OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT IShLARI VAZIRINING
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YAGONA SPORT TASNIFI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 6-fevralda 2323-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining 2017-yil 4-iyuldagi 2-mh-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2323-1 28.08.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 147-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-apreldagi 96-son “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 104-modda) muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir T. QOʻZIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 23-dekabr,
1166-son
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirining 2011-yil 23-dekabrdagi 1166-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi
Nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 147-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-apreldagi 96-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 104-modda) muvofiq, yagona sport tasnifi (keyingi oʻrinlarda YST deb yuritiladi) boʻyicha respublika sport unvonlari va toifalarini hamda ularni berishning tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Respublika sport unvonlari va toifalari Oʻzbekiston Respublikasi hududida tan olingan hamda belgilangan tartibda sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha beriladi.
2. YST asosan respublika aholisi, birinchi navbatda, yosh avlodning sport mahorati darajasini baholashning yagona tizimini taʼminlashga moʻljallangan.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
vakolatli organlar — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi va uning hududiy boʻlinmalari;
sport turi — odamning sport musobaqalariga oʻziga xos tayyorlanishini tavsiflaydigan, musobaqalarni oʻtkazish va ularda qatnashish talablari, tartibi va shart-sharoitlari ularga muvofiq belgilanadigan oʻz qoidalariga ega boʻlgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi;
jismoniy tarbiya-sport tashkiloti — tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, faoliyatning asosiy turi sifatida jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
chempionat — eng kuchli sportchilar (jamoalar) oʻrtasidagi musobaqalar;
meʼyorlar — oʻlchovlar tizimidagi uzunlik, ogʻirlik va vaqt oʻlchovlari;
talablar — ochkolar, ballar, jamoa yoki shaxsiy musobaqalarda tegishli oʻrinlarni egallash, raqib ustidan gʻalabaga erishish hamda maʼlum bir reytingni toʻplash boʻyicha talablar.
II. YST vazifalari
4. YSTning asosiy vazifalari:
yoshlarda sportga qiziqishning shakllanishi, fuqarolarning sport bilan faol shugʻullanishga jalb qilinishi, sport bilan shugʻullanuvchilarning har tomonlama jismoniy tayyorgarligi va sport mahorati oshirilishini taʼminlash;
har xil sport turlarida sport natijalarining yagona baholanishini taʼminlash, sportning mamlakatimiz va jahonda rivojlanish darajasi hamda muayyan sport turi oldiga qoʻyilgan vazifalarga muvofiq ravishda respublika sport unvonlari va toifalarini berish tartibini belgilashdan iborat.
5. YSTni qoʻllashda asosan sport turlarining rivojlanishiga koʻmaklashish, musobaqalar oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik darajasini oshirish inobatga olinadi.
III. Respublika sport unvonlari va toifalari
6. Mazkur Nizomga muvofiq, sportchilarga quyidagi respublika sport unvonlari va toifalari beriladi:
a) respublika sport unvonlari:
“Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi” (XTSU) yoki “Xalqaro grossmeyster” (XG);
“Oʻzbekiston sport ustasi” (SU) yoki “Oʻzbekiston grossmeysteri”;
b) respublika sport toifalari:
“Sport ustaligiga nomzod” (SUN) yoki “Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod”;
I toifa;
II toifa;
III toifa;
I oʻsmirlar toifasi;
II oʻsmirlar toifasi;
III oʻsmirlar toifasi.
IV. Respublika sport unvonlari va toifalarini berishda sportchi yoshiga boʻlgan talablar
7. Musobaqa qatnashchilarining yosh guruhlari (katta yoshdagilar, yoshlar (yuniorlar) va oʻsmirlar) xalqaro sport federatsiyalarining musobaqa qoidalari bilan, xalqaro tashkilotlarga ega boʻlmagan sport turlarida esa, sport turlari boʻyicha respublika sport federatsiyalari (uyushmalari, markazlari va boshqalar) qoidalari bilan belgilanadi.
8. Respublika sport unvonlari va toifalari sportchilarga musobaqa qoidalarida belgilangan yoshda tegishli meʼyorlar va talablar bajarilgan hollarda beriladi. Musobaqa qatnashchilarining yosh guruhlari har bir sport turida uning oʻziga xos xususiyatiga qarab aniqlanadi.
9. Meʼyorlar va talablarni bajarish shartlarida quyidagilar koʻrsatiladi:
respublika sport unvoni va toifasini berishda eng kichik yosh;
sportchilarning yosh guruhlari va ular uchun koʻzda tutilgan tegishli tasnif dasturlari;
turli yoshdagi sportchilarning maʼlum bir yoshdagi sportchilar bilan bir qatorda umumiy asosda musobaqalarda (jumladan, respublika va xalqaro) qatnasha olishligi;
respublika sport unvonlari va toifalariga taalluqli meʼyorlar va talablar.
V. Respublika sport unvonlari va toifalarini berish uchun musobaqalarning nufuzi
10. YSTga kiritilgan sport turlari quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari (olimpiya sport turlari);
Milliy sport turlari — bir mamlakatga va shu mamlakatning millatiga xos boʻlgan sport turi. U tarixdan shu mamlakatning urf-odatlari va xususiyatlarini inobatga olgan holda shakllangan va rivojlanib kelgan sport turi. Milliy sport turi oʻziga xos qoidalarga ega boʻladi;
Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilmagan sport turlari (noolimpiya sport turlari);
Oʻzbekiston Respublikasining idoraviy mansubligi boʻyicha rivojlangan sport turlari (texnik va amaliy sport turlari). Ushbu sport turlari tegishli tashkilotlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda (yongʻin xavfsizligi, mudofaa, huquqni muhofaza qiluvchi va shunga oʻxshash) shakllangan sport turlari hisoblanadi.
11. Nufuzli musobaqalarga Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, Jahon va Osiyo chempionatlari va kuboklari, turli xalqaro musobaqalar va turnirlar, Oʻzbekiston chempionatlari va kuboklari, hududiy chempionatlar va kuboklar, turli respublika va hududiy musobaqalar va turnirlar kiradi.
12. Olimpiya oʻyinlari nufuzi Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda XOQ deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi. Jahon yoki Osiyo chempionati, kubogi, xalqaro turnirlar nufuzi XOQ tan olgan tegishli xalqaro sport federatsiyasi tomonidan belgilanadi.
13. XOQ tan olmagan sport turlari boʻyicha jahon chempionati va kubogi nufuzi, ushbu musobaqalarda kamida 20 ta mamlakatning vakillari va(yoki) terma jamoalari qatnashgan taqdirda tan olinadi. Osiyo chempionati va kubogi nufuzi, ushbu musobaqalarda kamida 10 ta milliy jamoalar qatnashganda tan olinadi.
14. Xalqaro musobaqalar nufuzi sport turlari boʻyicha xalqaro federatsiyalar tomonidan rasmiy roʻyxatga kiritilgan xalqaro musobaqalar boʻyicha tan olinadi. Bu musobaqalarda kamida 6 ta davlat qatnashgan boʻlishi kerak.
15. Oʻzbekiston chempionati va kubogi nufuzi musobaqalarning Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashining sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasiga kiritilishi bilan belgilanadi. Ushbu sport turi boʻyicha musobaqalarda respublika hududlaridan kamida yarmi qatnashishi lozim (qishki sport turlaridan tashqari). Shuningdek, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, “Universiada”, “Umumarmiya oʻyinlari” va shu kabi kompleks musobaqalar ham chempionat nufuziga kiradi.
16. Respublika musobaqalari nufuzi respublika hamda xalqaro sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan musobaqalar boʻyicha tan olinadi. Ushbu musobaqalarning har bir dasturi boʻyicha respublikaning kamida 3 ta hududidan sportchilar (jamoalar) qatnashishi lozim. Ushbu sportchilar (jamoalar) oʻtgan yil yakunlariga koʻra respublikada chempionatlar va kuboklar boʻyicha musobaqalarda eng kuchli oltilikka kirgan boʻlishlari lozim.
17. Turli tashkilotlar chempionatlari va kuboklar nufuzi shu tashkilotlar tomonidan respublika sport federatsiyalari (uyushmalari, markazlari va boshqalar) bilan kelishilgan holda oʻtkaziladigan respublika hamda xalqaro sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan musobaqalar boʻyicha tan olinadi.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi musobaqalari nufuzi (chempionat, kubok) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar musobaqalari nufuzi (chempionat, kubok) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari tomonidan belgilanadi.
VI. Meʼyorlar va talablarni tuzish
19. Meʼyorlar va talablar mazkur Nizomning 23-bandida keltirilgan tashkilotlar tomonidan kiritilgan taqdimnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tuziladi va uning hayʼat yigʻilishida toʻrt yilga tasdiqlanadi. Meʼyorlar va talablar davriyligi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining oʻtkazilishini inobatga olgan holda aniqlanadi.
20. Meʼyorlar va talablar sport turining xususiyatlari, sportchilar jinsi va yoshiga qarab belgilanadi.
21. Sport turining xususiyatlariga qarab ushbu sport turi uchun faqatgina meʼyorlar yoki talablar yoxud bir vaqtning oʻzida meʼyorlar va talablar qoʻllanilishi mumkin.
22. Meʼyorlar va talablarda sport turlari alfavit tartibida joylashtiriladi.
23. Meʼyorlar va talablarni bajarish shartlari quyidagi tashkilotlar taqdimnomasida shakllantiriladi:
respublika oliy sport mahorati maktablari;
sport turi boʻyicha respublika federatsiyalari (uyushmalari, markazlari va boshqalar);
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy sport klubi, Ichki ishlar vazirligining “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi.
24. Meʼyorlar va talablarga oʻzgartirishlar yoki qoʻshimchalar mazkur Nizomning 23-bandida koʻrsatilgan jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari taqdimnomasiga asosan kiritiladi.
VII. Respublika sport unvonlari va toifalar berish shartlari
25. Respublika sport unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan sportchilarga beriladi.
26. Respublika sport toifalari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan sportchilarga beriladi.
27. Respublika sport unvonlari va toifalari mazkur Nizomning 11—18-bandlarida koʻrsatilgan nufuzli musobaqalarda har bir sport turi va sport predmeti boʻyicha tasdiqlangan meʼyorlar hamda talablarni bajargan sportchilarga beriladi.
28. Respublika sport unvonlari va toifalarini berish uchun nufuzli musobaqalarda hakamlar hayʼati tarkibi va darajasi kamida quyidagicha boʻlishi lozim:
a) Respublika sport unvonlari boʻyicha:
XTSU unvoni — 2 nafar xalqaro va 3 nafar milliy toifadagi hakamlar;
SU yoki “Oʻzbekiston grossmeystri” unvoni — 3 nafar milliy toifadagi hakamlar;
b) respublika sport toifalari boʻyicha:
SUN yoki “Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod” — 1 nafar milliy toifadagi va 3 nafar I toifadagi hakamlar;
I toifa — 3 nafar I toifadagi hakamlar;
II va III toifalar — 2 nafar I toifadagi hakamlar.
Oʻsmirlar toifalari — 1 nafar I toifadagi hakam.
VIII. Respublika sport unvonlari va toifalarini berish
29. “Xalqaro grossmeyster” unvoni tegishli xalqaro sport tashkiloti tomonidan beriladi.
30. “Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi”, “Oʻzbekiston grossmeysteri”, “Oʻzbekiston sport ustasi” unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan quyidagi tashkilotlar taqdimnomasiga asosan beriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari;
respublika oliy sport mahorati maktablari;
sport turlari boʻyicha respublika federatsiyalari (uyushmalari, markazlari va boshqalar);
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy sport klubi, Ichki ishlar vazirligining “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati, Kasaba uyushmalari koʻngilli jismoniy tarbiya va sport jamiyati, “Yoshlik” oʻquvchilar sport jamiyati.
Sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha “Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi” va “Oʻzbekiston sport ustasi” unvonlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tomonidan beriladi.
31. “Sport ustaligiga nomzod”, “Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod” va I toifa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmasi tomonidan beriladi.
32. II va III toifalar hamda oʻsmirlar toifalarini berish huquqiga ega boʻlgan jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy sport klubi, “Dinamo” jismoniy tarbiya-sport jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi tomonidan belgilangan sport turlari boʻyicha sport toifalarini berish tartibi, ushbu tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan kelishilgan yoʻriqnomada belgilab beriladi.
34. Respublika sport unvonlari va toifalarini berishda quyidagilar inobatga olinadi:
tegishli musobaqalarda maʼlum bir oʻrinni egallash;
tegishli musobaqalarda maʼlum bir oʻrinni egallagan jamoa tarkibida qatnashish;
tegishli musobaqalar boshlanishidan oldin tegishli respublika sport unvoni yoki toifasiga ega boʻlgan sportchilar ustidan gʻalabaga erishish;
maʼlum bir darajali reytingni toʻplash.
35. Respublika sport unvoniga sazovor boʻlgan sportchiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi nomidan guvohnoma va nishon topshiriladi.
36. “Sport ustaligiga nomzod” va “Oʻzbekiston grossmeysteriga nomzod” toifalari talablarini bajargan sportchiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar madaniyat va sport ishlari boshqarmalari nomidan tegishli guvohnoma va nishon topshiriladi. I — III toifalar va oʻsmirlar toifalari talablarini bajargan sportchilarga jismoniy tarbiya-sport tashkiloti nomidan hisob tasniflash kitobchalari topshiriladi.
37. Guvohnomalar, nishonlar va hisob tasniflash kitobchalari namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
38. Sportchini respublika sport unvoniga taqdim etish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar tegishli meʼyorlar yoki talablar bajarilgan paytdan boshlab olti oy davomida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligiga ushbu meʼyorlar yoki talablar bajarilganligini tasdiqlovchi va respublika sport unvoniga taqdim etish boʻyicha hujjatlarni yuborishi lozim.
39. Respublika sport toifalarini berish huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar respublika sport unvonini berish boʻyicha hujjatlarni tegishli meʼyorlar yoki talablar bajarilgan paytdan boshlab ikki oy davomida rasmiylashtirishlari shart.
40. Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari rahbarlari respublika sport unvonlari va toifalarini berish toʻgʻrisidagi hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlarning ishonchli ekanligiga shaxsan javobgardirlar.
IX. Respublika sport unvonlari va toifalarini berish boʻyicha malaka komissiyasi
41. Respublika sport unvonlari va toifalarini berish boʻyicha vakolatli organlar huzurida malaka komissiyasi tuziladi. Komissiya aʼzolari vakolatli organ qarori bilan 1 yil muddatga tayinlanadilar.
42. Komissiya 7 nafar aʼzodan iborat boʻladi, uning tarkibiga vakolatli organning tarkibiy boʻlinmalari, sport federatsiyalari (uyushmalari, markazlari va boshqalar), sport turlari boʻyicha oliy sport mahorati maktablari va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari rahbarlari yoki vakillari kiritiladi.
43. Komissiya raisi va aʼzolari oʻz xohishiga koʻra yoki zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishda aniqlangan qoida buzishlari uchun komissiya tarkibidan muddatidan oldin chiqarilishi mumkin.
44. Komissiya majlisi unda komissiya aʼzolarining 2/3 qismi qatnashgan taqdirda toʻla huquqli hisoblanadi. Qarorlar ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Komissiya qarori uning majlisida qatnashgan komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchiligi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal etuvchi hisoblanadi.
45. Komissiya majlislari zaruratga koʻra, lekin har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Komissiyaning navbatdan tashqari majlislari zarurat boʻlgan taqdirda rais tomonidan chaqiriladi.
46. Komissiya qarori bayonlashtirilishi, komissiya aʼzolari tomonidan imzolanishi va vakolatli organga taqdim etilishi kerak.
X. Sportchilarning huquq va majburiyatlari
47. Sportchi quyidagi huquqlarga ega:
sport turi boʻyicha nufuzli musobaqalarda qatnashish va ularda meʼyorlar va talablarni bajarish;
tasnifda belgilangan meʼyorlar va talablar bajarilgan holda tegishli respublika sport unvoni va toifasini olish;
tegishli guvohnoma, nishon va hisob tasniflash kitobchalarini olish.
48. Sportchilar quyidagi majburiyatlarga ega:
musobaqalarda qatnashishda musobaqa qonun-qoidalariga qatʼiy rioya etish;
tasnifda belgilangan meʼyorlar va talablarni bajarishda, ularni bajarish qoidalariga rioya etish;
tegishli guvohnoma, nishon va hisob tasniflash kitobchalarini ehtiyot qilish va saqlash.
XI. Sportchilarning hisob tasniflash kitobchalari hisobi va hisoboti
49. Vakolatli organlar va jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari sport unvoni yoki toifasini berish toʻgʻrisidagi buyruqlar va qarorlar asosida hisob tasniflash kitobchalarini rasmiylashtiradilar hamda belgilangan tartibda ularni roʻyxatga oladilar.
50. Sportchilarning hisob tasniflash kitobchalarida musobaqalar natijalari, navbatdagi toifa (unvonlar) berilganligi va sportchining tibbiy koʻrikdan oʻtganligi belgilanadi.
51. Hisob tasniflash kitobchasi boshqa hujjatlar bilan birga musobaqalarda qatnashish uchun sport musobaqalari hakamlar hayʼatiga taqdim etiladi.
52. Vakolatli organlar sportchilarning unvon va toifalari hamda berilgan guvohnomalar va hisob tasniflash kitobchalari boʻyicha hisob-maʼlumotlarni tuzadilar va sportchilarning unvonlari va toifalari boʻyicha hisob-kitob jurnalini yuritadilar.
53. “Xalqaro grossmeyster” unvoni “Xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi” unvoniga tenglashtiriladi.
XII. Yakuniy qoidalar
54. Mazkur Nizomda koʻrsatilgan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslar hamda barcha jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
55. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi bilan kelishilgan.
Xalq taʼlimi vaziri T. ShIRINOV
2011-yil 19-dekabr
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
2011-yil 20-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2011-yil 21-dekabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
2011-yil 22-dekabr
Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi raisi v. b. K. MAMEDOV
2011-yil 22-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 6-son, 65-modda)