OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMI VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XOʻJALIK SUDI PLENUMINING
Qarori
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ular faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini sudlar tomonidan toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17 va 47-moddalariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarning eʼtibori tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi ishlarni koʻrish jarayonida qonun hujjatlari talablariga toʻliq va ogʻishmay amal qilish zarurligiga qaratilsin.
2. Tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolarni hal etishda sudlar mazkur subyektlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqqa oid va boshqa imtiyozlar, preferensiyalarni qoʻllamaslik, ular faoliyatini cheklash sabablarini sinchkovlik bilan oʻrganishlari lozim.
3. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (keyingi matnlarda — Qonun) 13-moddasiga koʻra tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli davlat organi tomonidan “bir darcha” prinsipi boʻyicha va qoida tariqasida, xabardor qilish asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablarni belgilashga haqli emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik ustidan berilgan shikoyat maʼmuriy sudlarga taalluqlidir.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini buzganlik sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sud aybdor mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi)ga huquqiy baho berishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 67-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishning qonuniyligini isbotlash majburiyati roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ zimmasiga yuklatiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 31-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 23-moddasi mazmunidan kelib chiqib sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, yakka tartibdagi tadbirkor maqomiga ega boʻlmagan fuqaro ishtirokidagi nizolar, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga taalluqli. Qonun boʻyicha bunday nizolarni hal etish maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazilgan hollar bundan mustasno.
Agar yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati daʼvo taqdim etilgunga qadar tugatilgan va tegishli talablar uning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan boʻlsa, shuningdek uning maqomi daʼvo taqdim etilgandan soʻng yoʻqotilgan taqdirda ham, ular ishtirokidagi nizolar iqtisodiy sudga taalluqlidir.
Tadbirkorlik faoliyatining toʻxtatilishi iqtisodiy sudda ish boʻyicha ish yuritishni tugatish uchun asos boʻlmaydi.
Agar fuqaro qonunda belgilangan tartibda yakka tartibdagi tadbirkor maqomini olgan boʻlib, ammo nizo uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan emas, balki uy-joy, oila-nikoh va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan boʻlsa, bunday nizo fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda koʻrib chiqiladi. Qonun boʻyicha bunday nizolarni hal etish maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazilgan hollar bundan mustasno.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sudlar shuni inobatga olishlari kerakki, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni oʻtkazish tartibi qonun hujjatlari bilan qatʼiy belgilangan. Xususan, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida boshqa masalalar bilan bir qatorda tekshirishlarni oʻtkazish asoslari, davriyligi va muddatlari tartibga solingan.
Oldingi tahrirga qarang.
Tekshirish qonunda belgilangan asoslar mavjud boʻlmasdan oʻtkazilgan holda, u noqonuniy hisoblanadi va FPK 71-moddasining ikkinchi qismi, IPK 66-moddasining ikkinchi qismi va MSIYUtK 65-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tekshirish natijasida olingan maʼlumotlar dalil sifatida qabul qilinmaydi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli Farmonining 3-bandiga koʻra, yuridik shaxslarning tugatilayotganida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari boʻyicha bergan murojaatlari asosida oʻtkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlardan tashqari tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2777-sonli qarorining 2-bandi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi zimmasiga tadbirkorlik subyektlarini naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, nazorat-kassa mashinalarini, hisob-kitob terminallarini ishlatish, shuningdek oʻrnatilgan tartibda talon va cheklar berish, naqd tushumni oʻz vaqtida va toʻla hajmda inkassatsiya qilish masalalari yuzasidan, belgilangan tartibga muvofiq, birinchi navbatda savdo komplekslarida, chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish tashkilotlarida doimiy asosda tekshiruvlarni oʻtkazib turish yuklatilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, davlat soliq xizmati organlari bunday tekshirish natijasi boʻyicha aniqlangan qonun buzilishlar yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllash haqidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Qonun 39-moddasining oʻn birinchi qismiga koʻra, tadbirkorlik faoliyati subyektlari birlashmalarining aʼzosi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlar tadbirkorlik faoliyati subyektlari soʻroviga koʻra mazkur birlashmalar vakillarining ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Tadbirkorlik subyekti tomonidan tekshirishda birlashma vakilining ishtirok etishi istagi bildirilgan taqdirda, unga birlashma vakilini taklif etish uchun imkoniyat berilishi shart. Sudlarga tushuntirilsinki, bunday imkoniyatning berilmaganligi tekshirishni noqonuniy deb topish uchun asos boʻlmaydi. Shu bilan birga, sudlar bunday holatga yoʻl qoʻygan aybdor shaxslarning harakatlariga tegishli huquqiy baho berishlari zarur.
11. Sudlar inobatga olishlari lozimki, Qonunning 11-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek banklar bilan oʻzaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga talqin etiladi.
12. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash bilan bogʻliq nizolarni hal etishda, agar qonunda moliyaviy sanksiya miqdori belgilanmagan boʻlsa, sudlar sanksiyaning miqdorini javobgarning mulkiy ahvoli, aybini ogʻirlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olgan holda belgilashlari lozim.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 329-moddasining 13-bandiga va 330-moddasining 3-bandiga koʻra tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi. Ushbu qoida mazkur toifadagi ishlar boʻyicha sud hujjatlari ustidan shikoyat qilinganda ham tatbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarga tushuntirilsinki, bunday toifadagi ishlar boʻyicha arizalar berilganda arizachidan davlat bojidan ozod qilish haqidagi iltimosnoma yoki moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma talab qilinmaydi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2009-yil 27-aprelda 1948-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnomaning 3-bandiga koʻra yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga hisob-kitob va kassa xizmatlarini koʻrsatish uchun banklarni mustaqil ravishda tanlaydilar hamda bir yoki bir necha banklarda milliy va chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari, shuningdek jamgʻarma, muddatli, ssuda va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish huquqiga egalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2001-yil 10-iyunda 1044-son bilan roʻyxatga olingan “Hisobvaraqlar ochish, mijozlar hisobvaraqlariga mablagʻ oʻtkazish va hisoblab chiqarish, ish haqi va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun naqd pul berish tartibi boʻyicha belgilangan talablarni buzganlik uchun tijorat banklariga nisbatan jarima jazo choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 4-bandiga koʻra Markaziy bank meʼyoriy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan keyin banklar tomonidan hisobvaraqlar ochishda sababsiz kechiktirilganlik yoki ochishdan bosh tortganlik, shuningdek mazkur turdagi hisobvaraq ochish uchun ortiqcha hujjatlarni talab qilganligi uchun bank ustav sarmoyasi belgilangan eng kam miqdorining 0,02 foizi miqdorida jarima toʻlaydi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar nazarda tutishlari kerakki, bankning hisobvaraqni boshqa bankda yoki bank filiallarida ochish haqidagi taklifi ham bankning hisobvaraqni ochishdan bosh tortishi deb baholanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, tadbirkorlik subyektlariga qonuniy faoliyatni amalga oshirishda, jumladan, soliq, moliya va statistika organlariga hisobotlar topshirishda, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarga oid qonuniy imtiyozlar, preferensiyalar qoʻllashda, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (energiya, gaz, suv, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti va boshqa)ga ulanishga ruxsat olinishida, pul mablagʻlari yoki moddiy boyliklardan erkin foydalanishida davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan noqonuniy aralashuvlar, cheklovlar, sansalorliklar va boshqa shu kabi toʻsqinliklarga yoʻl qoʻyilganligi holatlari aniqlansa, sud ularga nisbatan tegishli choralar qoʻllash haqida xususiy ajrim chiqarishi yoki shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, u jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 25/309-sonli qarori tahririda)
16. Sudlarning eʼtibori tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda oʻrganib va umumlashtirib, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrishlari, mazkur sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan tegishli takliflar berib borishlari lozimligiga qaratilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi A. USMANOV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining raisi D. MIRZAKARIMOV
Plenum kotibi, Oliy xoʻjalik sudining sudyasi M. IZRAILBEKOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 14-sentabr,
12/239-son