O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining
Qarori
Qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash va yerdan foydalanishdagi suiiste’molchiliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
(Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli qarori asosida kiritilgan o‘zgartirishlar bilan)
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar o‘zining samarasini berayotganligi qishloq xo‘jalik rivojida ham namoyon bo‘lmoqda. Agrar tarmoqda xo‘jalik yuritishning tashkiliy-huquqiy shakllari takomillashtirilmoqda. Qishloqda chinakam mulkdorlar sinfi shakllantirilib, yerga, mulkka hamda ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan egalik tuyg‘usi qaror toptirilmoqda. Ammo, qishloqda tadbirkorlik g‘oyasini rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan va fermerlik siyosatini obro‘sizlantirishga qaratilgan xatti-harakatlarga, xususan yerdan foydalanish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarda duch kelinayotgan mansabdor shaxslarning suiiste’molchiligi, loqaydligi, byurokratik to‘siqlar va tamagirlik illatlariga to‘liq barham berilmayapti. Yer uchastkalarini talon-toroj qilish, ulardan noqonuniy foydalanish, soxta fermerlik orqali boylik orttirish, yer uchastkalaridan ijara shartnomasida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanmaslik holatlari yuz bermoqda.
Qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirishda ayrim mansabdor shaxslar o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini davlat va jamiyat manfaatidan ustun qo‘yishmoqda. Ba’zi bir hokimlar, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarma va bo‘limlari, yer resurslari xizmati idoralari mansabdor shaxslari hamda qishloq xo‘jalik kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari)ning rahbarlari davlat mulki hisoblangan yerdan foydalanishda suiiste’molchilikka, uni ijaraga berishda har xil qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yishmoqda. Ularga nisbatan amaldagi qonunlar asosida qattiq jazo choralari ko‘rilmayapti.
Ayrim joylarda ijaraga berilgan sug‘oriladigan yerlarda fermerlar kontraktatsiya shartnomasida ko‘rsatilgan ekin turlarini ekmasdan, o‘zlarining ehtiyojlari uchun kerak bo‘lgan boshqa mahsulotlarni yetishtirmoqdalar.
Qishloq xo‘jaligida davlat buyurtmasi bo‘yicha mahsulot yetishtirish uchun berilayotgan mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga boylik orttirish maqsadida sotib yuborish yoki ulardan shaxsiy tomorqalarida foydalanish holatlari kamaymayapti. Shuningdek, paxta xom ashyosini o‘g‘irlab chegaradosh mamlakatlarga sotish jinoyatlariga ham yo‘l qo‘yilmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat organlari nazorati qonun hujjatlari talablari asosida tashkil etilmagan. Yerdan foydalanuvchilarning yerga nisbatan egalik hissini shakllantirish va yerdan foydalanishda davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish ustuvor vazifa ekanligiga joylarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda iqtisodiy sudlar ham lozim darajada e’tibor bermayaptilar.
Iqtisodiy sudlar tomonidan qishloq xo‘jalik munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari amaliyotda qo‘llanilayotganligiga qaramasdan, bu sohada vujudga kelgan nizolar bo‘yicha huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ko‘rilgan choralarning ta’sirchanligi va samaradorligi deyarli sezilmayapti.
Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanishda qonuniylikni ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 47-moddasiga asosan quyidagi tushuntirishlarni berishga qaror qiladi:
(muqaddimaning beshinchi — yettinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
1. Iqtisodiy sudlarning e’tibori ularning qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash va yerdan foydalanishda suiiste’molchiliklarning oldini olishdagi rolini oshirish zarurligiga qaratilsin.
Iqtisodiy sudlar qishloq xo‘jalik huquqiy munosabatlaridan kelib chiqqan nizolarni ko‘rish jarayonida tashkilotlar, davlat organlari va boshqa organlar mansabdor shaxslari, shu jumladan fermer xo‘jaliklari boshliqlari va boshqa yerdan foydalanuvchilar faoliyatida qonun hujjatlari talablari buzilganligi, soxta fermerlik orqali boylik orttirish, yerlardan shartnomada ko‘rsatilgan maqsadda foydalanmaslik holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilish, ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash, keltirilgan zararni aybdor shaxslar hisobidan qoplash, rahbar va boshqa xodimlarni egallab turgan lavozimlaridan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy choralar ko‘rish haqida xususiy ajrim va taqdimnomalar kiritish vakolatlaridan foydalanishlari lozim.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
2. Iqtisodiy sudlarning e’tibori qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar ishtirokidagi nizolarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida” 2003-yil 24-martdagi PF-3226-sonli, “Qishloq xo‘jaligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-sonli, “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 7-sentabrdagi PF-6061-sonli, “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 24-fevraldagi PQ-5006-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jalik korxonalarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 5-yanvardagi 8-sonli, “Qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2003-yil 5-noyabrdagi 486-sonli, “Fermer xo‘jaligi yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2013-yil 31-yanvardagi 22-sonli qarorlari va boshqa qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishi lozimligiga qaratilsin.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
3. Iqtisodiy sudlarning sudloviga shirkat, fermer va dehqon xo‘jaliklaridan yer uchastkalarini qaytarib olish, ularni davlat va jamiyat manfaatlari uchun olib qo‘yish, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishi, yer uchastkasida qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzish, yer uchastkalarini ijaraga berish bilan bog‘liq nizolar taalluqlidir.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olishni rad etganligi yoki belgilangan muddatda davlat ro‘yxatiga olishdan bosh tortganligi ustidan O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonuni 7-moddasining 3-qismiga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 26-moddasiga muvofiq ma’muriy sudga shikoyat berilishi mumkin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Yer munosabatlari bilan bog‘liq nizolar iqtisodiy sudlar tomonidan qisqa muddatlarda, tezkorlik bilan ko‘rib chiqilishi lozim.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
4. Iqtisodiy sudlar fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularga yer uchastkalari ajratib berish bo‘yicha qonunchilikda nazarda tutilgan qoidalar, jumladan tanlov o‘tkazish, yer uchastkalari berish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish, fermer xo‘jaligining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini rasmiylashtirish tartibi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan har bir holatga huquqiy baho berib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli ta’sir choralarini qo‘llasinlar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
5. Iqtisodiy sudlar shu holatni e’tiborga olsinlarki, fermer xo‘jaligi bilan yer ijarasi shartnomasini tuzgan qishloq xo‘jalik kooperativi tugatilgan hollarda yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 6-moddasiga muvofiq, tuman hokimliklari da’vogar sifatida qatnashishlari mumkin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qarori tahririda)
6. Yer ijarasi bilan bog‘liq nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlar fermer xo‘jaligiga berilayotgan yer uchastkasi boshqa yerdan foydalanuvchilarning yerlardan foydalanishi uchun noqulayliklar vujudga keltirmasligi, fermer xo‘jaliklari tomonidan yer uchastkalari ijaraga olinishida mazkur hududda yashovchi shaxslar boshqa teng sharoitlarda ustuvor huquqdan foydalanishlarini inobatga olsinlar. Shuni nazarda tutish lozimki, yer uchastkasi fermer xo‘jaligiga imkon boricha yagona mavze bo‘yicha, konturlar yaxlitligi saqlab qolingan holda berilishi, uchastka chegaralari sug‘orish tarmoqlari, kollektorlar, yo‘llar va boshqa topografik elementlar bo‘yicha belgilanishi, fermerlarga uzoq muddatga ijaraga beriladigan bu yer uchastkalari qishloq xo‘jalik kooperativi (shirkat xo‘jaliklari) balansidan chiqarilishi shart.
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkasi boshqa yerdan foydalanuvchilarning yerlardan foydalanishi uchun noqulayliklar vujudga keltirganligi to‘g‘risidagi nizolarni, jumladan paxta, g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari yer uchastkalariga tutash, boshqa ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermerlar o‘rtasida aynan shu asosda kelib chiqqan nizolarni hal etishda iqtisodiy sudlardan tegishli qishloq xo‘jalik mutaxassislarining xulosalarini olishlari talab etiladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
7. Fermer xo‘jaliklari tomonidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bo‘yicha o‘ziga olgan majburiyatlarga ko‘ra paxta va don ekishga mo‘ljallangan yerlarga boshqa ekinlar ekish hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan ekin maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, ya’ni bu yerlardan o‘zboshimchalik bilan shaxsiy tomorqa sifatida foydalanish, uy-joy, imoratlar yoki boshqa inshootlarni qurish, o‘zga shaxslarning foydalanishiga berib yuborish, paxta va g‘alla yetishtirish uchun berilgan bo‘nak pullari, texnika, yonilg‘i va mineral o‘g‘itlardan foydalanish, lekin mahsulot topshirmaslik, davlat buyurtmasiga oid majburiyatlarni bajarmaslik fermer xo‘jaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablarini, shu jumladan yer ijarasi shartnomasini qo‘pol ravishda buzish deb baholanishi, bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi, Fuqarolik kodeksining 382-moddasi 2-qismiga ko‘ra fermer xo‘jaligining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi va yer ijarasi shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lishi iqtisodiy sudlarga tushuntirilsin.
Shuning bilan birga fermer xo‘jaligi tomonidan kontraktatsiya shartnomalari bajarilmaganligi, yerning ekologik va meliorativ holati yomonlashtirilganligi, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmasdan, hosildorlik normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lganligi sababli yer ijarasi shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida kiritilgan da’vo arizalarini ko‘rishda iqtisodiy sudlar bu talablar qanday sabablarga ko‘ra fermer xo‘jaligi tomonidan bajarilmaganligi holatlarini chuqur o‘rganib chiqishlari, kontraktatsiya shartnomalarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikka tortishda tegishli mutaxassislarni jalb etib, davlat buyurtmasi yerning hosildorligiga mos ravishda belgilanganligiga, tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘z shartnoma majburiyatlarini qay darajada bajarganligiga, tabiiy sharoitlar yoki boshqa fors-major holatlarga e’tiborlarini qaratsinlar.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
8. Yer uchastkalarini qaytarib olish to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rish jarayonida iqtisodiy sudlar yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish bo‘yicha mahalliy hokimliklar, yer tuzish xizmati, tabiatni muhofaza qilish organlari, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari, tayyorlov va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, bank va soliq idoralari xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, shartnomaning lozim darajada bajarilishiga oid ko‘rilgan choralarga ham e’tibor berishlari, bu organlar tomonidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlik holatlari aniqlanganda, tegishli javobgarlik choralarini qo‘llashlari lozim.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
9. Iqtisodiy sudlar nizolarni ko‘rish jarayonida terilgan paxta xom ashyosini o‘g‘irlash, uni sotish maqsadida respublika tashqarisiga noqonuniy ravishda olib chiqib ketish hamda yetishtirilgan mahsulotni saqlash choralarini ko‘rmaslik, g‘alla, paxtani payhon qilish, boshqa yo‘llar bilan talon-toroj qilish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralarini qo‘llash masalasini muhokama etishlari shart.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Iqtisodiy sudlar O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, yer uchastkasi ijaraga berilgan muddatning tugaganlik holati yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bekor bo‘lishiga asos bo‘lishini e’tiborga olsinlar. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 553-moddasida nazarda tutilgan, mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida noma’lum muddatga qayta tuzilgan deb hisoblanishi to‘g‘risidagi qoidalar yerdan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ammo ijaraga oluvchi yer uchastkalari ijara shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin shartnomani yangilashda boshqalarga nisbatan teng sharoitlarda ustun huquqqa ega bo‘ladi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
11. Iqtisodiy sudlar shuni e’tiborga olishlari lozimki, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi qarorining o‘zigina yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni vujudga keltirmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 31-moddasiga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.
(11-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaligi hamda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran fermer xo‘jaligi tashkil etilgan hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berib qo‘yilgan yoki ana shu maqsadlar uchun belgilangan yerlarning egalari, bu yerdan foydalanuvchilar va ijaraga oluvchilar o‘rtasida tuzilgan yer uchastkalarini oldi-sotdi, hadya, garov, qonunchilikda belgilangan tartib buzilgan holda ikkilamchi ijaraga berish, o‘zboshimchalik bilan almashtirish shartnomalari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 113-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra iqtisodiy sudlar o‘z tashabbuslari bilan bu shartnomalarning haqiqiy emaslik oqibatlarini qo‘llashga haqlidirlar.
(11-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Bunday bitimlarni tuzishda aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
12. Sudlar “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qishloq xo‘jalik korxonalariga, shu jumladan fermer xo‘jaliklariga nisbatan ham tatbiq etilishini, ushbu Qonunning 178-moddasi to‘rtinchi qismi talablariga ko‘ra, tashqi boshqaruv tartib-taomili yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonasiga nisbatan joriy etilmasligini nazarda tutsinlar.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Fermer xo‘jaliklarini bankrot deb e’tirof etish to‘g‘risidagi ariza bilan iqtisodiy sudlarga har qanday kreditor, shu jumladan bank, soliq idoralari, fermer xo‘jaligining o‘zi, shuningdek prokuratura organlari ham murojaat qilishi mumkin.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
13. Fermer xo‘jaligini to‘lovga qobiliyatsiz deb e’tirof etilishi uni tugatilishiga olib kelishiga sudlarning e’tibori qaratilishi lozim.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 6-sonli qarori tahririda)
Iqtisodiy sudlar bunday toifadagi ishlar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar haqida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor etib, ularga fermer xo‘jaligini tugatish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 36-moddasining 3-bandiga muvofiq, fermer xo‘jaligining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish majburiyatini yuklatishi mumkin.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
14. Iqtisodiy sudlar shuni e’tiborga olsinlarki, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasi birinchi qismining 18-bandiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 10-oktabrdagi PQ-3318-sonli qarorining 3-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari — fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilganlar.
Bunda da’vo arizasini qanoatlantirish rad etilganda manfaati ko‘zlab da’vo arizasi kiritilgan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalaridan davlat boji undirilmaydi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
15. Iqtisodiy sudlar qishloq xo‘jaligida yerlardan foydalanish bilan bog‘liq nizolarni sayyor sud majlislarida, imkoni boricha dala shiyponlari va xo‘jaliklarda, ushbu hududdagi fermerlar, dehqonlar, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari hamda boshqa manfaatdor shaxslarning ishtirokida ko‘rishni kengroq joriy etish, ularning tarbiyaviy rolini oshirish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazib borishni ta’minlash choralarini ko‘rsinlar.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli qarori tahririda)
Toshkent sh.,
2004-yil 12-mart,
115-son