Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
SAVDO SOHASIDA MONOPOLIYADAN ChIQARIShNI ChUQURLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Savdo sohasida bozor islohotlarini va monopoliyadan chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish, raqobatni rivojlantirish, isteʼmol bozorini toʻldirishda korxonalar hamda mahalliy boshqaruv idoralarining xoʻjalik sohasidagi mustaqilligini yanada oshirish maqsadida:
1. 1998-yilning 1-yanvaridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari asosiy guruhlarini fond yoʻli bilan taqsimlash tizimi bekor qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 15-oktabrdagi PF-3335-sonli Farmoniga asosan chiqarib tashlangan — OʻR QHT, 2003-y., 19-son, 177-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, “Oʻzbeksavdo” tizimidagi hududiy savdo-ishlab chiqish konsernlarining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
Oʻzbekiston “Savdo” Davlat-aksiyadorlik uyushmasi (“Oʻzbeksavdo”)ni tugatish;
Respublika “Savdo taraqqiyoti” birlashmasi, Respublika tajriba savdo-ishlab chiqarish “Savdo nashriyoti” birlashmasi, “Navroʻz” savdo ishlab chiqarish kompleksi va yangidan tashkil etiladigan “Goʻsht-sut savdo” Davlat-aksiyadorlik birlashmasi negizida Oʻzbekiston “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasini tashkil qilish;
mavjud hududiy savdo-ishlab chiqarish konsernlari negizida respublika (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) va viloyatlar savdo-ishlab chiqish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalarini barpo etish.
Belgilab qoʻyilsinki, hududiy savdo-ishlab chiqarish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalari ularning tizimiga kirmaydigan savdo tashkilotlari bilan, shu jumladan matlubot kooperatsiyasi tizimidagi savdo tashkilotlari bilan faqat shartnoma asoslarida hamkorlik qiladilar.
3. Quyidagilar “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda xarid qilish sohasida marketing tadqiqotlarini olib borish, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini, savdo-sotiqni takomillashtirish borasidagi jahon tajribasini tarmoqqa joriy etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda isteʼmol tovarlarini sotish qoidalarini ishlab chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
“Goʻsht-sut savdo” tizimini sovutish xoʻjaligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sovutish omborlarini shartnoma asosida “Oʻzdavzaxira” bosh boshqarmasiga, davlat taʼminoti muassasalariga, maxsus isteʼmolchilarga va hududiy savdo-ishlab chiqarish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalariga oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun berish;
savdo inshootlarini loyihalash va qurishda yagona texnikaviy siyosatni yuritish, texnologik savdo uskunalarini taʼmirlash, tayyorlashda tarmoq korxonalariga amaliy yordam koʻrsatish;
savdo sohasida reklama-noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
4. Hududiy savdo-ishlab chiqarish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalari, Toshkent shahar Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal etish yuklansin:
aholining isteʼmol mollariga boʻlgan talab-ehtiyojini juda toʻliq qondirishda, vatanimiz tovar ishlab chiqaruvchilaridan, shu jumladan birja va yarmarka savdo tizimi orqali tovarlarning tanlov asosidagi ulgurji xaridlarini oʻtkazishda mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, savdo korxonalariga, jumladan matlubot kooperatsiyasi tizimidagi korxonalarga tuzilgan shartnomalar asosida yordam berish;
oʻzimizda ishlab chiqarilayotganlari ichki bozor ehtiyojlarini qoplamayotgan tovarlarning belgilangan tartibda amalga oshirilayotgan ulgurji import xaridlarini muvofiqlashtirish;
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun va savdo qoidalari savdo korxonalari tomonidan bajarilishini taʼminlash;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, savdo korxonalariga reklama, tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzish va ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muddatli oqilona xoʻjalik aloqalarini oʻrnatish, texnika bilan qayta jihozlash, zamonaviy savdo-texnologiya jarayonlarini tadbiq etish masalalarida shartnoma asosida konsalting xizmatlari koʻrsatish.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
hududiy savdo-ishlab chiqarish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalari hamda Toshkent shahar Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti zimmalariga yuklangan vazifalarni hal etishda ularga butun choralar bilan yordam bersinlar;
mulkchilik shakllaridan va kimga boʻysunishidan qatʼi nazar, vatanimiz savdo tamgʻalari qoʻyilgan savdo-ishlab chiqarish firmalari, shuningdek ulgurji-chakana savdo firmalari tarmogʻini barpo etish va rivojlantirishga koʻmaklashsinlar;
hududiy savdo-ishlab chiqarish aksiyadorlik “Savdo” kompaniyalarining, Toshkent shahar Savdo, xizmat koʻrsatish sohasi va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish departamenti, shuningdek, mintaqa hududida ishlab turgan barcha sanoat va savdo korxonalarining isteʼmol bozorlarini toʻldirish masalalaridagi faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
7. “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligini Oʻzbekiston “Savdo” davlat-aksiyadorlik uyushmasi (“Oʻzbeksavdo”)ga aylantirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 5-maydagi PF-398-sonli Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 19-dekabr,
PF-1897-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 297-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 19-son, 177-modda; 2005-y., 28-29-son, 204-modda; 2006-y., 23-son, 201-modda)