Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “XOʻJALIK SUDLARI QARORLARI IJROSINI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA”GI FARMONI HAQIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 235-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish xamda baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 5-fevraldagi “Xoʻjalik sudlari qarorlari ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar davlat idoralari, korxona, muassasa va tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xoʻjalik sudlari qarorlarining tegishlicha ijro etilishi uchun javobgarligini oshirish yoʻllari belgilab berilgan.
Farmonda belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishni taʼminlashdagi asosiy vositalardan biri xoʻjalik sudlari qarorlarining ijro etilishini tartibga soluvchi huquqiy meʼyorlarga qatʼiy rioya etishdan iboratdir.
Xoʻjalik sudlari qarorlarini ijro etish amaliyotining bir xilda boʻlishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 46, 54-moddalariga asoslanib, Oliy xoʻjalik sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 5-fevraldagi “Xoʻjalik sudlari qarorlari ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni sudyalar va sud devoni xodimlari uchun dasturilamal deb hisoblansin hamda uni bajarish yoʻlida hamma chora-tadbirlar belgilansin.
Oliy xoʻjalik sudi tomonidan ushbu Farmonni ijro etish boʻyicha ishlab chiqilgan 1997-yil 5-fevraldagi Reja maʼqullansin.
“Xoʻjalik sudlari hujjatlarini ijro etish tartibi toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksida ijro yuritishni tartibga soluvchi yetarli meʼyorlar mavjud emasligi sababli, xoʻjalik sudlari Xoʻjalik protsessual kodeksi 12 moddasi 3-bandiga amal qilgan holda, sud qarorlarini ijro etishda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli meʼyorlarini qoʻllasinlar.
Bunda sudlar quyidagilarga ahamiyat berishlari lozim:
xoʻjalik sudlari tomonidan beriladigan ijro varaqlari va sud buyruqlari ijro hujjatlari hisoblanadi;
pul mablagʻlarini undirish boʻyicha ijro varaqlari va sud buyruqlari besh kun muddat ichida undiruvchi, davlat budjetiga mablagʻ undirishda esa soliq idorasiga yuboriladi, soliq idorasi oʻz navbatida ijro varaqlarini va sud buyruqlarini belgilangan tartibda ijro etish uchun bankka yuboriladi;
mulkni asl holida undirish, bino va boshqa obyektlarni boʻshatish yoki olib berish, pul oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan maʼlum harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklash toʻgʻrisidagi ijro varaqalari va sud buyruqlari undiruvchiga beriladi yoxud uning iltimosiga asosan Fuqarolik protsessual kodeksining tegishli boʻlim qoidalariga muvofiq ijro etish bevosita sud ijrochilariga yuboriladi;
har bir hal qiluv qarori boʻyicha bitta ijro varaqasi chiqariladi. Agarda ijro etish har xil joylarda amalga oshirilishi lozim boʻlsa yoxud qaror bir necha daʼvogarlar foydasiga yoki bir necha javobgarlarga nisbatan chiqarilgan boʻlsa, sud undiruvchining iltimosi asosida ijro varaqalari qarzdorning manzili aniq koʻrsatilgan holda yoki qarorning ushbu ijro varaqasi boʻyicha ijroga taalluqli boʻlgan qismini ijro qilish uchun berilishi mumkin;
qarorlarning ijrosi qarzdor yoki uning mulki joylashgan hudud sudining sud ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. Agar qarzdor mazkur sud sudlovidagi hududda boshqa joyga chiqqan, lekin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqmagan boʻlsa va uning manzili sud ijrochisiga maʼlum boʻlsa, sud ijrochisi undiruvchini xabardor qilgan holda ijro varaqasi yoki sud buyrugʻini qarzdorning yangi manzilida joylashgan sud ijrochisiga joʻnatadi;
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi qatnashchilari boʻlgan davlatlarning iqtisodiy, xoʻjalik va arbitraj sudlarining qaror, ajrim va hal qiluv qarorlarining ijrosi ham Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnoma va kelishuvlar asosida xuddi shu tartibda amalga oshiriladi;
ijro etilishi zarur boʻlgan hal qiluv qarorlarida noaniqliklar mavjud boʻlgan taqdirda, sud ijrochisi ishni hal etgan suddan qarorni tushuntirib berish toʻgʻrisida soʻrashga haqlidir. Qarorni tushuntirib berish Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 150-moddasida belgilangan qoidalar asosida amalga oshiriladi;
qaror ijrosini taʼminlash imkoniyati boʻlmagan yoki ijroni taʼminlashda qiyinchiliklar paydo boʻlgan holatlarda sud ijrochisi ish yuzasidan hal qiluv qarorini qabul qilgan sud oldiga ijro muddatini uzaytirish yoki keyinga qoldirish, shuningdek qaror ijrosining usul va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani qoʻyishga haqlidir. Sud ijrochisining bu mazmundagi arizasi Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 217-moddasida koʻrsatilgan tartibda koʻrib chiqiladi;
agar qarzdor yuridik shaxs boʻlsa undirishni uning har qanday mulkiga qaratish mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi “Mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasida belgilanganidek, yuridik shaxslar oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga tegishli barcha mulk bilan javob beradilar. Fuqarolik protsessual kodeksining undirish qaratib boʻlmaydigan mol-mulklar roʻyxatini belgilangan meʼyorlari sud tomonidan qoʻllanilmasligi kerak;
tadbirkorlar, fuqarolar qarzdor deb topilgan holatlarda undirish fuqarodan ijro hujjatlari asosida undirilishi mumkin boʻlmagan mulklar roʻyxatida mol-mulkiga qaratilishi mumkin emas;
undiruvchi undirishdan voz kechgan va undiruvchi bilan qarzdor oʻrtasida nizo kelishuv yoʻli bilan hal qilingan holatlarda daʼvodan voz kechish va oʻzaro kelishuv sudga yozma tarzda berilishi kerak. Bunday arizalar ish hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi. Sud undiruvchining undirishidan voz kechganligi yoki tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchilik tinch yoʻl bilan qilinganligi haqidagi arizasini qabul qilishdan oldin undiruvchi yoki tomonlarga bunday protsessual harakatlarning oqibatini tushuntirib berishi kerak.
Undiruvchining undirishdan voz kechganligi yoki tomonlar tinch yoʻl bilan kelishib olganligi haqidagi arizani qabul qilgan sud ijroni tugatish haqida ajrim chiqaradi va shu bilan bir vaqtda ish yuritish ham tugatiladi.
Ajrimda tomonlarning oʻzaro kelishuvi toʻgʻrisidagi sud tomonidan belgilangan shartlar ham koʻrsatilishi kerak.
Undiruvchining undirishdan voz kechishi sud tomonidan qabul qilinmagan yoki tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvini tasdiqlamagan holatlarda sud bu haqda asoslangan ajrim chiqaradi.
Ijro yuritish tugatilgan taqdirda bu haqidagi ijro varaqasi yoki sud buyrugʻi tegishli yozuv (belgi) bilan ushbu hujjatni bergan sudga yoki undiruvchiga joʻnatiladi.
Sud ijrochisi tomonidan ijro yuzasidan koʻrilgan barcha chora-tadbirlar bekor qilinadi.
Tugatilgan ijro harakati qayta tiklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sudlar undiruvchi yoxud qarzdorning qaror ijrosi yuzasidan sud ijrochisining harakatlari yoki shunday harakatlarni olib borishni rad etganligi haqidagi shikoyatiga oʻn kunlik muddatda oʻz munosabatini bildirishi kerak.
Sud ijrosining harakatlari ustidan keltirilgan shikoyat va protestlar sud ijrochisi ishlaydigan suddagi sud majlisida manfaatdor tomonlarga sud majlisi oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida xabar berish orqali koʻrib chiqiladi. Lekin, manfaatdor tomonlarning sud majlisiga kelmasligi sudning mazkur masalani koʻrib chiqishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Mulkning qarzdorga yoki boshqa shaxslarga tegishli ekanligidan qatʼi nazar, roʻyxatga olish jarayonida sud ijrochisi tomonidan roʻyxatga olishning bekor qilinishiga asos boʻladigan qonunsiz harakatga yoʻl qoʻyilgan taqdirda qarzdor va oʻsha shaxslarning roʻyxatga olishni bekor qilish haqidagi arizalari 1963-yil 23-martdagi Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Grajdanlik protsessual kodeksining 404-moddasida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
3. Sudlarning eʼtibori har bir sud qarori eng qisqa muddatda ijro etilishi zarurligiga qaratilsin. Ijroga taqdim etilgan sud qarorini qasddan bajarmaslik holatlari aniqlangan har bir holatda xoʻjalik sudlari OʻRJKning 232-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini muhokama qilishga majburdirlar.
4. Sudlar bank tomonidan sud qarorlari bajarilmagan har bir holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining 218-moddasiga asosan ularga jarima solish mumkinligi toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqishlari zarur.
Xoʻjalik sudi tomonidan chiqarilgan va bajarilmayotgan hujjatlar boʻyicha bankka jarima solish masalasi ham sud majlisida hal qilinadi. Sud majlisi oʻtkazilayotgan vaqt va joy haqidagi xabar jarima solinishi koʻzda tutilayotgan bankka, shuningdek undiruvchi va qarzdorga xabar yetkazib berilganligini tasdiqlovchi buyurtma xat orqali bildiriladi. Xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmasligi sud tomonidan jarima solish masalasining koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilmaydi.
5. Xoʻjalik sudlari raislari sud qarorlarining toʻgʻri va oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazorat oʻrnatishlari lozim.
6. Sudlar ijroni taʼminlashda prokuratura, soliq va ichki ishlar idoralari bilan yaqindan hamkorlikni kuchaytirishlari zarur.
7. Xoʻjalik sudlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 5-fevraldagi “Xoʻjalik sudlari qarorlari ijrosini taʼminlash chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarish boʻyicha qilinayotgan ishlar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar haqida matbuot, radio va televideniyeda doimo axborot berib tursinlar.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xoʻjalik sudlari sud qarorlari ijrosini muntazam oʻrganib va umumlashtirib borsinlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 5-fevraldagi Farmonidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Toshkent sh.,
1997-yil 28-fevral,
62-son