashtiriladigan valyutani bildiradi.
2-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarini ragʻbatlantiradi va ularning investitsiyalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi hamda oʻz qonunlari va meʼyoriy hujjatlariga muvofiq shunday investitsiyalarni qabul qiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshiradigan investitsiyalari va daromadlari uchun doimo adolatli va teng rejim hamda toʻliq himoya va xavfsizlik taʼminlanadi.
3-modda
Milliy rejim va eng qulay rejim
Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari hamda daromadlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun yaratilganidan kam boʻlmagan eng qulay rejimni yaratadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga shunday investitsiyalarni boshqarish, qoʻllab-quvvatlash, foydalanish, egalik qilish yoki tasarruf etish borasida oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari uchun yaratilganidan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli qulay rejimni yaratadi.
3. Ushbu modda 1 va 2-bandlarining qoidalari istalgan Ahdlashuvchi Tomonni quyidagilardan kelib chiqadigan istalgan rejim, imtiyozlar yoki yengilliklarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga nisbatan tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aʼzosi boʻlgan yoki kelgusida aʼzosi boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday mavjud yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmasi yoki erkin savdo zonasi, moliya uyushmasi yoki shunday uyushmalar yoki institutlar yoxud mintaqaviy hamkorlikning boshqa shakllarini yaratishga qaratilgan shu singari xalqaro bitimga aʼzoligi;
b) toʻlaligicha yoki qisman soliq solishga taalluqli boʻlgan har qanday xalqaro bitim yoki kelishuv;
v) Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan yoki kelgusida ishtirokchisi boʻlishi mumkin boʻlgan investitsiyalar boʻyicha har qanday koʻp tomonlama bitim.
4-modda
Zararlarni qoplash uchun badal toʻlash
Zararlarni qoplash uchun badal toʻlash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi urush, qurolli toʻqnashuv, favqulodda holat, isyon, qoʻzgʻolon, fuqarolik tartibsizliklari yoki shu kabi boshqa voqealar oqibatida investitsiyalari zarar koʻrgan investorlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlari uchun restitutsiya, tovon toʻlovi, badal toʻlash yoki boshqa tartibotlarni koʻzda tutuvchi rejimdan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalaridan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida avvalgi bandda qayd etilgan har qanday voqea-hodisalar oqibatida quyidagilar tufayli zarar koʻrgan investorlariga:
a) ularning mulki kuch bilan yoki hokimiyat tomonidan rekvizitsiya qilingan holda;
b) harbiy harakat yoki vaziyat taqozo etmagan hollarda ularning mulki kuch bilan yoki hokimiyat tomonidan nobud qilingan hollarda, rekvizitsiya davrida yoki mulki nobud boʻlishi oqibatida yetkazilgan zarar uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon adolatli va aynan bir xil badal toʻlaydi.
Badal toʻlovlari sanasigacha boʻlgan maqbul tijorat stavkasi boʻyicha foizlarni oʻz ichiga oladi.
3. Tegishli toʻlovlar kechiktirmasdan, erkin tarzda oʻtkaziladigan va erkin ravishda konvertirlanadigan mablagʻ boʻlishi lozim.
5-modda
Ekspropriatsiya
Ekspropriatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida davlat tasarrufiga oʻtkazilmaydi, ekspropriatsiya qilinmaydi, yoki ularga nisbatan davlat tasarrufiga oʻtkazish yoki ekspropriatsiya qilish (bundan keyin “ekspropriatsiya” deb ataladi) kabi choralar qoʻllanilmaydi, jamoatchilik maqsadlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar bundan mustasno. Ekspropriatsiya kamsitmaslik asosida, tegishli huquqiy tartibotlarga muvofiq ravishda hamda kechiktirmasdan, aynan bir xil va samarali badal toʻlovlarini toʻlash tarzida amalga oshiriladi. Bunday badal toʻlash ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning bevosita ravishda boʻlgʻusi ekspropriatsiya toʻgʻrisidagi qaror maʼlum boʻlgan vaqtgacha boʻlgan bozor qiymatiga teng boʻlib, ekspropriatsiya oʻtkaziladigan sanadan boshlab hisoblanadigan foizlarni oʻz ichiga oladi, badal toʻlash kechiktirishlarsiz, samarali ravishda amalga oshiriladi hamda erkin ravishda oʻtkaziladigan konvertirlanadigan valyuta hisoblanadi.
2. Zarar koʻrgan investor ushbu moddada qayd etilgan prinsiplar asosida oʻz ishini, investitsiyalari qiymatini boshqa Ahdlashuvchi Tomonning sud yoki boshqa mustaqil organi tomonidan tez orada koʻrib chiqilishini talab qilish huquqiga ega.
3. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalari, shuningdek Ahdlashuvchi Tomon uning davlati hududida amalda boʻlgan qonunlarga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki tashkil etilgan hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari oʻz ulushlariga ega boʻlgan kompaniyaning mulki ekspropriatsiya qilingan hollarda ham qoʻllaniladi.
Kompaniyaga badal toʻlanishi zarur, u mahalliy valyutada ham toʻlanilishi mumkin.
4. Ushbu moddaning qoidalari investitsiyalardan kelgan daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
6-modda
Pul oʻtkazish
Pul oʻtkazish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar investitsiyalar va daromadlarga taalluqli toʻlovlarni erkin oʻtkazishga ruxsat beradilar. Pul oʻtkazish investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq ravishda erkin muomaladagi valyutada hech qanday cheklovlarsiz hamda asossiz kechiktirishlarsiz amalga oshiriladi. Bunday pul oʻtkazishlar, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni oʻz ichiga oladi:
a) investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash yoki koʻpaytirish uchun sarmoyalar va qoʻshimcha sarmoyalar;
b) sof foyda, foizlar, dividendlar va boshqa kundalik daromadlar;
v) zayomlarni toʻlash uchun jamgʻarmalar;
g) royalti yoki mukofotlar;
d) investitsiyalarni butunlay yoxud qisman sotishdan yoki tugatishdan kelgan tushumlar;
e) investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga muvofiq investitsiyalar munosabati bilan xorijdan yollangan va ishlashga ruxsat etilgan jismoniy shaxslarning ish haqi yoki boshqa shu kabi daromadlari.
2. Pul oʻtkazish har bir Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonun va qoidalariga muvofiq investorning barcha bogʻliq moliyaviy majburiyatlari bajarilgandan soʻng amalga oshiriladi.
3. Ushbu Bitim maqsadlarida, basharti, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunlariga muvofiq belgilangan va pul oʻtkazilayotgan sanada amalda boʻlgan rasmiy almashtirish kursi hisoblanadi.
7-modda
Subrogatsiya
Subrogatsiya
1. Agar Ahdlashuvchi Tomon yoki uning tayinlangan organi oʻzining investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalar borasida berilgan kafolat asosida toʻlovlarni amalga oshirsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon:
a) zayom boʻyicha ham, shu mamlakatdagi qonun yoki qonuniy bitimga muvofiq, ham investorning har qanday huquq yoki talabnomalari birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning tayinlangan organiga oʻtishini, shuningdek;
b) yuqorida qayd etilgan Ahdlashuvchi Tomonlardan birinchisi yoki uning tayinlangan organining subrogatsiya asosida, shunday investorning huquq va talabnomalarini amalga oshirish, hamda investitsiyalar bilan bogʻliq majburiyatlarini oʻz zimmasiga olish huquqini tan olishi lozim.
2. Topshirilgan huquqlar va talabnomalar investorning dastlabki huquq va talabnomalaridan ortiq boʻlmasligi zarur.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon
investori oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon
investori oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon investori va boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida uning hududida amalga oshirilgan investitsiyalar xususida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal etiladi.
2. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon investori va boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi nizo uni hal etish toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 6 oy mobaynida hal etilmasa, investor nizoni koʻrib chiqish uchun:
a) hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli sudiga; yoki
b) Vashingtonda 1965-yil 18-martda imzolash uchun ochilgan Davlatlar va boshqa davlatlar fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etuvchi Konvensiyaning qoʻllanilayotgan qoidalariga muvofiq Investitsion nizolarni hal etish boʻyicha xalqaro Markaz (ISCID)ga, basharti, har ikki Ahdlashuvchi Tomon ham ushbu Konvensiyaning qatnashchisi boʻlsa; yoki
v) BMT Xalqaro Savdo huquqi boʻyicha Komissiyasining (UNCITRAL) arbitraj qoidalariga muvofiq taʼsis etilgan sudya yoki “ad hoc” arbitraj sudiga topshirishi mumkin.
3. Arbitraj qarori nizodagi har ikki tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi va tegishli Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq ravishda kuchga kiradi.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashga taalluqli boʻlgan nizolar imkon qadar maslahatlashuvlar hamda muzokaralar orqali hal etilishi lozim.
2. Agar nizo olti oy mobaynida hal etilmasa, istalgan Tomonning talabiga koʻra, nizo ushbu modda qoidalariga muvofiq uchta aʼzodan tarkib topadigan Arbitraj sudiga koʻrib chiqish uchun topshiriladi.
3. Arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda tashkil etiladi. Arbitrajda koʻrib chiqish talabnomasidan soʻng ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon sudning bittadan arbitrini tayinlaydi. Ushbu ikkita arbitr uchinchi davlat fuqarosi boʻlgan Arbitraj sudi Raisi (bundan keyin “Rais”)ni saylaydi. Rais boshqa ikki arbitr tayinlangandan soʻng uch oy mobaynida tayinlanishi zarur.
4. Agar mazkur moddaning 3-bandida belgilangan muddat mobaynida zaruriy tayinlovlar amalga oshirilmasa, tayinlovni oʻtkazish uchun Xalqaro sud Prezidenti nomiga soʻrov yuboriladi. Basharti, Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki oʻzga sabablar qayd etilgan vazifani bajarishga toʻsqinlik qilsa, tayinlovni amalga oshirish uchun vitse-Prezident taklif etiladi. Agar vitse-Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki u ham qayd etilgan vazifani bajara olmasa, tayinlovni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlmagan, lavozimi keyingi oʻrinda turgan Xalqaro sudning aʼzosi taklif etiladi.
5. Arbitraj sudi oʻz qarorlarini koʻpchilik ovoz bilan qabul qiladi.
6. Arbitraj sudi oʻz qarorlarini qonunga hurmat asosida, ushbu Bitim qoidalariga, shuningdek xalqaro huquq prinsiplariga muvofiq ravishda qabul qiladi.
7. Ahdlashuvchi Tomonlar belgilagan shartlardan kelib chiqqan holda, Arbitraj sudi oʻz qoidalarini mustaqil ravishda belgilaydi.
8. Har bir Ahdlashuvchi Tomon arbitraj jarayonidagi oʻz arbitri va vakili bilan bogʻliq xarajatlarni qoplaydi, Arbitraj sudining Raisi uchun sarflanadigan va oʻzga chiqimlarni esa Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda qoplaydilar. Arbitraj sudi xarajatlarni oʻzgacha tarzda ham taqsimlashi mumkin.
9. Arbitraj sudining qarori har bir Ahdlashuvchi Tomon uchun ham tugal va majburiy hisoblanadi.
10-modda
Boshqa qoidalar va
maxsus majburiyatlarni qoʻllash
Boshqa qoidalar va
maxsus majburiyatlarni qoʻllash
1. Masala, ham ushbu Bitim ham ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokchisi boʻlgan boshqa xalqaro bitim vositasida hal etilgan boʻlsa, mazkur Bitimning hech qaysi qoidasi biron bir Ahdlashuvchi Tomonning yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi investitsiyalarning egasi boʻlgan uning birorta investorining oʻzi uchun yanada manfaatliroq boʻlgan biron-bir huquqiy maqomdan foydalanishiga toʻsqinlik qilmaydi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlari uchun uning qonun va tartibotlariga yoki kelishuvlarning boshqa maxsus qoidalariga muvofiq yaratadigan rejimni mazkur Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra qulayroq boʻlsa, bunday rejimlarning eng qulayi tatbiq etiladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, lozim tarzda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Budapesht shahrida 2002-yil 28-oktabrda, ikki asl nusxada, oʻzbek, venger va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)