Toshkent viloyati hokimining
Qarori
Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish orqali oila budjetlarida daromadlarni koʻpaytirish, ish bilan band boʻlmagan aholini ishlab chiqarish faoliyatiga jalb etish va xalq hunarmandchiligining koʻp asrlik anʼanalarini saqlab qolish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyuldagi 216-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyuldagi “Oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 216-son qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Iqtisodiyot vazirliklari, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasining fuqarolarning hunarmandchilik faoliyatini kasanachilik mehnati shakllariga kiritish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilganligi;
oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
* Ilova berilmaydi.
3. Viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Bosh boshqarmasi (H.Isamuhamedov):
shahar va tuman hokimliklari, manfaatdor boshqarma va idoralar, “Hunarmand” uyushmasi viloyat boʻlimi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishni tizimli asosda muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlashni;
viloyat Statistika boshqarmasi bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikda qatnashayotgan, shuningdek hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni, shu jumladan shogird hunarmandlarni kasanachilik bilan shugʻullanadigan shaxs sifatida hisobga olishni tashkil etishni;
oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish parametrlarining yangi ish oʻrinlari tashkil etish hududiy dasturlari prognoz parametrlariga kiritilishini;
2009-yil uchun Bandlikka koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan 85 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarining oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishga maqsadli yoʻnaltirilishini taʼminlasin.
4. Viloyat “Mikrokreditbank” va boshqa tijorat banklariga oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga, uy mehnatini tashkil etishga belgilangan tartibda imtiyozli kreditlar ajratilishini kengaytirish tavsiya etilsin.
5. Shahar va tuman hokimlari, viloyat boshqarma va idora rahbarlariga:
xonalarni ijaraga berish, maxsus joylarni ajratish va obod qilish, hunarmandlar ishlab chiqargan buyumlar va tovarlarni sotish uchun ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va shoxobchalarni tashkil etish yoʻli bilan hunarmandchilikni rivojlantirishga koʻmaklashsinlar;
hunarmandchilik subyektlarini mahalliy xomashyo, materiallar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashda, hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalarini oʻtkazishda, yoshlarni hunarmandchilik koʻnikmalariga oʻqitish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda amaliy yordam koʻrsatsinlar;
mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlikni hamda hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari S.Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-avgust,
170-son