Norasmiy tarjima
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasida
Bitim
Aksilterror tuzilmalar uchun kadrlarni tayyorlash haqida
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar, keyingi oʻrinlarda — Tomonlar deb ataluvchilar
Shanxay hamkorlik tashkilotining 2002-yil 7-iyundagi Xartiyasi, 2001-yil 15-iyundagi terrorizm, separatizm va ekstremizm bilan kurashish toʻgʻrisidagi Shanxay konvensiyasi, 2002-yil 7-iyundagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi toʻgʻrisidagi Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi Bitim va 2005-yil 5-iyuldagi terrorizm, separatizm va ekstremizm bilan kurashishda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning Hamkorlik konsepsiyasiga tayangan xolda,
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarining aksilterror tuzilmalar uchun kadrlarni tayyorlash sohasida Tomonlar hamkorligi terrorizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirish uchun muhim ahamiyatga egaligini inobatga olgan holda,
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarining aksilterror tuzilmalar uchun kadrlarni samarali tayyorlashni taʼminlash maqsadida,
milliy qonunchilik va umumeʼtirof qilingan xalqaro huquq normalariga tayangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Kelishuv maqsadlari uchun unda qoʻllanilgan tushunchalar quyidagilarni bildiradi:
“aksilterror tuzilmalar” — aksilterror tadbirlarni oʻtkazish uchun har bir Tomon qonunchiligiga muvofiq shakllantiriladigan mutaxassislar guruhi;
“kadrlar” — aksilterror tuzilmasida xizmat oʻtayotgan soʻrayotgan Tomonning mutaxassislari va yoʻriqchilari;
“taʼlim oluvchi” — tayyorgarliklardan oʻtuvchi shaxs;
“oʻqituvchi” — taʼlim oluvchiga bilim beruvchi, uning qobiliyatlari, tajribasini rivojlantiruvchi xamda tegishli malakaga ega shaxs;
“tayyorgarlik” — kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish, malakasini oshirish yoki taʼlim oluvchining taʼlim darajasini oshirmasdan kasbiy tayyorlash;
“Soʻralayotgan Tomon” — oʻzlarining kadrlarni tayyorlashda koʻmak berish toʻgʻrisida soʻrovnoma bilan murojaat qilingan Tomon;
“Soʻrayotgan Tomon” — bir Tomonga kadrlarni tayyorlashda koʻmak berish toʻgʻrisida soʻrovnoma bilan murojaat qilgan boshqa Tomon;
“qabul qiluvchi Tomon” — hududida kadrlarni tayyorlash olib boriladigan Tomon
“joʻnatuvchi tomon” — qabul qiluvchi Tomon hududiga oʻz kadrlarini tayyorlash uchun Tomon;
“tranzit Tomoni” — taʼlim oluvchilar va oʻqituvchilarni, shuningdek taʼminot materiallarini tayyorlash oʻtkazish joylariga bir Tomon hududidan olib oʻtish va ortga qaytarish amalga oshiriladigan Tomon;
“oʻquv boʻlinmalari” — oʻrnatilgan tartibda kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oʻquv muassasalari, oʻquv markazlari, tuzilmaviy boʻlinmalar;
“taʼminot materiallari” — oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq kadrlarni tayyorlash uchun zarur oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv-sinf jihozlari, laboratoriya uskunalari, qurol-yaroq, harbiy va maxsus texnikalar, amaliy taʼlim texnik vositalari, shuningdek chiqim materiallari va boshqa uskunalar;
“Dastur” — uch yil muddatga Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqiladigan, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning aksilterror tuzilmalariga kadrlarni tayyorlash dasturi;
2-modda
Tomonlar kadrlarini tayyorlash Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining Ijroiya qoʻmitasi koʻmagida va oʻzaro muvofiqlikda quyidagi maqsadlarda oʻtkaziladi:
terrorizm bilan kurashish sohasida amaliy bilimlarini, qobiliyatlarini va koʻnikmalarini takomillashtirish;
maxsus aksilterror, shu jumladan hamkorlikdagi, tadbirlarni oʻtkazishning zamonaviy taktik usullarini oʻzlashtirish;
individual maxsus tayyorgarlik darajasini oshirish;
aksilterror tuzilmalar faoliyatining tajribasi bilan almashish;
3-modda
Kadrlarni tayyorlash qabul qiluvchi Tomon oʻquv boʻlinmalarida yoki soʻrovnoma olgan Tomonning oʻqituvchilarini soʻrovnoma yuborgan Tomon hududiga joʻnatish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Kelishuvga asosan Tomonlar oʻz kadrlarini qabul qiluvchi Tomon vakolatli organlarining tuzilmaviy boʻlinmalariga stajirovka oʻtashlari uchun yuborishi mumkin.
4-modda
Kadrlarni tayyorlash Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Kengashining qarori bilan tasdiqlanadigan Dasturga muvofiq va (yoki) ikki tomonlama kelishuvlar doirasida amalga oshiriladi.
Kadrlarni tayyorlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Tomonlarning yuboruvchi va qabul qiluvchi vakolatli organlari oʻrtasidagi shartnomalar (kelishuvlar) asosida amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlar vakolatli organlari tayyorlash yilidan oldingi yilning 1-fevralidan kechiktirmasdan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasiga oʻzlarining kadrlarini tayyorlashni tashkil etish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuboradi va unda u yoki bu mutaxassislik boʻyicha taʼlim oluvchilar soni, tayyorlash oʻtkazishning taxminiy muddatlari va (yoki) oʻqituvchilarning soni, ularning xizmat safari muddatlari, mashgʻulotlar mavzulari, shuningdek tayyorgarlashga aloqador boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Soʻrovnoma Tomon vakolatli organ rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi va (yoki) mazkur organning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
6-modda
Tomonlar vakolatli organlari tayyorlash yilidan oldingi yilning 1-fevralidan kechiktirmasdan Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasini tayyorlash oʻquv dasturlari va ularni tashkil etish rejalari, tayyorlash mazmuni va predmetlar, taʼlim oluvchilarga oid talablar, taʼlim oluvchilarning soni, tayyorlash sanalari va muddatlari, xarajatlar smetalari, taʼlim oluvchilarning tayyorlash joyiga kelish va ketish usullari shartlari toʻgʻrisida xabardor qiladi.
7-modda
Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi Tomonlardan kelib tushgan soʻrovnomalar va takliflar asosida oʻrnatilgan tartibda tayyorlash yilidan oldingi yilning 1-mart kuniga qadar kadrlarni tayyorlashni tashkil etish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va ushbu maqsadlar uchun taxminiy xarajatlar toʻgʻrisida takliflarni tayyorlaydi va koʻrib chiqish uchun tarqatadi.
8-modda
Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi quyidagilarni amalga oshirishga koʻmak beradi va muvofiqlashtiradi:
soʻrovnoma yuborgan Tomonlar vakolatli organlarga soʻrovnoma olgan Tomon tayyorlashni tashkil etish va oʻtkazish shartlari toʻgʻrisida maʼlumotni yuborishi, shuningdek Tomonlar vakolatli organlarining soʻrovnomalarini soʻrovnoma oluvchi Tomonga joʻnatish;
Tomonlarning vakolatli organlari bilan tayyorlash oʻtkazish joyi va vaqtini, oʻqitiladigan fanlar va ularning mazmuni, taʼlim oluvchilar soni, xarajatlar smetalari va boshqa masalalar toʻgʻrisida kelishib olish;
kelishish jarayonida nizolar va bahsli vaziyatlar yuzaga kelganda soʻrovnoma yuborgan va olgan Tomonlar vakolatli organlarining harakatlari.
9-modda
Kadrlarni tayyorlash toʻgʻrisida kontrakt (shartnoma) joʻnatuvchi vakolatli organ va qabul qiluvchi Tomon vakolatli organining tegishli oʻquv boʻlinmalari oʻrtasida tayyorlash yilidan oldingi yilning 1-dekabriga qadar tuziladi.
Kontrakt (shartnoma)da quyidagilar aks ettiriladi:
oʻquv dasturi va (yoki) oʻquv rejasining nomi;
tayyorlashni oʻtkazish muddati;
taʼlim oluvchilar va (yoki) oʻqituvchilar soni;
taʼlim oluvchilarga oid talablar;
taʼlim oluvchi va (yoki) oʻqituvchilarning taʼminot shartlari:
a) oʻqituvchilar bilan (taʼlim oluvchilar uchun);
b) oʻquv dasturi va oʻquv rejalariga muvofiq kadrlarni tayyorlash uchun zarur taʼminot materiallari;
v) kadrlarni tayyorlash uchun zarur kutubxonalardan, oʻqish va sport zallaridan, boshqa bino va hududlardan foydalanish;
g) tarjimonlik xizmatlari bilan
d) tibbiy xizmatlar bilan;
e) oʻquv maqsadlar uchun transportlardan foydalanish;
j) yashash joylari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan;
z) taʼlim oluvchi va oʻqituvchilarni tayyorlash joyi va ortga qaytishlari uchun qatnov shart-sharoitlari;
qabul qiladigan Tomon hududiga joʻnatuvchi Tomon taʼlim oluvchilari va (yoki) oʻqituvchilarining kirishi/chiqishi va yashashi uchun hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
kadrlarni tayyorlash uchun toʻlov amalga oshirish tartibi, muddati va shartlari;
taʼlim oluvchini muddatidan oldin chetlatish asoslari;
joʻnatuvchi Tomon taʼlim oluvchilari va qabul qiluvchi Tomon oʻqituvchilarining hayoti va sogʻligʻi sugʻurtasi;
nizolarni hal qilish tartibi;
boshqa zarur rekvizitlar.
10-modda
Oʻquv dasturini toʻliq hajmda oʻzlashtirgan taʼlim oluvchilarni tayyorlash yakunida, tayyorgarlikdan oʻtganligi haqida oʻquv boʻlinmalari tomonidan hujjatlar beriladi.
11-modda
Kadrlarni tayyorlash boʻyicha kontrakt (shartnoma) muddati tugaganidan soʻng, Tomonlarning qabul qiluvchi va joʻnatuvchi vakolatli organlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasiga tayyorlash oʻtkazish natijalari toʻgʻrisida oʻzlarining taklif va xulosalari asosida maʼlumot beradilar.
Yil yakuni boʻyicha Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi kelib tushgan materiallarni umumlashtirib hamda oʻrnatilgan tartibda Tomonlarning vakolatli organlarini xabardor qiladi.
12-modda
Taʼlim oluvchilarni tayyorlash uchun zarur taʼminot materiallarini davlat chegaralaridan, shuningdek Tomonlarning hududlari orqali tranzit ravishda olib oʻtish manfaatdor Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan kelishilgan taʼminot materiallari roʻyxati asosida amalga oshiriladi va ular bojxona yigʻimlari va boshqa toʻlovlardan ozod qilinadi, koʻrikdan oʻtkazilishi, olib qoʻyilishi va musodara etilishi mumkin emas.
Davlat chegaralari orqali, shuningdek Tomonlar hududi orqali tranzit ravishda taʼminot materiallarini olib oʻtishda Tomonlar oʻzlarining qonunchiligi asosida oʻrnatilgan tegishli tartib-taomillarni tezroq bajarilishiga yordam beradi.
13-modda
Joʻnatuvchi Tomon taʼlim oluvchilari va oʻqituvchilarini Davlat chegaralarini kesib oʻtishlari uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda Tomonlar bir-biriga oʻzaro koʻmak berishadi.
14-modda
Joʻnatuvchi Tomon taʼlim oluvchilari va (yoki) oʻqituvchilari tayyorlash davrida, tayyorlash joyiga borishlari va qaytishlarida, qabul qilayotgan va tranzit Tomon qonunlariga rioya qiladi va ularning urf-odatlarini hurmat qiladi.
15-modda
Qabul qilayotgan tomon va tranzit orqali qabul qilayotgan tomon taʼlim oluvchilar va oʻqituvchilarning huquqiy holatlarini hurmat qilishadi.
16-modda
Yuboruvchi Tomon oʻqituvchilari yoki taʼlim oluvchilari tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga yoxud qabul qiluvchi Tomonning oʻziga zarar yetkazilsa, unda mazkur zararni qoplash qabul qiluvchi Tomon qonunchiligiga asosan yuboruvchi Tomon zimmasiga yuklatiladi.
Tayyorgarlik jarayonida yuboruvchi Tomon oʻqituvchilari yoki taʼlim oluvchilari hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash, oʻz fuqarolariga nisbatan qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda, qabul qiluvchi Tomon zimmasiga yuklatiladi.
Yuboruvchi Tomon qabul qiluvchi Tomonga nisbatan oʻzining har qanday eʼtirozlaridan voz kechishi mumkin, agar mazkur zarar yuboruvchi Tomon taʼlim oluvchisining yoki oʻqituvchisining aybi bilan yetkazilgan boʻlsa, shu jumladan qabul qiluvchi Tomon hududida boʻlish vaqtida yuboruvchi Tomon oʻqituvchilari yoki taʼlim oluvchilarining oʻlimi, tana jarohatlari yoki boshqa har qanday zarar bilan bogʻliq boʻlsa ham.
17-modda
Qabul qiluvchi Tomon hududida oʻqituvchilar va taʼlim oluvchilar hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan, Mazkur Bitimning 16-moddasida nazarda tutilmagan, zararni qoplash manfaatdor tomonlarning oʻrtasidagi kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
18-modda
Qabul qiluvchi Tomon tarafidan amalga oshirilgan xarajatlar, shuningdek oʻquv yoki taʼminot materiallarining yoʻqolishi, qisman yoki toʻliq yoʻq qilinishi bilan bogʻliq xarajatlar oʻrnini qoplash tartibi, manfaatdor Tomonlarning oʻrtasidagi kelishuvga koʻra oʻrnatiladi.
Yuboruvchi Tomon tarafidan amalga oshirilgan xarajatlar, shuningdek olib borilgan maxsus vositalar va taʼminot materiallarining yoʻqolishi, qisman yoki toʻliq yoʻq qilinishi bilan bogʻliq xarajatlar oʻrnini qoplash tartibi, manfaatdor Tomonlarning oʻrtasidagi kelishuvga koʻra oʻrnatiladi.
19-modda
Tomonlar mazkur Kelishuv qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq nizoli masalalarni maslahatlashuv va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilishadi.
20-modda
Mazkur Bitim Tomonlar aʼzo boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxldor emas.
21-modda
Mazkur Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishda Tomonlar ishchi tillar sifatida rus va xitoy tillaridan foydalanadilar.
22-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning roziligi bilan bayonnomalar koʻrinishida rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
23-modda
Tomonlar mazkur Kelishuv kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillarini bajargandan soʻng oʻttiz kun ichida, mazkur Bitimni tatbiq etish uchun javobgar vakolatli organlari haqida depozitariyga yozma shaklda xabar beradi.
Vakolatli organlar va (yoki) ularning nomlari oʻzgartirilgan taqdirda, Tomonlar bu haqda ushbu Bitim depozitariysini oʻn besh kun ichida xabardor qiladi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, mazkur Bitimni tatbiq etish uchun javobgar Shanxay hamkorlik tashkilotining vakolatli organi hisoblanadi.
24-modda
Ushbu Bitimning depozitariysi Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyati hisoblanadi va ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab oʻn besh kun ichida Tomonlarga uning tasdiqlangan nusxalarini yuboradi.
Depozitariy Tomonning ushbu Bitimni tatbiq etish javobgar vakolatli organlari toʻgʻrisida xabar olgan kundan oʻn besh kun ichida bu toʻgʻrisida boshqa Tomonlarga xabar beradi.
25-modda
Mazkur Bitim 2001-yil 15-iyundagi ekstremizm, separatizm va terrorizm bilan kurashish toʻgʻrisidagi Shanxay konvensiyasi amal qilish muddatiga mos ravishda tuziladi hamda mazkur Bitim kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki tartib-taomillarining Tomonlar tarafidan bajarilishi toʻgʻrisida yozma shakldagi toʻrtinchi xabar depozitariy tomonidan olingan kundan oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 2001-yil 15-iyundagi ekstremizm, separatizm va terrorizm bilan kurashish toʻgʻrisidagi Shanxay konvensiyasi ishtirokchilari hisoblanadigan davlatlar qoʻshilishi uchun ochiq. Qoʻshilayotgan davlat uchun mazkur Bitim uning qoʻshilishi toʻgʻrisidagi hujjat depozitariy tomonidan olingan kundan oʻttizinchi kun kuchga kiradi.
2001-yil 15-iyundagi ekstremizm, separatizm va terrorizmga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Shanxay konvensiyasi amal qilishini bir Tomonga nisbatan tugatish, u uchun mazkur Bitimning amal qilishi avtomatik tarzda tugatilishiga olib keladi.
2009-yil 16-iyunda Ekaterinburg shahrida bir asl nusxada rus va xitoy tillarida tuziladi va ikkita matn ham bir xil kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)