Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumi
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY XOʻJALIK SUDI PLENUMINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh XAMDA BAʼZILARINI OʻZ KUChINI YOʻQOTGAN DEB HISOBLASh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 47-moddasiga asoslanib qaror qiladi:
I. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudining qonuniy kuchga kirgan hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi haqida” 2003-yil 25-iyuldagi 111-sonli qarori 1-bandining birinchi xatboshisidagi “218” raqami chiqarib tashlansin.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Qishloq xoʻjaligida qonuniylikni taʼminlash va yerdan foydalanishdagi suiisteʼmolchiliklarning oldini olishda xoʻjalik sudlarining rolini oshirish toʻgʻrisida” 2004-yil 12-martdagi 115-sonli qarorining 14-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xoʻjalik sudlari shuni eʼtiborga olsinlarki, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 330-moddasining 2-bandiga muvofiq qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tayyorlov va xizmat koʻrsatish tashkilotlariga nisbatan shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi yuzasidan beriladigan daʼvo arizalari boʻyicha, 16-bandiga muvofiq tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchilar manfaatlarini koʻzlab kiritiladigan daʼvo arizalari boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod etilganlar”.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini xoʻjalik sudlari tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2006-yil 27-yanvardagi 142-sonli qaroriga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 2-bandning birinchi xatboshisi va 34-bandning beshinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 10-bandning birinchi xatboshisidagi “uch” degan soʻz “ikki” degan soʻz bilan almashtirilsin;
3) 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sudlarga tushuntirilsinki, Qonunning 52 va 53-moddalariga muvofiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar rasmiy nashr etib belgilangan “Birja” va (yoki) “Soliq info” gazetalarida chop etiladi”.
IV. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida” 2007-yil 15-iyundagi 162-sonli qaroriga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 21-bandidagi “soliqlar, yigʻimlar va davlat budjetiga majburiy toʻlovlar” va “soliqlar, yigʻimlar va majburiy toʻlovlar” degan soʻzlar tegishincha “soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 36-bandining:
birinchi xatboshisining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“XPK 67-moddasining birinchi qismiga muvofiq ishni koʻrish vaqtida kelib chiqadigan, fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlarni talab qiladigan savollarni tushuntirib berish uchun xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosiga koʻra ekspertiza tayinlaydi”;
ikkinchi xatboshisining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi jumlalari quyidagi tahrirdagi ikkinchi jumla bilan almashtirilsin:
“Sudlar shuni hisobga olishlari lozimki, qoʻshimcha yoki qayta ekspertiza tayinlanganda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasi mavjudligi talab etilmaydi”.
V. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida” 2007-yil 28-dekabrdagi 173-sonli qarori 5-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“XPKning 158-moddasiga muvofiq apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingandan keyin bir oy ichida, xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) esa - u qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida beriladi”.
VI. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi 180-sonli qarorining 27-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
““Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 13-moddasining birinchi qismiga va SK 330-moddasining 6-bandiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari davlat boji toʻlamasdan sudga Palata aʼzolari manfaatlarini koʻzlab daʼvo taqdim etish, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish huquqiga ega, bunda ushbu huquq ular tomonidan tashkil etilgan korxona va tashkilotlarga oʻtkazilishi mumkin emas”.
VII. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan bojxona haqidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2009-yil 24-apreldagi 197-sonli qaroriga quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 16-banddagi “Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 8-aprelda 423-son bilan roʻyxatga olingan “Xorijiy investitsiyali korxonalar oʻz ehtiyojlari uchun import qiladigan mahsulotlarni belgilash qoidalari” va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 19-avgustda 960-son bilan roʻyxatga olingan “Oʻz ehtiyojlari uchun xorijiy investor tomonidan import qilinadigan mahsulotni sertifikatlashning oʻtkazilish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga” degan soʻzlar “Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-maydagi 136-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkni aniqlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 21.4-banddagi ““Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi” degan soʻzlar ““Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirish, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishni amalga oshiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
VIII. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi umumiy qismini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2010-yil 18-iyundagi 210-sonli qarori 28-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “u joʻnatilgan kundan eʼtiboran uch kun oʻtgach, soliq toʻlovchiga topshirilgan hisoblanadi” degan soʻzlar “shu paytdan eʼtiboran soliq tekshiruvi tugallangan hisoblanadi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
IX. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik sudlari qarorlari ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni haqida” 1997-yil 28-fevraldagi 62-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oliy xoʻjalik sudi raisi D. MIRZAKARIMOV
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining kotibi, sudya M. IZRAILBEKOVA
Toshkent sh.,
2011-yil 1-dekabr,
235-son