Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMINING
Qarori
SUDLAR TOMONIDAN OTALIKNI BELGILASHGA OID ISHLARNI KOʻRISHDA QONUNCHILIKNING QOʻLLANILISHI TOʻGʻRISIDA
Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda qonunchilikni qoʻllash amaliyoti sudlar oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni asosan toʻgʻri hal etishayotganliklarini koʻrsatadi. Shu bilan birga, sudlar faoliyatida mazkur qonunchilikni qoʻllashda xatoliklar ham mavjud.
Otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda qonunchilikning sudlar tomonidan toʻgʻri va bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tushuntirilsinki, davlat tomonidan onalik va bolalikning muhofaza qilinishi, bolalar huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining, ota-onaning kelib chiqishi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, himoyalanishi kabi konstitutsiyaviy prinsipni taʼminlash sudlarning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, sudlar otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ishlarni toʻgʻri, oʻz vaqtida koʻrib chiqish va hal etishga nisbatan eʼtiborni oshirishlari, mazkur toifadagi ishlarni sudda koʻrishga puxta tayyorlashlari, ishning haqiqiy holatlari va taraflarning oʻzaro munosabatlarini toʻla aniqlash yuzasidan choralar koʻrishlari lozim.
2. Oila kodeksining 61-moddasiga koʻra, oʻzaro nikohda boʻlmagan ota-onadan bola tugʻilganda, otalik onaning va oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxsning birgalikdagi arizasiga muvofiq (bolaning onasi vafot etgan, u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, uning yashash joyini aniqlash imkoni boʻlmagan yoki u onalik huquqidan mahrum etilgan hollarda — oʻzini bolaning otasi deb tan olgan shaxsning arizasiga muvofiq) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Otalik, agar bolaning ota-onasi qandaydir sabablarga koʻra fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga uning kelib chiqishi (nasl-nasabi) toʻgʻrisida birgalikda ariza bermagan boʻlsalar, sud tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan bolaning ota-onasidan birining, vasiy (homiy)si yoki bola qaramogʻida boʻlgan shaxsning yoxud voyaga yetganidan soʻng bolaning oʻzi bergan arizaga muvofiq daʼvo ishini yuritish tartibida hal etiladi (OK 62-moddasi).
Bolaning onasi vafot etgan, muomalaga layoqatsiz deb topilgan, ona qayerdaligini aniqlashning imkoni boʻlmagan yoki u onalik huquqidan mahrum etilgan hollarda ham, agar vasiylik va homiylik organi bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaxsning arizasiga binoan otalikni belgilashga rozilik bermagan boʻlsa, sud oʻsha shaxsning arizasiga muvofiq otalikni daʼvo ishini yuritish tartibida belgilashi mumkin (OK 61-moddasi ikkinchi qismi).
4. Oila kodeksining 72-moddasiga koʻra, nikohda boʻlmagan voyaga yetmagan ota-onadan bola tugʻilgan holda ular oʻn olti yoshga toʻlganlaridan soʻng otalikni belgilash toʻgʻrisida mustaqil ravishda talab qoʻyishga haqlidirlar. Shu munosabat bilan sud ularning otalikni belgilash toʻgʻrisidagi arizasini qabul qilishni FPK 152-moddasi birinchi qismining 6-bandiga asosan rad qilishga haqli emas.
Otalikni belgilash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha taraf voyaga yetmagan shaxs boʻlsa, sud uning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoyasini taʼminlash maqsadida uning ota-onasi yoki vasiysini qonuniy vakil sifatida ishda ishtirok etishga jalb etishi shart (FPK 38-moddasi ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
5. Otalikni belgilash haqidagi ariza sudning ish yurituviga faqat bola tugʻilganligi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida qayd etilganidan soʻng va otasi haqidagi yozuv OK 207-moddasining uchinchi qismiga muvofiq amalga oshirilgan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma taqdim etilganda qabul qilinishi mumkin. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida bolaning tugʻilganligi qayd etilmagan boʻlsa, sud arizani qabul qilishni rad etadi. Bunday holda sud manfaatdor shaxsga tugʻilishni qayd etish uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga murojaat qilish huquqini tushuntirishi shart.
Bolaning otasi toʻgʻrisida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan amalga oshirilgan yozuv bola unda koʻrsatilgan shaxsdan kelib chiqqanligini tasdiqlovchi dalil hisoblanishi tufayli, tugʻilish toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvida OK 207-moddasining birinchi va ikkinchi qismiga muvofiq bolaning otasi sifatida boshqa aniq shaxs koʻrsatilgan holda ham sud arizani qabul qilishni rad etadi.
6. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonunda mazkur toifa ishlar boʻyicha daʼvo muddatlari nazarda tutilmagan boʻlib, otalik bola tugʻilganidan soʻng har qanday vaqtda belgilanishi mumkin. Bunda shuni eʼtiborga olish kerakki, OK 62-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, 18 yoshga toʻlgan shaxsga nisbatan faqat uning roziligi bilan, agar u muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa — uning vasiysi yoki vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otalik belgilanilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oila qonunchiligiga muvofiq ota-onalar va bolalarning oʻzaro huquq va majburiyatlari bolalarning kelib chiqishiga asoslanadi. Shuning uchun otalikni belgilashga oid ishlarni koʻrishda sud bolaning daʼvogar va javobgardan tugʻilganligini aniqlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda (OK 62-moddasi uchinchi qismi) otalikni belgilash toʻgʻrisidagi nizolarni hal etish chogʻida sud eʼtiborga olishi zarur boʻlgan muayyan shartlar belgilangan. Bu shartlar quyidagilardir:
bolaning onasi va javobgarning bola tugʻilishiga qadar birgalikda yashaganliklari va umumiy roʻzgʻor yuritganliklari;
bolaning onasi va javobgar bolani birgalikda tarbiya qilganliklari yoki taʼminlab turganliklari;
javobgar otalikni tan olganligini ishonchli tasdiqlovchi boshqa dalillar mavjudligi.
Sudlarga tushuntirilsinki, otalikni belgilash toʻgʻrisidagi talablarni qanoatlantirish uchun koʻrsatib oʻtilgan shartlardan bittasi ish boʻyicha aniqlanishi yetarli.
8. Javobgarning bolaning onasi bilan birgalikda yashaganliklari va umumiy roʻzgʻor yuritganliklari oilaviy munosabatlarga xos boʻlgan holatlar (homila paydo boʻlgan vaqtda va bola tugʻilgunga qadar bitta turar joyda yashash, umumiy budjet yuritish, birgalikda ovqatlanish, oʻzaro gʻamxoʻrlik, umumiy foydalanish uchun mol-mulk sotib olish va h.k.lar) mavjudligi bilan tasdiqlanadi.
Taraflar birgalikda yashashganmi va umumiy roʻzgʻor yuritishganmi, degan masalani hal etishda sud alohida olingan har bir holda ishning muayyan holatlaridan va taraflar hayotining obyektiv shart-sharoitlaridan kelib chiqishi lozim.
Bola tugʻilgunga qadar taraflar oʻrtasida bunday munosabatlarning tugatilishi, oʻz-oʻzidan, otalikni belgilash toʻgʻrisidagi daʼvoni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilmaydi, ular homiladorlik boshlangunga qadar tugatilgan hollar bundan mustasno.
9. Bolani birgalikda tarbiya qilish bolaning onasi va javobgar bilan birga yashaganligida yoki javobgarning bola bilan munosabatga kirishib, unga nisbatan otalarcha gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatganligida namoyon boʻladi.
Bolaning birgalikda taʼminlab turilishi deganda, bola onasi va javobgarning qaramogʻida boʻlganligi yoki javobgar tomonidan bola taʼminoti uchun muttasil yordam koʻrsatilib kelinganligi, bunday yordam miqdoridan qatʼi nazar, tushunilishi lozim.
10. Javobgar tomonidan otalik tan olinganligini tasdiqlovchi boshqa dalillar sifatida sud ishonchli deb topgan har qanday faktik maʼlumotlar (xatlar, telegrammalar, fotosuratlar, anketalar, turli instansiyalarga yozilgan arizalar), u bolaning otasi ekanligini tan olganligini tasdiqlovchi boshqa harakatlar, shuningdek guvohlarning koʻrsatuvlari boʻlishi mumkin. Bunday iqrorlik onaning homiladorligi davrida ham (masalan, bolalik boʻlishni xohlash, boʻlajak bolaning onasi haqida gʻamxoʻrlik), bola tugʻilganidan soʻng ham ifoda etilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agar otalikni belgilash haqidagi daʼvoga asos sifatida daʼvogar tomonidan koʻrsatilgan holat oʻz tasdigʻini topmasa, sud oʻz tashabbusi bilan OK 62-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan boshqa holatlar yoki ulardan biri mavjud boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlashi shart va daʼvo asosini daʼvogarning roziligi bilan oʻzgartirib, hal qiluv qarorini aniqlangan boshqa holatlarga havola qilgan holda asoslantirishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Ishni sudda koʻrishga tayyorlash jarayonida sudya daʼvogar va javobgar bilan suhbat oʻtkazish orqali ular oʻrtasidagi haqiqiy munosabatlarni aniqlash choralarini koʻrishi, nizoni taraflarning oʻzaro roziligi bilan hal etish imkoniyatini aniqlashi, zarur hollarda, OK 62-moddasida koʻrsatilgan shartlarni tasdiqlovchi dalillarni talab qilib olishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar suhbat davomida javobgar bolaning otasi ekanligini tan olsa, sud taraflarga otalikni OK 61-moddasining birinchi qismiga muvofiq fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organiga birgalikda ariza berish orqali ixtiyoriy rasmiylashtirish imkoniyatini tushuntirishi va shu maqsadlarda taraflarga muayyan muddat berishi lozim.
Otalik taraflarning birgalikdagi arizasiga asosan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan belgilangan va bolaning tugʻilganligi haqida guvohnoma taqdim etilganda, sud FPK 100-moddasining birinchi qismiga muvofiq ish boʻyicha ish yuritishni tugatadi. Agar otalikni belgilash haqidagi daʼvo bilan bir paytda aliment undirish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan boʻlsa, ishning shu qismi sud tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Javobgar tomonidan otalik sud majlisida tan olinganda, sud FPK 40, 180-moddalariga muvofiq daʼvo tan olinganligini qabul qilish masalasini muhokama qilishi va u qabul qilinganda, ish holatlarini mazmunan tekshirmasdan, otalikni belgilash toʻgʻrisida hal qiluv qarori chiqarishga haqli.
Otalikni belgilash shartlari, tartibi va huquqiy oqibatlari qonun bilan belgilanganligi sababli, sud bunday ish boʻyicha kelishuv bitimini tasdiqlashga haqli emas.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Zarur hollarda bolaning kelib chiqishini (masalan, homila paydo boʻlish vaqtini, urugʻlantirish qobiliyati bor-yoʻqligini va h.k.) aniqlash maqsadida sud, OK 62-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan shartlar mavjud boʻlganda, oʻz tashabbusi yoki taraflarning iltimosnomasi boʻyicha ish yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi tayinlashi mumkin.
Bunday ekspertizalar tayinlashda sudlar Oliy sud Plenumining 2008-yil 12-dekabrdagi “Fuqarolik ishlari boʻyicha ekspertiza tayinlash, oʻtkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida”gi 24-sonli qarorida berilgan tushuntirishlarga asoslanishlari lozim.
15. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, FPK 67-moddasiga muvofiq sud-tibbiy ekspertizasi, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi xulosalari isbotlash vositalaridan biri hisoblanadi va shu sababli ular ish boʻyicha toʻplangan boshqa dalillar majmui boʻyicha baholanishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Sudlar otalikni belgilash toʻgʻrisidagi talabni otalikni tan olish faktini belgilash va otalik faktini belgilash toʻgʻrisidagi alohida ish yuritish tartibida koʻriladigan talablardan farqlashlari lozim.
Agar otalikni tan olish faktini, otalik faktini belgilash toʻgʻrisidagi arizani berish yoki koʻrish vaqtida sudga taalluqli boʻlgan huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqsa, ariza koʻrmasdan qoldiriladi, arizachi va boshqa manfaatdor shaxslarga nizoni daʼvo ishlarini yuritish tartibida hal qilish huquqi tushuntiriladi (FPK 282-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
17. Oʻzini bolaning otasi deb tan olgan, biroq bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaxs vafot etgan taqdirda, sud uning otalikni tan olganligi faktini belgilashga haqli (1968-yil 1-oktabrga qadar tugʻilgan bolalarga nisbatan bunday fakt faqat bola marhum vafot etgan paytda yoki oldinroq uning qaramogʻida boʻlgan holdagina yoʻl qoʻyiladi).
Otalikni tan olish fakti sud tomonidan vafot etgan shaxs bolaga nisbatan oʻzining otaligini tan olganligini ishonchli tasdiqlovchi har tomonlama tekshirilgan maʼlumotlarga asosan belgilanishi mumkin.
Bunday fakt ishning muayyan holatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, oʻzini boʻlajak bolaning otasi deb onaning homiladorligi davrida tan olgan shaxs vafotidan keyin tugʻilgan bolaga nisbatan ham belgilanishi mumkin.
18. Bolaning onasi bilan nikohda boʻlmagan shaxs vafot etgan holda, sud otalik faktini, yaʼni bolaning oʻsha shaxsdan kelib chiqqanligi faktini belgilashga haqli.
1968-yil 1-oktabrdan keyin tugʻilgan bolalarga nisbatan otalik fakti OK 62-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan shartlardan hech boʻlmaganda bittasini ishonchli tasdiqlovchi dalillar mavjud boʻlgandagina belgilanishi mumkin.
19. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar oshkor boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida taraflarning iltimosnomasiga koʻra otalikni belgilash haqidagi ish yopiq sud majlisida koʻrilishi mumkin (FPK 10-moddasi ikkinchi qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
20. Otalikni, otalikni tan olish faktini, otalik faktini belgilashga oid hal qiluv qarorlari sud tomonidan har tomonlama tekshirilgan va arz qilingan talablarni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi maʼlumotlarga asoslangan boʻlishi lozim. Hal qiluv qarorining xulosa qismida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida otalikni belgilashni qayd qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar (otaning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning tugʻilgan kuni, oyi, yili va tugʻilgan joyi, millati, doimiy yashash va ish joyi) koʻrsatilishi lozim.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha Oliy sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari otalikni belgilashga doir ishlar boʻyicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishlari va ushbu toifa ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllashda sud xatolarining oldini olish yuzasidan zarur choralar koʻrishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Otalikni belgilash haqidagi ishlarni koʻrishda sudlar tomondan qonunlarning tatbiq etilishi toʻgʻrisida”gi 6-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi V. NAZAROV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-noyabr,
8-son